O‘zbekiston | 23:03 / 19.09.2025
15333
4 daqiqa o‘qiladi

Konteyner uyga ko‘chib o‘tgan hokim va dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi 5 yilligi – mahalliy dayjest

2026−2030 yillar «Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri» deb e’lon qilindi. Jahon chempioni bo‘lgan sportchilarga avtomobil va pul mukofotlari topshirildi. Namangan viloyati, Norin tumani hokimi konteyner uyga ko‘chib o‘tdi. Qashqadaryoda 2,5 yoshli bolaning mashinada dimiqib o‘lishiga sababchi bo‘lgan bog‘cha rahbari qamaldi. Termizda maktab o‘qituvchilari konsertga bilet olishga majburlanayotgani aytildi. Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

2026−2030 yillar «Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri» deb e’lon qilindi

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Qayd qilinishicha, ushbu davrda aholi ehtiyojiga yetarli darajada va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish hamda isrofning oldini olish choralari ko‘riladi, aholi orasida to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha tushuntirish tadbirlari o‘tkaziladi, oziq-ovqat mahsulotlaridan hosil bo‘lgan chiqindilar qayta ishlash korxonalariga topshiriladi. Shuningdek, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar «belgilangan tartibda» o‘tkazilishi qat’iy nazoratga olinadi.

Qaror bilan umumiy ovqatlanish sohasida oziq-ovqat chiqindilari hosil bo‘lishini kamaytirish va isrofning oldini olishga qaratilgan «Oqilona iste’mol» (Save Food) dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi.

Jahon chempioni bo‘lgan sportchilarga avtomobil va pul mukofotlari topshirildi

Boks, og‘ir atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatlarida yuqori natijalar qayd etgan jami 13 nafar sportchi va ularning murabbiylariga prezident sovg‘alari topshirildi.

Musobaqalarda oltin medal olganlarga 15000 dollar, kumush olganlarga 7500 dollar, bronza olganlarga 3750 dollar hamda ularning murabbiylariga esa mablag‘ning teng yarmi hisobida bir martalik pul mukofoti berildi.

Taqdirlanganlar orasida og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinov, baydarkachi Artur Guliyev, bokschilar Abdumalik Xalokov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Fazliddin Erkinboyev, Javohir Ummataliyev, Akmaljon Isroilov, To‘rabek Habibullayev va boshqalar bor.

Hokim konteyner uyga ko‘chib o‘tdi

Namangan viloyati, Norin tumani hokimi Jo‘rabek Nurmatov prezidentning Sho‘rariq mahallasiga tashrifi vaqtidagi tanqidlari ortidan ushbu mahallaga o‘rnatilgan konteyner uyga ko‘chib o‘tdi.

Davlat rahbari mahallaning og‘ir ahvolda ekanini ko‘rib, viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovga topshiriq bergandi: «Bugun qaror qabul qilasan – tuman hokimi kelib mana shu yerda yotadi. Bu yerdagi odamlar odam emasmi?»

Qayd qilinishicha, shu joyda mahallani obod maskanga aylantirish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat shtabi ham tashkil etildi.

Qashqadaryoda 2,5 yoshli bolaning mashinada dimiqib o‘lishiga sababchi bo‘lgan bog‘cha rahbari qamaldi

Koson tumanidagi bog‘chalardan birining rahbari bo‘lgan 31 yoshli Lola Haqnazarova erining mashinasida bolalarni tashigan. U 2025 yil 20 iyun kuni bolalarni bog‘chaga olib kelgach, 2,5 yoshli qizni mashinada unutib qoldirgan. 6 soat mashina ichida qolib ketgan bola nafas ololmasdan, dimiqib vafot etgan.

Lola Haqnazarova sudda aybiga iqrorlik bildirgan. Sud unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Termizda maktab o‘qituvchilari konsertga bilet olishga majburlanayotgani aytildi

Kun.uz ixtiyoriga kelgan videoga ko‘ra, O‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan Termiz shahar maktabgacha va maktab bo‘limi 21-maktabga konsert uchun bilet bergan. Maktab direktori pedagoglarga ixtiyoriy to‘lov qilib, 80 ming so‘mga bilet olishi mumkinligini ayta turib, ortib qolganlari o‘qituvchilar boshiga bo‘lib yuborilishini ta’kidlagan. O‘qituvchilar bunga majburlanayotgani aytilmoqda.

Mavzuga oid