Jahon | 21:03 / 18.09.2025
8872
10 daqiqa o‘qiladi

Rossiya armiyasi Yampilni shturm qilmoqda: bu posyolka Donbass shimoli mudofaasi uchun qanchalik muhim?

Yoz oxirlarida – kuz boshida Rossiya qurolli kuchlari frontning Liman va Seversk shaharlari oralig‘idagi uchastkasida ilgarilashga muvaffaq bo‘ldi, xususan, ukrain himoyachilari Serebryanskiy o‘rmonining bir qismidan siqib chiqarildi. Endi esa mudofaaning yana bir muhim tuguni – Shimoliy Don daryosi bo‘yidagi Yampil qishlog‘i ham xavf ostida qolmoqda.

Foto: Getty Images

Pokrovsk va Konstantinovka atrofida Ukraina qurolli kuchlarining jiddiy qarshiligiga uchragan Rossiya armiyasi, tabiiyki, kuzgi kampaniyaning asosiy maqsadi – Donetsk oblastining qolgan qismini ham egallashni yakunlash uchun frontning boshqa uchastkalarida ukrainlar mudofaasida zaif nuqtalarni qidirmoqda.

Sentyabr oyi boshida Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlarining Seversk atrofidagi platsdarmaiga hujumlarni kuchaytirdi, shuningdek, Liman tomon ilgariladi. Bu ikki shaharni bog‘lovchi trassa bo‘yida esa Yampil qishlog‘i joylashgan. Rossiya allaqachon u tomon yurish boshlagan.

Yampil uchun janglar

13 sentabr kuni tushdan keyin frontning ushbu qismini ushlab turgan Ukraina qurolli kuchlarining 11-armiya korpusi rossiyaliklar Yampil aholi punktiga kirishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi.

Buning uchun ular Jyeneva konvensiyalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri buzuvchi taktikadan foydalangan.

Rossiyalik harbiylar fuqarolik kiyimini kiyib, mahalliy aholi niqobi ostida posyolkaga o‘rnashib olishga harakat qilgan.

Ular xususiy uylar, yerto‘lalar va boshqa inshootlarda yashiringan.

«Dnipro» qo‘shinlari operativ-strategik guruhi vakili, podpolkovnik Aleksey Belskiy BBC Ukraina xizmatiga rossiyaliklarga mahalliy aholi ham yordam berganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat Ukraina qurolli kuchlari uchun Yampilda qarshi choralar ko‘rishni murakkablashtirgan.

«Okkupantlarni yashirgan va boqqan mahalliy aholi „rus dunyosi“ kelishini kutayotgan „jdunlar“dir. Ushbu „jdunlar“ning bir qismi mudofaa kuchlari tomonidan qo‘poruvchilikka qarshi tadbirlar boshlanganda jonli qalqon rolini o‘ynadi», – dedi «Dnipro» qo‘shinlari operativ-strategik guruhi vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina razvedkachi dronlari rossiyaliklar va Yampilda yashovchilarning ayrimlari o‘rtasidagi «do‘stona va samimiy» muloqot tasvirlarini qayd etgan.

Biroq, Ukraina qo‘mondonligi oxir-oqibat qishloqqa kirgan Rossiya harbiylarining bir qismi yo‘q qilingani va bir qismi asirga olinganini iddao qilmoqda.

«Bosqinchilar aholi punktida mustahkam o‘rnashib ololmadi», – deb ta’kidlaydi podpolkovnik Belskiy.

Biroq, Ukraina qurolli kuchlarida Yampil bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha mutlaqo qarama-qarshi fikrlar ham bor.

Masalan, «Govoryat snayper» telegram-kanalini yurituvchi, 24-alohida «Aydar» shturmchi batalyoni bo‘linma komandiri Stanislav Bunyatov («Osman» chaqiruv belgisiga ega) hududdagi vaziyat yomonlashgani haqida yozmoqda.

«Yampilda vaziyat yomonlashdi, dushman aholi punktiga bostirib kirishga muvaffaq bo‘ldi, janglar davom etmoqda, dushman o‘z bo‘linmalarini zaxiralar bilan kuchaytirmoqda. Butun yo‘nalish bo‘ylab vaziyat murakkabligicha qomoqda», – degan u 16 sentabr kuni.

Ukrain harbiylari Yampil qishlog‘ini 2022 yil kuzidagi qarshi hujum chog‘ida ozod qilgandi. Foto: Getty Images

Shunga o‘xshash ma’lumotni Ukraina qurolli kuchlarining 25-alohida havo-desant brigadasining «Muchnoy» chaqiruv belgisiga ega askari ham tarqatdi. U o‘zining telegram-kanalida 15 sentabr kuni rossiyaliklar Ukraina mudofaasini yorib o‘tib, qishloqda mustahkam o‘rnashib olishga urinayotgani haqida yozgandi.

Ukrainaning DeepState OSINT-loyihasining onlayn xaritasiga ko‘ra, 17 sentabr holatiga ko‘ra, Yampilning shimoli-sharqiy qismi «kulrang zona»da, ya’ni ushbu aholi punkti uchun faol janglar ketmoqda.

Yampil nimasi bilan muhim?

Yampilning o‘zi kichik (taxminan 4 km kv) va deyarli kimsasiz qishloq bo‘lishiga qaramay (urush boshlanishidan oldin taxminan 400 kishi yashagan), u Donetsk oblasti shimolidagi voqealarning keyingi rivoji uchun muhim ahamiyatga ega.

Podpolkovnik Aleksey Belskiyning tushuntirishicha, qishloqning olinishi rossiyaliklar uchun ham Liman, ham Slovyansk tomon harakatlanishga yo‘l ochadi.

«Okkupantlar Yampildan shimoli-g‘arbga, uzoq vaqtdan beri egallashning imkoni bo‘lmayotgan Liman tomon harakat qilishi mumkin. Ammo rus bosqinchilarining kuz-qish kampaniyasidagi asosiy maqsadlaridan biri – Slovyansk-Kramatorsk aglomeratsiyasini qo‘lga kiritishdir. Yampildan Slovyansk atroflarigacha (janubi-g‘arbda) 20 kilometrdan sal ko‘proq», – dedi u.

Bundan tashqari, Yampil hamda qo‘shni Ozerne va Zakotne qishloqlari oralab Seversk – Liman trassasi, shuningdek, Slovyansk va Kramatorskka olib boruvchi yo‘llar o‘tadi. Sharhlovchilar ta’kidlashicha, ular Seversk atrofidagi platsdarmni ushlab turgan Ukraina bo‘linmalarini logistika bilan ta’minlash uchun muhimdir. So‘nggi haftalarda Rossiya bu yo‘nalishda bosimni sezilarli darajada kuchaytirdi.

Shu bilan birga, «Dnipro» qo‘shinlari operativ-strategik guruhi vakili aynan Yampil ushbu trassani ushlab turish uchun asosiy punkt ekani haqidagi fikrlarni rad etmoqda.

«Yampil Seversk hududidagi ukrain kuchlari logistikasi uchun muhim emas. Bo‘linmalarga o‘q-dorilar, oziq-ovqat, texnika va to‘ldirish uchun ko‘plab logistika yo‘llaridan foydalaniladi», – deydi Belskiy.

Ammo hozirda Seversk uchun tahdid reallashdi, deyishmoqda Ukraina qurolli kuchlarida.

«Ushbu posyolkaning qulashi Seversk uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri janglarning boshlanishi bo‘lishi mumkin va aynan hozir bu tugunni saqlab qolish uchun keskin qarama-qarshilik ketmoqda», – deb hisoblaydi «Muchnoy» chaqiruv nishonli jangchi.

Seversk va Liman uchun tahdid

Uzoq vaqt davomida Ukraina qurolli kuchlarining Siverskiy platsdarmi frontning nisbatan «tinch» uchastkalaridan biri bo‘lib kelayotgandi. Uni shimoldan Shimoliy Don daryosi va Serebryansk o‘rmon xo‘jaligi to‘sib turgan, janub va sharqdan esa tajribali ukrain bo‘linmalari mudofaani ushlab turgan hamda hujumga bo‘lgan barcha urinishlar samarali qaytarilgan.

Biroq, doimiy bosim va Ukrainaning ayrim bo‘linmalarini frontning boshqa uchastkalariga ko‘chirish natijasida 2025 yil mayiga kelib ruslar muhim mudofaa markazi – Belohorivka qishlog‘ini egallashga muvaffaq bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay ular shimolroqda, Serebryanskiy o‘rmon xo‘jaligi hududida hujumga o‘tdi.

Sentyabr oyi boshiga kelib, ular Serebryanka va Dronovka qishloqlari shimolidagi ushbu o‘rmon massivining katta qismini nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘lishdi. DeepState loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyaliklar bu yerda kichik shturmchi guruhlarning odatiy taktikasini qo‘llash bilan cheklanmasdan, hujum qilish uchun zirhli texnikalardan ham foydalanmoqda.

Loyihaning onlayn xaritasida keng «kulrang zona» belgilangan bo‘lib, u deyarli Seversk chekkasigacha yetib boradi.

Bundan tashqari, avgust oyi oxirida Rossiya Federatsiyasi bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov bahor-yoz kampaniyasi yakunlari haqida hisobot berarkan, to‘g‘ridan to‘g‘ri Seversk shahri chekkalarida janglar boshlanganini e’lon qilgandi.

Ukraina qo‘mondonligi bu ma’lumotni rad etmoqda.

Seversk doimiy o‘qqa tutilishi tufayli deyarli butunlay vayron bo‘lgan, ammo Donetsk oblasti shimolidagi muhim mudofaa markazi bo‘lib qolmoqda. Foto: Reuters

«Seversk chekkasida (yoki aholi punktining o‘zida) harbiy harakatlar boshlangani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Dushman bir necha bor shimoldan shaharga yaqinlashishga urinib ko‘rdi, ammo mudofaa kuchlari dushmanga bunday imkoniyat bermayapti va pozitsiyalarni jasorat bilan ushlab turibdi», – deya qayd etadi podpolkovnik Belskiy.

Xuddi shunday holat qo‘shni Liman yaqinida ham kuzatilmoqda. Ushbu temiryo‘l va transport tuguniga Rossiya armiyasi hali yetib bormagan, ammo logistikani uzib qo‘yishga harakat qilmoqda.

Xususan, 17 sentabr holatiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari frontning ushbu qismida Ukraina bo‘linmalarining logistikasini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydigan Shandrigolovo, Kolodezi va Zarechne qishloqlariga hujum qilmoqda.

Ukraina bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda eng ko‘p to‘qnashuvlar aynan Liman va Seversk yo‘nalishlarida qayd etilmoqda (Pokrovsk yo‘nalishidan keyin – u uzoq vaqtdan beri bu ko‘rsatkich bo‘yicha qayg‘uli «yetakchi» bo‘lib qolmoqda).

Liman va Seversk yaqinidagi Ukraina platsdarmlari qulashi Kremlga Rossiyaning «katta kuzgi hujumi»ning asosiy nishonlari – Slovyansk va Kramatorskka yo‘l ochadi.

Mavzuga oid