Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil genotsidini tan olgan BMT komissiyasi, Polsha osmonidagi Typhoon’lar va Britaniyaga kelgan Tramp – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
BMT komissiyasi genotsidni tan oldi, Isroil yana hujum boshladi
Isroil mudofaa kuchlari Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu HAMAS harakatining so‘nggi tayanchi deb atagan G‘azo shahrini egallash uchun quruqlikdan hujum boshladi. OAVga ko‘ra, dushanba kuni kechqurun Isroil harbiy-havo kuchlari G‘azo shahriga qarshi yirik havo hujumlarini amalga oshirgan. Ko‘p o‘tmay, shaharga Isroil tanklari kirib kelgan.
Shundan so‘ng, Isroil mudofaa vaziri Israil Kats G‘azo sektoriga «temir musht» bilan zarba berilayotganini aytib, operatsiya boshlanganini ta’kidladi. «G‘azo yonmoqda», deb yozgan Kats.
TSAHALga ko‘ra, sektordagi o‘nlab ko‘p qavatli binolarga zarba bergan. 300 mingga yaqin odam shaharni tark etdi.
Operatsiya boshlangan kunning o‘zida — 16 sentabr kuni va nihoyat BMT maxsus tergov komissiyasi Isroil G‘azoda genotsid sodir etgani va bosh vazir Binyamin Netanyahu, isroillik amaldorlar bu harakatlarga turtki bergani haqida xulosaga keldi.
«G‘azoda genotsid sodir bo‘lmoqda. Ushbu vahshiyona jinoyatlar uchun javobgarlik deyarli ikki yil davomida G‘azodagi falastinliklarni yo‘q qilish uchun aniq maqsad bilan genotsid kampaniyasini uyushtirgan Isroil rasmiylarining yuqori doiralari zimmasida», dedi Falastin bo‘yicha tergov komissiyasi rahbari Navi Pilley.
Hisobotda Isroil armiyasining qotilliklari ko‘lami, insonparvarlik yordamini bloklab qo‘yish, bepushtlikni davolash klinikasini majburan ko‘chirish va yo‘q qilish misollari keltirilgan. Bu esa boshqa inson huquqlari tashkilotlari xulosalariga mos keladi.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi ushbu hisobotni rad etib, uni «buzilgan va yolg‘on» deb atadi. Hattoki, Isroil TIV komissiyaning uch nafar ekspertini «Hamas vakillari» deb atashgacha bordi.
Komissiyaning 72 sahifali yuridik tahlili BMTning bugungi kundagi eng ishonchli xulosasi bo‘ldi, ammo bu organ mustaqil bo‘lib, rasman Birlashgan Millatlar Tashkiloti nomidan ishlamaydi. BMT hozircha «genotsid» atamasini qo‘llamagan, ammo unga buni amalga oshirish uchun tobora ko‘proq bosim o‘tkazilmoqda.
Polsha osmonida Typhoon qiruvchilari
Buyuk Britaniya qirollik havo kuchlarining Typhoon qiruvchi samolyotlari NATOning «Sharqiy qo‘riqchi» operatsiyasi doirasida Polsha havo hududini himoya qilish missiyasida ishtirok etadi. Ularning vazifasi Rossiya havo tahdidlariga, xususan dronlarga qarshi turishdir. Bu haqda Buyuk Britaniya hukumatining 15 sentabr, dushanba kuni chop etilgan press-relizida aytilgan.
Britaniya harbiy-havo kuchlari NATOning sharqiy qanotini mustahkamlashda boshqa davlatlar, jumladan, Germaniya, Daniya va Fransiya kuchlarini birlashtiradi, deyiladi bayonotda. Bu Rossiya dronlari NATO havo hududini buzishi»dan bir necha kun o‘tib e’lon qilindi.
Britaniya qiruvchi samolyotlari Linkolnshirdagi bazaga joylashtiriladi va yaqin kunlarda Polsha ustidan ucha boshlaydi.
Bundan tashqari Germaniya ham II jahon urushi bo‘yicha Polshaga to‘lanadigan tovon pullari o‘rniga – qurol tizimlari yoki Bundesver bo‘linmalaridan iborat xavfsizlik kafolatlarini taklif qilishini bildirdi.
Kirkning qotiliga o‘lim jazosi berishmoqchi
AQShning Yuta shtati prokurorlari 22 yoshli Tayler Jyeyms Robinsonga siyosiy sharhlovchi Charli Kirkni o‘ldirishda qo‘yilgan ayblov bo‘yicha o‘lim jazosini talab qilishmoqchi.
Robinson og‘irlashtirilgan qotillikda va o‘qotar qurolni qo‘llash orqali og‘ir tan jarohati yetkazishda ayblanmoqda. Prokurorlarning aytishicha, u Kirkni uning siyosiy qarashlari tufayli nishonga olgan.
Qo‘shimcha ayblovlar qatorida jinoyat qurolini yashirish, «guvohga bosim o‘tkazish» va voyaga yetmagan bolaning ko‘z o‘ngida zo‘ravonlik sodir etish kabi ayblovlar ham bor.
«Charlz Kirkning o‘ldirilishi amerikaliklar uchun fojiadir. Kirk eng muqaddas va qadrlanadigan huquqlarimizdan biri — demokratiyamizning poydevori bo‘lgan fikr almashinuvi chog‘ida o‘ldirildi», dedi Yuta okrugi prokurori Jyeff Grey.
31 yoshli Kirk 10 sentabr kuni Yuta vodiysi universitetida talabalarga nutq so‘zlayotganida otib o‘ldirilgan edi.
Grey aytishicha, tergovchilar jinoyat joyi yaqinida topilgan miltiqning tepkisida Robinsonning DNKsiga mos keluvchi izlarni aniqlashgan. Shuningdek, DNK izlari miltiqning boshqa qismlarida, u o‘ralgan sochiqda, o‘q-dorining gilzasi va uchta ishlatilmagan patronda ham topilgan.
Trampdan Ukrainaga ilk harbiy yordam
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati NATO ittifoqchilari bilan birgalikda ishlab chiqilgan yangi moliyalashtirish mexanizmi doirasida Ukrainaga birinchi harbiy yordam ta’minotini ma’qulladi. Reuters manbalariga ko‘ra, yaqin vaqt ichida 500 mln dollarlik yordam yuborilishi mumkin.
Ta’minot to‘g‘risidagi qaror Mudofaa vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Elbrij Kolbi tomonidan tasdiqlangan. Ushbu mexanizm AQShning NATO bo‘yicha ittifoqchilari mablag‘lari hisobidan Ukraina uchun Amerika qurollarini sotib olishni moliyalashtirishni nazarda tutadi.
Ushbu dasturga ko‘ra, hamkor davlatlar mablag‘larni maxsus hisobraqamiga o‘tkazadi, shundan so‘ng to‘g‘ridan to‘g‘ri AQShdan qurol sotib olinadi. Bu Tramp Oq uyga qaytganidan keyin uning ma’muriyati tomonidan ma’qullangan Ukrainaga birinchi harbiy ta’minotdir.
AQSh moliya vaziri Skott Bessent so‘zlariga ko‘ra, Vashington Yevropaga Kiyev uchun mo‘ljallangan qurollarni 10 foiz ustama bilan sotmoqda, bu esa Ukraina uchun kelajakdagi xavfsizlik kafolatlari doirasida havo hujumidan himoya qilish xarajatlarini qoplash imkonini beradi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq dastur doirasida Yevropa davlatlarining har oylik 1 milliard dollarlik badallaridan umid qilayotganini aytgan edi.
Xitoy va Filippin kemalari to‘qnashuvi
Xitoy Sohil qo‘riqlash xizmati seshanba kuni Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli hudud yaqinida Filippin kemalariga suv purkagichdan o‘q uzdi. Rasmiy Manila esa Pekinni bir kishini jarohatlagan «tajovuzkor» harakatlarda aybladi.
To‘qnashuv Xitoy dengizdagi rifni milliy qo‘riqxona sifatida o‘zgartirganidan bir hafta o‘tib yuz berdi.
Xitoy Sohil qo‘riqlash xizmati vakili Gan Yu ma’lumotiga ko‘ra, seshanba kungi voqeada 10 dan ortiq filippinlik kema qatnashgan va ular «turli yo‘nalishlardan Skaboro rifining Xitoy hududiy suvlariga noqonuniy bostirib kirgan».
U xususan Filippin hukumati kemasini ayblab, bayonotida «Xitoy tomonidan berilgan jiddiy ogohlantirishlarni mensimadi va ataylab xitoylik sohil qo‘riqlash kemasiga urildi», dedi. Shu sababli qo‘riqlash xizmati Filippin kemalariga nisbatan qonuniy nazorat choralarini qo‘llagan.
Filippin Sohil qo‘riqlash xizmati esa ular rifda joylashgan 35 dan ortiq filippinlik baliqchilarni ta’minlash missiyasida bo‘lganida, Xitoyning to‘qqizta kemasi «tajovuzkor harakatlar» qilganini aytmoqda.
Bu hududdagi mojaro Janubiy Xitoy dengizidagi suverenitet va baliq ovlash huquqi ustidan kurashning bir qismidir. Bu dengiz orqali yiliga 3 trillion dollardan ortiq yuk tashiladi.
Tramp Buyuk Britaniyaga keldi
16 sentabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Buyuk Britaniyaga keldi. Bu ikki davlat o‘rtasida investitsiya bitimlari imzolanadigan va «mislsiz» deb atalgan ikkinchi davlat tashrifi bo‘ladi.
AQSh moliya vaziri Skott Bessent va Britaniya moliya vaziri Reychel Rivz Tramp kelishidan oldin tadbirlarni boshlab, ikki davlat o‘rtasida hamkorlikni chuqurlashtirish uchun «Transatlantik ishchi guruh»ni tuzganini e’lon qildi.
Tramp qirol Charlz va bosh vazir Kir Starmer tomonidan alohida qabul qilinadi.
Starmer Buyuk Britaniyani AQSh investitsiyasi uchun markaz sifatida targ‘ib etib, moliya, texnologiya va energetika sohalarini yirik amerikalik hamkorlarga yaqinlashtirish orqali mamlakat ichidagi iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirmoqchi. O‘zaro kelishuvlarda milliardlab dollarlik shartnomalar e’lon qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, ikki yetakchi investitsiyalar, po‘lat va alyuminiy bo‘yicha tariflar, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinini tugatish va G‘azodagi vaziyatni muhokama qilishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
15:07
Makronning Xitoydan iltimosi, Putinning Modiga taklifi va Trampning shousiga aylangan FIFA tadbiri – kun dayjesti
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025