Jahon | 13:38 / 24.09.2025
4026
10 daqiqa o‘qiladi

Trampning BMTdagi chiqishi, Tayvanda super tayfun va G‘azoga askar jo‘natishga tayyor Indoneziya – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Trampning BMTdagi chiqishi

AQSh prezidenti Donald Tramp 23 sentabr kuni BMT Bosh assambleyasida ajratilgan vaqtdan deyarli 4 barobar ko‘proq qilgan chiqishida boshqa davlatlarga ularning muvaffaqiyatsizliklari haqida saboq berdi va uzun shikoyatlar ro‘yxatini o‘qib berdi.

Tramp AQShdagi immigratsiyaga qarshi qattiq choralarni boshqa yetakchilar uchun «namuna» sifatida ko‘rsatdi va ommaviy migratsiya davlatlarning tuzilishini o‘zgartirib yuborayotganini da’vo qildi. Inson huquqlari himoyachilari esa migrantlar yaxshiroq hayot izlayotganini aytmoqda.

Tramp ilmiy kelishuvni inkor etib, iqlim o‘zgarishini «ahmoqlar tomonidan o‘ylab topilgan» dedi. U AQShning Parij kelishuvini tark etganini maqtadi, «toza, chiroyli ko‘mir»ni olqishladi.

New York Times'ning yozishicha, Tramp nutqida yolg‘on va noto‘g‘ri bayonotlar ham berdi. Masalan, London meri Sodiq Xon shariat qonunlarini joriy qilmoqchi ekani yoki AQShda «inflatsiya yengilgani» haqidagi gaplar. OAVga ko‘ra, Sodiq Xon bunday gap aytmagan, AQSh Federal Rezervi esa olti kun oldin inflatsiya oshganini bildirgandi.

Seshanba kungi nutqda Tramp NATO ittifoqchilarini Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatmagani uchun masxara qildi va Moskvaga nisbatan qattiq iqtisodiy choralar joriy qilishini aytdi.

«Ular o‘zlariga qarshi urushni moliyalayapti. Bunday narsani qachon eshitgansiz? Agar Rossiya urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga tayyor bo‘lmasa, AQSh juda kuchli tariflar to‘plamini joriy qilishga tayyor. Ammo bu tariflar samarali bo‘lishi uchun Yevropa davlatlari – sizlarning barchangiz biz bilan bir xil choralarni qabul qilishingiz kerak», dedi u.

Falastin davlatini tan olishga qaratilgan harakatlarga Tramp qarshi chiqdi. Bu uning aytishicha, «Hamasning jinoyatlari uchun juda katta mukofot» bo‘ladi. U garovdagilarni qaytarish haqidagi eski chaqiriqlarini takrorladi.

Tramp, shuningdek, Nobel tinchlik mukofotini olish istagida, dunyodagi mojarolarga chek qo‘yish harakatlarini BMT qo‘llab-quvvatlamaganidan shikoyat qildi.

Uning aytishicha, BMTning qiladigan yagona ishi «keskin so‘zlar bilan yozilgan maktublar» va «bo‘sh gaplar». «Bu ishlarni BMT emas, men qilganim achinarli», dedi Tramp.

Shuningdek, u BMTning infratuzilmasidan ham shaxsiy shikoyatlar qildi: o‘zi va rafiqasi Melaniya Tramp BMT binosidagi nosoz eskalatorda qolib ketganini, nutqining boshida esa telesuflyor ishlamay qolgani haqida gapirdi.

G‘azo bo‘yicha uchrashuv

Seshanba kuni Nyu Yorkda AQSh prezidenti Donald Tramp, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va boshqa mintaqa yetakchilari ishtirokida G‘azo masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

BMT Bosh assambleyasi doirasida yopiq eshiklar ortida o‘tgan uchrashuv tafsilotlari hozircha oshkor etilmadi. Biroq Tramp uchrashuvdan so‘ng uni «juda muvaffaqiyatli» deb atadi, ammo tafsilot bermadi. Erdo‘g‘an esa uni «juda samarali va ijobiy uchrashuv» deb ta’rifladi.

«Menimcha, G‘azo masalasi bo‘yicha harakat bo‘ladi. Juda muhim uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Keyingi uchrashuvim aslida mintaqa yetakchilari bilan juda muhim bo‘ladi», dedi Tramp BMT Bosh assambleyasi doirasida Emmanuel Makron bilan uchrashuv chog‘ida.

«Biz G‘azo haqida gaplashamiz. Biror narsa qila olamizmi, ko‘ramiz. Biz buni to‘xtatmoqchimiz. Biz o‘z garovdagilarimizni qaytarib olishni istaymiz, yoki ularning garovdagilarini qaytarishni xohlaymiz», deya qo‘shimcha qildi Tramp.

Oq uy avvalroq bu yig‘ilishda Turkiya, Qatar, Saudiya Arabistoni, Indoneziya, Pokiston, Misr, BAA va Iordaniya yetakchi darajada ishtirok etishini bildirgan, ammo qo‘shimcha tafsilotlarni oshkor qilmagan.

Tayvanda super tayfun

Tayvanda Ragasa super tayfuni olib kelgan kuchli yomg‘irlar oqibatida to‘g‘on ko‘li toshib ketdi, natijada kamida 14 kishi halok bo‘ldi, yana 124 kishi bedarak yo‘qoldi.

Yomg‘irdan keyingi ko‘chkilar natijasida hosil bo‘lgan to‘g‘on ko‘li seshanba kuni tushdan keyin toshib, Guangfu shaharchasida ulkan suv toshqinini keltirib chiqardi.

Rasmiylarga ko‘ra, barcha qurbonlar va bedarak yo‘qolganlar Guangfuda. Suv katta yo‘l ko‘prigini ham yuvib ketdi. Tayvanning turli hududlaridan qutqaruvchilar yuborildi, armiya esa 340 askarni safarbar qildi.

Hukumat hisobicha, to‘g‘on ko‘lida 91 million tonna suv bor edi. Uning 60 million tonnasi toshqin paytida oqib chiqqan.

Bu yil sodir bo‘lgan dunyodagi eng kuchli bo‘ron hisoblangan tayfun Osiyodagi bir nechta yirik shaharlarda hayotni to‘xtatib qo‘ydi. Xususan, Gonkong ko‘chalari bo‘sh qoldi, sohilbo‘yi hududlarida bir necha metrlik baland to‘lqinlar urildi.

Gonkong xalqaro aeroportida yuzlab reyslar bekor qilindi, maktablar yopildi, Xitoyning bir nechta shaharlaridagi supermarketlarda esa rastalar bo‘shab qoldi. Janubiy Xitoyning iqtisodiy markazi bo‘lgan Guandun provinsiyasida qariyb 1,9 million kishi evakuatsiya qilindi.

Ob-havo mutaxassislari bu yilgi eng kuchli bo‘ron deb ta’riflagan Ragasa shamollari 185 km/soat tezlikda esmoqda, shamol kuchi ba’zida 230 km/soatgacha yetmoqda, dedi Filippin ob-havo agentligi.

Xitoy eng tez avtomatlashtirilgan poyezdni namoyish qildi

Xitoyda soatiga 200 kilometr tezlikka chiqa oladigan dunyodagi eng tez avtomatlashtirilgan temiryo‘l transporti namoyish etildi. Taqdim etilgan prototip intellektual poyezdlar seriyasining bir qismidir. U to‘rtinchi darajali avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi bilan jihozlangan, bu temiryo‘l transportida avtomatlashtirishning eng yuqori darajasini, mashinistga ehtiyoj sezmasdan, sun’iy intellekt tomonidan boshqariladigan to‘liq pilotsiz poyezdlarni bildiradi.

Biroq bu poyezdda mashinist kabinasi saqlab qolingan va boshida unda boshqaruvchi bo‘lishi mumkin. GoA4 tizimi yangi transport vositasini Xitoydagi birinchi to‘liq avtomatlashtirilgan poyezd va dunyodagi eng tez harakatlanuvchi tarkibga aylantiradi.

Poyezd murakkab ish sharoitlarida — yuqori tezlik va stansiyalar orasidagi uzoq oraliqlarda avtonom ravishda ma’lumot to‘playdigan, tahlil qiladigan va qaror qabul qiladigan o‘rnatilgan raqamli «miya» bilan jihozlangan. Yangi boshqaruv tizimi nosozliklar ehtimolini 95 foizga qisqartiradi.

Xavfsizlikka alohida e’tibor qaratildi. Poyezd 2900 dan ortiq kuzatuv datchiklariga ega yuqori aniqlikdagi zaxira sensor tizimini o‘z ichiga oladi.

Indoneziya G‘azoga 20 ming askar jo‘natishga tayyor

BMT Bosh assambleyasida nutq so‘zlagan Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto mamlakat G‘azoga 20 ming tinchlikparvar kuchlarini yuborishga tayyorligini aytdi.

«Agar Xavfsizlik kengashi va ushbu assambleya qaror qilsa, Indoneziya G‘azoda yoki Falastinning boshqa joylarida qo‘shma kuchlarning bir qismi sifatida tinchlik o‘rnatishga yordam berish uchun 20 000 yoki undan ortiq qo‘shinni yuborishga tayyor. Bu ikki davlat yechimini shunchaki orzu emas, balki haqiqatga aylantirish uchun kerak», dedi Prabovo.

Uning qo‘shimcha qilishicha, zo‘ravonlik — siyosiy mojarolarni hal qilish vositasi bo‘la olmaydi.

«Zo‘ravonlik hech qanday siyosiy mojaroga javob bo‘la olmaydi, chunki u ko‘proq zo‘ravonlikni keltirib chiqaradi. BMT bu falokatni to‘xtatish uchun qat’iy pozitsiyani egallashi kerak. Aks holda, dunyo cheksiz urushlar va zo‘ravonlik kuchayib borayotgan xavfli vaziyatga tushib qoladi», — dedi prezident.

Indoneziya rahbari o‘z mamlakatining mustamlakachilik o‘tmishini esladi. «Biz o‘z yurtimizda itdan ham qadrsizroq odamlar edik», dedi u Niderlandiya zulmini eslab. U aynan shuning uchun indoneziyaliklar adolatsizlik, aparteid va mahrumlik ostida yashash nimani anglatishini bilishini qo‘shimcha qildi.

Mahalliy sog‘liqni saqlash idoralariga ko‘ra, 2023 yil oktyabrida Isroil hujumlari boshlanganidan beri G‘azoda 65 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, ularning aksariyati ayollar va bolalardir.

Mavzuga oid