Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Inson organlari va to‘qimalari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh fosh etildi
12 kishidan iborat jinoiy guruh sog‘lom fuqarolarni mo‘may pul evaziga o‘z organini sotishga qiziqtirib kelgan. Ular qo‘shni davlatlarning biridagi xususiy klinikada jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirishgan. Uyushgan jinoiy guruhning 2023-2025 yillardagi faoliyati davomida 32 nafar bemorga buyrak yoki jigar to‘qimalari ko‘chirib o‘tkazilgan.
Foto: IIV
Davlat xavfsizlik xizmati hamda IIV xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida inson organlari va to‘qimalari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Buxoro hamda Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi 12 nafar fuqarodan iborat jinoiy guruh ijtimoiy tarmoqlar orqali buyrak va jigar kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarni topgan. So‘ngra sog‘lom fuqarolarni mo‘may pul evaziga o‘z organini sotishga qiziqtirgan. Shu tariqa chet eldagi tanishlari yordamida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qalbakilashtirish orqali ularni go‘yoki qarindosh sifatida ko‘rsatgan va qo‘shni davlatlarning biridagi xususiy klinikada jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirishgan.



Uyushgan jinoiy guruhning 2023-2025 yillardagi faoliyati davomida 32 nafar bemorga buyrak yoki jigar to‘qimalari ko‘chirib o‘tkazilgan. O‘z navbatida, bemorlardan olingan katta miqdordagi pul mablag‘larining ma’lum bir qismi operatsiya uchun xususiy klinikaga hamda donorlarga berilgan, qolgani esa o‘zaro taqsimlangan.
Shuningdek, jarrohlik amaliyotidan keyin sog‘liqlarida ijobiy o‘zgarish bo‘lmagan bemorlarga og‘riqni qoldirish maqsadida jinoiy guruh tomonidan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari qimmat narxlarda sotilgan.

Uyushgan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 133-1-moddasi (Inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining oldi-sotdisi), 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish), 246-moddasi (Kontrabanda) va 273-moddasi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Hozirda jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sud organlariga yuborilgan.
IIV fuqarolardan shunday masalalarda ushbu jinoiy guruh yoki boshqa shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsa eng yaqin ichki ishlar organlariga yoki 102 raqami orqali xabar berishni so‘ragan.
Mavzuga oid
12:09 / 03.09.2025
Toshkentda virusli dastur yaratib, fuqarolar pulini o‘g‘irlab kelgan jinoiy guruh qo‘lga olindi
23:34 / 28.05.2025
Ispaniyada IIVning sobiq davlat kotibi jinoiy guruh ishi doirasida hibsga olindi
15:43 / 13.05.2025
Taganskaya uyushgan jinoiy guruhi rahbari 25 yilga qamaldi
15:01 / 17.12.2024