Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Falastinni tan olgan 6 davlat, urushga tayyorlanayotgan venesuelaliklar va Xitoy dengiz kuchlarining taraqqiyoti – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Yana 6 davlat Falastinni tan oldi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 22 sentabr kuni BMT qoshida Falastin muammosiga yechim topishga bag‘ishlangan oliy darajadagi xalqaro konferensiyada Falastin davlatini tan oldi. BMT tadbirida shuningdek, Lyuksemburg, Malta, Monako, Belgiya va Andorra ham Falastin davlatini tan oldi. Kanada, Britaniya, Portugaliya va Avstraliya 2 kun oldin Falastinni tan olgandi.
Makron o‘z chiqishida kech bo‘lmasdan tinchlik o‘rnatilishi kerakligini aytdi. «Kimdir aytadi, bu juda kech. Kimdir aytadi, bu juda erta. Ammo bitta haqiqat aniq – biz endi kutib turolmaymiz», dedi Makron.
Shuningdek, u tarixda Falastin davlatini tuzish bo‘yicha berilgan va’dalar bajarilmay qolganini eslatdi.
«Hozirda Isroil G‘azoda o‘zining harbiy amaliyotini Hamasni yo‘q qilish maqsadi bilan kengaytirmoqda. Ammo … yuz minglab odamlar ko‘chirildi, jarohatlandi, och qoldi, ruhiy iztirob chekmoqda. Ularning hayoti hanuz vayron qilinmoqda. Sulh muzokaralari davom etayotganiga qaramay, G‘azodagi urushni oqlaydigan hech narsa yo‘q. Hech narsa», dedi Emmanuel Makron.
Shuningdek, Fransiya Yevropa hamkorlari bilan birgalikda Falastin xavfsizlik kuchlarini tuzish va jihozlashni qo‘llab-quvvatlashga, Falastinda elchixonasini ochishga tayyorligini bildirdi.
AQSh vizasi rad etilgan Falastin prezidenti Mahmud Abbos esa videomurojaat qilib, doimiy sulhdan so‘ng Hamas va boshqa guruhlar qurollarini Falastin ma’muriyatiga topshirishini aytdi. «Biz o‘t ochishni to‘xtatganimizdan bir yil ichida islohotlar va saylovlar o‘tkazamiz», dedi u.
AQSh va Isroil dushanba kungi yig‘ilishni boykot qildi. Isroilning BMTdagi elchisi Danni Danon: «Bosh vazir Netanyahu kelasi hafta Isroilga qaytgach, qanday javob berishni muhokama qilamiz», dedi.
«Rossiya har qanday tahdidlarga javob berishga qodir»
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 22 sentabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazdi va bir qator muhim bayonotlarni berdi. Kreml rahbarining ta’kidlashicha, strategik barqarorlik sohasidagi vaziyat yomonlashishda davom etmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «mavjud tahdidlarning kuchayishi va yangi strategik xavflarning paydo bo‘lishiga olib keladigan bir qator salbiy omillarning birgalikdagi ta’siri» bilan bog‘liq.
Putinning ta’kidlashicha, G‘arbning vayronkor qadamlari tufayli yadroviy kuchlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik poydevoriga jiddiy putur yetdi.
Rossiya 2026 yil 5 fevralidan keyin Strategik hujum qurollari to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha miqdoriy cheklovlarga yana bir yil amal qilishga tayyor. Faqat bitta sharti bor: agar AQSh ham shunday cheklovlarga amal qilsa.
Kreml rahbari har qanday tahdidlarga javob berishga qodirligini aytdi.
«Ta’kidlayman va bunga hech kimda shubha bo‘lmasligi kerakki, Rossiya har qanday mavjud va yangi paydo bo‘layotgan tahdidlarga javob bera oladi: so‘z bilan emas, balki harbiy-texnik choralarni qo‘llash orqali», dedi Putin.
Shu bilan birga, u tegishli idoralardan AQShning Strategik hujum qurollari arsenalini sinchkovlik bilan kuzatishda davom etishini so‘radi.
Xitoy dengiz kuchlarining taraqqiyoti
Xitoy ilk bor o‘zining eng yangi aviatashuvchisidan elektromagnit katapulta yordamida amalga oshirilgan muvaffaqiyatli uchirishning to‘liq videosini e’lon qildi. Bloombergʼning yozishicha, bu mamlakat dengiz kuchlari taraqqiyotining yangi darajasini ko‘rsatadi.
Xitoy davlat telekanali dushanba kuni e’lon qilgan kadrlarda J-35 va J-15T qiruvchi samolyotlari hamda KJ-600 havo radari samolyoti «Fujian» aviatashuvchisining elektromagnit katapultasi yordamida havoga ko‘tarilayotgani ko‘rinadi.
Avvalgi videolarda faqatgina muvaffaqiyatli uchirishni olqishlayotgan odamlar tasvirlari berilgan, ammo samolyotning haqiqiy uchishi ko‘rsatilmagan edi. «Fujian» — Xitoyning uchinchi va eng zamonaviy aviatashuvchisi — tez orada xizmatga topshirilishi kutilmoqda.
Uzunligi 316 metr bo‘lgan ushbu aviatashuvchi uchta elektromagnit katapulta bilan jihozlangan. Ular yordamida qiruvchi samolyotlar uchiriladi. Biroq AQSh aviatashuvchilari yadro energiyasi bilan ishlasa, «Fujian» oddiy yoqilg‘ida ishlaydi, bu esa uning uzoq masofaga suzish va uzoq muddatli safarlardagi imkoniyatlarini cheklashi mumkin.
Rasmiy Pekin esa o‘zining elektromagnit katapultlari haqida, jumladan, ularning texnik xizmat ko‘rsatish va ishonchlilik sharoitlari yuzasidan hozircha hech qanday tafsilotlarni oshkor qilmagan.
Venesuela urushga tayyorlanmoqda
Venesuelada tinch aholi uchun keng ko‘lamli harbiy ko‘nikmalar kurslari bo‘lib o‘tdi. Ular mamlakat yetakchisi Nikolas Maduro buyrug‘i bilan Karib dengizida to‘planayotgan AQSh kuchlari, xalqaro suvlarda Venesuela qayig‘iga bir necha marta zarba berilgach yuz berdi. Pentagon hujumlar — Venesueladan AQShga giyohvand moddalar olib ketayotgan kemaga qilinganini aytgandi.
Nikolas Maduro «millionlab» tinch aholini «Amerika imperiyasi» tomonidan hujum uyushtirilgan taqdirda «qo‘liga qurol olishga» va o‘z vatanini himoya qilishga chaqirdi. AFPʼning yozishicha, Karakasning Petare tumanida askarlar 30 nafar fuqarodan iborat guruhlarga qurol bilan qanday ishlash kerakligini ko‘rsatgani tufayli markaziy ko‘cha yopildi. O‘quv mashg‘ulotlaridan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va «mafkuraviy fikrlash» kurslari ham o‘rin olgan.
Harbiy ko‘nikmalarga o‘rgatish kurslari Venesuelaning boshqa qismlarida, xususan, g‘arbiy San-Kristobal va Barinas shaharlarida ham o‘tkazildi.
Qrimga hujum
Rossiya qo‘shib olgan Qrim «rahbari» Sergey Aksyonov 21 sentabr kuni kechqurun janubiy kurort sohildagi «Foros» sanatoriysiga Ukraina dronlari tomonidan hujum uyushtirilgani haqida ma’lum qildi. Aksyonovning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan, 15 ga yaqin kishi jarohatlangan.
Rossiya Mudofaa vazirligi boshqa ma’lumotlarni taqdim etdi: unga ko‘ra, hujumda ikki tinch fuqaro halok bo‘lgan, 15 kishi turli darajada jarohatlangan. Vazirlikning ta’kidlashicha, zarba portlovchi jangovar kallaklarni olib yurgan dronlar tomonidan amalga oshirilgan.
OAV xabarlariga ko‘ra, u yerda «juda muhim mehmonlar» bo‘lgan. Yaqin atrofda to‘rtta davlat dachalari joylashgan.
Keyinroq Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi Qrimda Rossiyaning uchta ko‘p maqsadli Mi-8 vertolyoti va 55J6U «NEBO-U» radiolokatsion stansiyasi yo‘q qilinganini xabar berdi.
Boshqarma yo‘q qilingan Mi-8 vertolyotlaridan birining suratini joylashtirdi. Rossiya tomoni hozircha voqea yuzasidan izoh bermadi.
O‘z navbatida Rossiya Qurolli kuchlari 54 ta hujumkor Shahed, Gerbera va boshqa turdagi dronlar bilan nishonlarga hujum qilgan. Havo hujumi Ukraina mudofaa kuchlarining samolyotlari, zenit-raketa qo‘shinlari va radioelektron kurash bo‘linmalari tomonidan qaytarildi.
Mavzuga oid
15:07
Makronning Xitoydan iltimosi, Putinning Modiga taklifi va Trampning shousiga aylangan FIFA tadbiri – kun dayjesti
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025