Sog‘lom hayot | 20:54 / 16.09.2025
2281
6 daqiqa o‘qiladi

Telefon, pul, gubka va tish cho‘tkasi: yashirin bakteriyalar qayerda ko‘proq to‘planadi?

Foto: Getty images

Bakteriyalar ko‘zga ko‘rinmaydi, lekin ular hayotimizning har bir daqiqasida biz bilan birga. Mazkur mikroorganizmlarni butunlay yo‘q qilish imkonsiz, ammo tozalik qoidalariga rioya etish orqali xavfini kamaytirish mumkin. Odatda, gigiyena borasida ko‘pincha faqat hojatxona yoki iflos ko‘rinadigan joylarga e’tibor qaratamiz. Aslida esa eng ko‘p bakteriyalar har kuni ishlatadigan va toza deb o‘ylaydigan buyumlarimizda to‘planadi. Ushbu maqolada bakteriyalar eng ko‘p yig‘iladigan buyumlar va ulardan samarali himoyalanish yo‘llari haqida tanishtiramiz.

Ko‘pchilik bakteriyalarni faqat iflos joylarda bo‘ladi deb o‘ylaydi. Biroq kundalik hayotimizda eng ko‘p ishlatadigan buyumlarimiz — telefon, pul, oshxona gubkalari yoki tish cho‘tkalari mikroblar yig‘iladigan asosiy joylar hisoblanadi. Olimlar fikricha, bakteriyalarning ushbu yashirin manbalari ko‘plab kasalliklar, xususan, oshqozon-ichak infeksiyalari, teri kasalliklari va hatto shamollashlarga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Telefonlar

Bugungi kunda telefon eng ko‘p ishlatiladigan buyumga aylangan. Uni qo‘lda ushlaymiz, stolga qo‘yamiz, ko‘chada ham ishlatamiz. Ko‘pincha qo‘llarimizni yuvmasdan turib unga teginamiz. Ilmiy tadqiqotlardan birida telefon yuzasida bir santimetr kvadratida 25 mingdan ortiq bakteriya topilgani qayd etilgan. Demak, telefon bakteriya to‘planishi bo‘yicha eng xavfli buyumlardan biridir. Mutaxassislar uni kamida haftada bir marta antiseptik salfetkalar bilan artishni tavsiya qiladi.

Oshxona

Oshxona ko‘pchilik uchun uydagi eng toza hudud sanaladi. Paradoks shundaki, eng katta bakteriya manbai ham aynan shu joyda yashiringan bo‘ladi. Oshxona gubkalari va idish yuvish matolari mikroblar eng ko‘p yig‘iladigan buyumlar qatoriga kiradi. Nam muhit, oziq-ovqat qoldiqlari va iliq harorat bakteriyalar tezda ko‘payish uchun qulay sharoit yaratadi. Tadqiqotlarda birgina oshxona gubkasida hojatxona o‘rindig‘iga qaraganda bir necha baravar ko‘proq bakteriya aniqlangani bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Oshxonaning boshqa buyumlari, masalan, taxtachalarda xom go‘sht yoki sabzavot kesilganda salmonella va E.coli kabi bakteriyalar qolishi ehtimoli mavjud. Agar ular alohida ishlatilmasa yoki yetarlicha dezinfeksiya qilinmasa, zararli mikroorganizmlar keyingi taomga ham o‘tib, infeksiya manbaiga aylanadi. Pichoqlar ham xuddi shunday xavf tug‘diradi. Muzlatkichning tutqichlari esa ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi. Odamlar qo‘llarini yuvmasdan ham muzlatkichni ochib-yopadi va mikroblar bemalol qo‘ldan qo‘lga yuqaveradi. Rakvina, ya’ni idish yuvish joyida esa oziq-ovqat qoldiqlari va yog‘lar to‘planib, bakteriyalar uchun ideal muhitni yaratadi. Shu sabab, oshxonada gigiyenaga jiddiyroq qarash zarur. Mutaxassislar gubkani haftasiga kamida bir marta almashtirishni, uni qaynoq suvda yoki mikroto‘lqinli pechda dezinfeksiya qilishni tavsiya etadi.

 

Telefonlar

Bugungi kunda telefon eng ko‘p ishlatiladigan buyumga aylangan. Uni qo‘lda ushlaymiz, stolga qo‘yamiz, ko‘chada ham foydalanamiz. Ko‘pincha qo‘llarimizni yuvmasdan turib unga teginamiz. Ilmiy tadqiqotlardan birida telefon yuzasida bir santimetr kvadratida 25 mingdan ortiq bakteriya topilgan. Demak, smartfon bakteriya to‘planishi bo‘yicha eng xavfli buyumlardan biridir. Mutaxassislar uni kamida haftada bir marta antiseptik salfetkalar bilan artishni tavsiya qiladi.

Tish cho‘tkasi

Tish cho‘tkasi odatda nam bo‘lib qoladi. Bu esa bakteriyalar tez ko‘payadigan muhitdir. Mutaxassislar cho‘tkani har uch oyda almashtirish, uni yopiq idishda saqlamaslik va havoda quritishni maslahat beradi.

Jamoat joylari: eshik tutqichlari va lift tugmalari

Har kuni yuzlab odamlar qo‘li tegadigan eshik tutqichlari, lift tugmalari yoki avtobus qo‘l tutqichlari eng ko‘p bakteriya to‘planadigan joylardan biridir. Dezinfeksiya qilish imkoni bo‘lmagan hollarda qo‘lni yuzga tekkizmaslik va imkon qadar tezroq yuvish kerak.

Noutbuk va kompyuter klaviaturasi

Ko‘pchilik ish joyida kompyuter qarshisida ovqatlanadi. Natijada oziq-ovqat qoldiqlari va yog‘ klaviatura tugmachalari orasiga tushib qoladi. Bu holat klaviaturada nafaqat chang, balki bakteriyalar to‘planishiga ham sabab bo‘ladi. Klaviaturani muntazam artib turish va ish joyida ovqatlanmaslik tavsiya etiladi.

Hojatxona yuzalari

Hojatxona bakteriyalarning eng ko‘p tarqaladigan joyi ekani hammaga ma’lum. Ammo odamlar odatda uni tozalashga kuchliroq e’tibor beradi. Asl xavf — unitaz qopqog‘ini yopmasdan suvni oqizishdir. Bu paytda bakteriyalar havoga tarqaladi va yaqin atrofdagi buyumlarga, jumladan tish cho‘tkasiga ham o‘tadi.

Gigiyena qoidalariga rioya qilish orqali bakteriyalarning sog‘liqqa ta’sirini sezilarli kamaytirish mumkin. Buning uchun:

  • qo‘llarni muntazam yuvish;
  • telefon, klaviatura va pultlarni dezinfeksiya qilish;
  • oshxona gubkalarini tez-tez almashtirish;
  • tish cho‘tkasini har uch oyda yangilash;
  • jamoat joylarida qo‘lni yuzga tekkizmaslik;
  • hojatxonadan foydalanganda qopqog‘ini yopib, suvni oqizish zarur.
Диёрахон Набижонова
Tayyorlagan Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid