Gubkadagi namlik, issiqlik va oziq-ovqat qoldiqlari mikroblar ko‘payishi uchun ideal muhit yaratadi. Siz esa har kuni “zararkunandalar uyasi”ga aylangan ana shunday tozalash vositasi bilan idish-tovoqlarni yuvayotgan bo‘lishingiz mumkin. Mazkur buyum har bir kvadrat santimetrida o‘rtacha 362 xil bakteriya turini to‘playdi. Ayrim holatlarda esa bitta gubkada 45 milliardgacha mikroorganizmlar mavjudligi aniqlangan. Ushbu maqolada oshxona gubkasida uchraydigan bakteriya turlari, ularning sog‘liqqa salbiy ta’siri hamda idish yuvish vositasidan xavfsizroq foydalanish yo‘llari haqida so‘z yuritiladi.
Mikroblar armiyasiga mezbonlik qilayotgan tozalash vositasi
Tashqi ko‘rinishdan zararsizdek tuyulgan oshxona gubkasi (machalkasi) aslida uydagi bakteriya eng ko‘p to‘planadigan buyumlardan biri sanaladi. Unda yig‘iladigan zararli moddalar miqdori unitaz o‘rindig‘idagidan bir necha ming barobarga ko‘p. Ayniqsa, u ho‘l holatda uzoq vaqt bir joyda qoldirilganida turli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlar uchun ideal “inkubator”ga aylanadi: iliqlik, doimiy namlik va oziq-ovqat qoldiqlarining mavjudligi mikroblar uchun qulay yashash muhitini yaratadi.
Ilmiy manbalarga ko‘ra, gubkada inson salomatligi uchun xavf tug‘diradigan quyidagi bakteriyalar yig‘iladi:
- Salmonella – oshqozon-ichak tizimi faoliyatiga ta’sir qiluvchi eng keng tarqalgan patogenlardan biri bo‘lib, u gubkada 7 kungacha yashay oladi. Salmonella bilan zararlanish ovqatdan zaharlanish holatlarining asosiy sabablaridan biridir. Infeksiya kuchli ich ketishi, harorat ko‘tarilishi, umumiy holsizlikni yuzaga keltiradi.
- Stafilokokk (staphylococcus aureus) – bu bakteriya teri va yumshoq to‘qimalarda turli infeksiyalarni paydo qiladi. U yaralar, hatto o‘pka va qon infeksiyalarini ham hosil qilishi mumkin.
- Ichak tayoqchasi (escherichia coli, E. coli) – mazkur mikroorganizmlarning ayrim turlari odam organizmida tabiiy holatda mavjud bo‘lsa-da, uning zararli shtammlari ichak yallig‘lanishini yuzaga keltiradi. Holat ich ketishi, qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi.
- Listeriya (listeria monocytogenes) – ushbu bakteriya homilador ayol, yangi tug‘ilgan chaqaloq, qariya va immuniteti past odamlar uchun xavfli hisoblanadi. U past haroratda ham yashay oladi, shuning uchun sovitilgan mahsulotlar orqali ham tarqalish qobiliyatiga ega.
- Kampilobakter (campylobacter) – ko‘pincha xom go‘shtda uchraydi. U organizmga tushgach, 2-5 kun ichida o‘zini namoyon qilib, diareya, isitma, qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va qusish kabi simptomlarga sabab bo‘ladi.















