O‘zbekiston | 21:08 / 23.09.2025
4330
6 daqiqa o‘qiladi

Inson organlari savdogarlari va pulli yo‘llarni qurishga oid muhim qoida – mahalliy dayjest

Shavkat Mirziyoyevning Nyu-Yorkka tashrifi davomida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida ikkitomonlama muhim bitimlar imzolandi. O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish tartibi belgilandi. Pulli yo‘llar qurishga faqat muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lganda ruxsat beriladi. Inson organlari va to‘qimalari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh ushlandi. Tadbirkorlik sub’yektlarini nazorat qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shavkat Mirziyoyevning Nyu-Yorkka tashrifi davomida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida ikkitomonlama muhim bitimlar imzolandi

AQSh yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari rahbarlari bilan o‘tkazilgan davra suhbatidan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSh prezidentining maxsus vakili Serjio Gor huzurida ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi bo‘ldi.

Xususan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha Transport vazirligi va Boeing kompaniyasi o‘rtasida transport sohasida uzoq muddatli hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, «Texnopark» MChJ va FLSmidth kompaniyasi o‘rtasida tog‘-kon uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risidagi bitim, Centrum Air aviakompaniyasi va Oppenheimer investitsiya kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Citigroup kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va boshqalar.

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish tartibi belgilandi

«O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar o‘tkaziladi. Ro‘yxatga olish tadbiriga «mahalla yettiligi» tizimi xodimlari 2025 yil 15 dekabrdan 2026 yil 1 martgacha bo‘lgan davrda jalb etiladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mudofaa vazirligi. FVV, Milliy gvardiya, IIV, DXX, TIV, SSV va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2025 yil 1 noyabrdan aholining ayrim toifalarini ro‘yxatga olish ishlarini boshlaydi.

Ushbu ishlar uchun davlat budjetidan 2025 va 2026 yillarda 72,5 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Pulli yo‘llar qurishga faqat muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lganda ruxsat beriladi

Qonunchilik palatasida «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Qonun loyihasida yo‘llarni loyihalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga ta’sirini inobatga olish hamda piyodalar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish bo‘yicha qat’iy talablar o‘rnatilyapti.

Qonun loyihasi bilan pulli yo‘llar tarmog‘ini barpo etishning huquqiy asoslari ham yaratilyapti. Pulli avtomobil yo‘llarini qurishga faqatgina muqobil bepul harakatlanish yo‘li mavjud bo‘lgandagina ruxsat berilishi taklif etilyapti.

Shu bilan birga, pulli avtomobil yo‘lidan harakatlanish uchun to‘lov miqdori avtomobil yo‘llari foydalanuvchilarining ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlari qanoatlantirilishini hisobga olgan holda, iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydigan bo‘lishi lozimligi nazarda tutilyapti.

Inson organlari va to‘qimalari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati hamda IIV xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida inson organlari va to‘qimalari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruh fosh etildi.

Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Buxoro hamda Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi 12 kishidan iborat jinoiy guruh sog‘lom fuqarolarni mo‘may pul evaziga o‘z organini sotishga qiziqtirib kelgan. Ular qo‘shni davlatlarning biridagi xususiy klinikada jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirgan. Uyushgan jinoiy guruhning 2023-2025 yillardagi faoliyati davomida 32 nafar bemorga buyrak yoki jigar to‘qimalari ko‘chirib o‘tkazilgan. O‘z navbatida, bemorlardan olingan katta miqdordagi pul mablag‘larining ma’lum bir qismi operatsiya uchun xususiy klinikaga hamda donorlarga berilgan, qolgani esa o‘zaro taqsimlangan.

Tadbirkorlik sub’yektlarini nazorat qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqildi

Ta’kidlanishicha, qonunning maqsadi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatida qonunchilik talablari buzilishlarini aniqlashga, ularning oldini olishga va ularni bartaraf etishga qaratilgan munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Qayd qilinishicha, tadbirkorlik sub’yekti tomonidan ishlab chiqariladigan va (yoki) realizatsiya qilinadigan tovarlar, ko‘rsatiladigan xizmatlar, bajariladigan ishlar hamda ular tomonidan foydalaniladigan texnologik jarayonlar ustidan davlat nazorati fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va atrof-muhit xavfsizligini ta’minlash, shu jumladan tabiiy va energetika resurslarini tejash, milliy mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish hamda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida amalga oshiriladi.

Tadbirkorlik sub’yektining faoliyatini bir nechta nazorat qiluvchi organlar tomonidan aynan bir xil masalalar bo‘yicha tekshirishga, shuningdek tekshiruvlar chog‘ida tadbirkorlik sub’yektlarini kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mavzuga oid