Jahon | 23:08 / 18.09.2025
5455
3 daqiqa o‘qiladi

KXDR Rossiyadan atom suvosti kemalari texnologiyasini oldi – OAV

2024 yilda Rossiya va Shimoliy Koreya strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzoladi, unga ko‘ra har ikki tomon o‘zaro harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini oldi.

Foto: KCNA

Shimoliy Koreya o‘zining suvosti flotini rivojlantirish uchun Rossiyadan yadroviy reaktor oldi. Bu haqda Janubiy Koreya razvedkasiga tayanib Newsweek yozdi.

Nashr Rossiya mudofaa va tashqi ishlar vazirliklariga izoh so‘rab elektron xat yuborganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Shimoliy Koreyaning Pekindagi elchixonasi bu haqdagi so‘rovga javob qaytarmagan.

Ta’kidlash joiz, 2024 yilda Rossiya va Shimoliy Koreya strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzoladi, unga ko‘ra har ikki tomon o‘zaro harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini oldi.

Nashrning yozishicha, Pxenyan Moskvadan harbiy texnika evaziga Kremlning Ukrainadagi urushini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shin va o‘q-dorilar bergan.

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Shimoliy Koreya yadroviy va raketa dasturlarini rivojlantirishdan tashqari, boshqariladigan raketalarga ega atom suvosti kemasi va 5 ming tonna suv sig‘imiga ega ikkita esminets qurish orqali dengiz flotini kuchaytirmoqda. Bu harbiy-dengiz kuchlari ustun bo‘lgan AQSh va Janubiy Koreyaga qarshi turish uchun qilinmoqda.

Qayd etilishicha, dizel-elektr suvosti kemalaridan farqli o‘laroq, atom suvosti kemalari deyarli cheksiz chidamlilik, tezlik va suzish masofasiga ega. Ulardan foydalanishda yagona cheklov oziq-ovqat zaxiralari hisoblanadi.

Maqolada ta’kidlanishicha, AQSh va Rossiya ushbu turdagi suvosti kemalaridan foydalanadigan kam sonli davlatlar qatoriga kiradi.

The Korea JoongAng Daily gazetasi 17 sentabr kuni Janubiy Koreya hukumatining bir necha vakillari so‘zlariga tayanib, yilning birinchi yarmida Rossiya Shimoliy Koreyaga «atom suvosti kemalari uchun ikki-uchta modul», jumladan, reaktor yetkazib berganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, boshqa modullar turbina va sovitish tizimini o‘z ichiga olgan bo‘lib, ular ham suvosti kemasining yadroviy reaktori asosiy tarkibiy qismlari hisoblanadi. Ta’kidlanishicha, bu modullar ishlab chiqarilmagan, balki Rossiyaning foydalanishdan chiqarilgan atom suvosti kemalaridan olingan.

Xabarga ko‘ra, Rossiya dastlab Shimoliy Koreyaga atom suvosti kemalari texnologiyasi va zamonaviy qiruvchi samolyotlarni berishni istamagan, ammo oxir-oqibat bunga rozi bo‘lgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid