Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Isroil tomonidan G‘arbiy sohilning anneksiya qilinishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da berdi
Oq uy rahbari bu haqda Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Misr, Iordaniya, shuningdek, Turkiya rahbari bilan bo‘lgan uchrashuvda ma’lum qilgani ta’kidlanmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp 23 sentabr kuni BMT Bosh assambleyasi maydonida arab yetakchilari bilan uchrashuvda Isroil tomonidan O‘rdun daryosining G‘arbiy sohilini to‘liq anneksiya qilinishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da berdi. Bu haqda Politico manbalarga tayanib yozdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Amerika prezidenti «bu masala bo‘yicha qat’iy pozitsiyaga ega».
Politico nashrining ikki manbasiga ko‘ra, Donald Tramp va uning jamoasi G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish rejasini taqdim etgan. Yuqoridagi hujjatda anklavni boshqarishning ehtimoliy tuzilmasi va urushdan keyingi xavfsizlik masalalari tilga olingan. Shu bilan birga, hozircha Isroil va Falastinning HAMAS tashkiloti o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilmagan.
Nashrning yana ikki suhbatdoshi ma’lum qilishicha, arab yetakchilari AQSh prezidentini Isroilning G‘arbiy Sohil hududiga har qanday bostirib kirishi Isroil va arab dunyosi davlatlari o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish bo‘yicha bir qator shartnomalar - «Ibrohim kelishuvi»ning barbod bo‘lishiga olib kelishiga ishontirmoqchi bo‘lgan. Ushbu kelishuv Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida tuzilgan edi.
23 sentabr kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Misr, Iordaniya, shuningdek, Turkiya rahbari ishtirok etdi. Rasmiylar yig‘ilish yakunlariga deyarli izoh bermadi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an muzokaralarni samarali deb atadi, biroq tafsilotlarni keltirmadi.
Isroilning ba’zi o‘ta o‘ng vazirlari Falastinning bir qancha davlatlari tomonidan tan olinishiga javoban O‘rdun daryosining G‘arbiy sohilini anneksiya qilishga chaqirdi. Avvalroq, bu masala Isroil hukumati tomonidan ham muhokama qilingan edi.