Jahon | 09:10 / 25.09.2025
5531
2 daqiqa o‘qiladi

WSJ: Tramp Ukrainaning hujumga o‘tish rejalari haqida xabardor qilindi

Zelenskiy bilan uchrashuvidan oldin Tramp Kellog va Uolts bilan gaplashgan. Ular unga jang maydonidagi hozirgi vaziyat, shuningdek, Kiyevning Amerika razvedkasi ko‘magini talab qiladigan yaqinlashib kelayotgan hujumi haqida ma’lumot berdi, deb yozadi WSJ.

Foto: Gleb Garanich / Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaning Amerika razvedkasi ma’lumotlari talab qilinadigan hujum uyushtirish rejasi haqida xabardor qilindi, deb yozadi The Wall Street Journal ikki manbaga tayanib.

Nashrning yozishicha, Amerika rahbari Kiyevga Amerika qurollarini sotishga ruxsat berishda davom etmoqda, biroq ulardan Rossiya hududiga zarbalar berish uchun foydalanishni chekladi. Iyul oyida Tramp Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi raketalarni yetkazib berish rejasi yo‘qligini ma’lum qilib, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «Moskvani nishonga olmasligini» qo‘shimcha qilgan edi.

Kiyevda Amerikaning ATACMS raketalari bor, ular uchish masofasi 300 km. O‘tgan yilning kuzida AQSh sobiq prezidenti Jo Bayden Rossiya hududiga zarba berishda Amerikaning uzoq masofali raketalaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilgan edi. Ukraina Kursk, Bryansk, Belgorod va Rostov viloyatlariga zarba berishda ulardan bir necha bor foydalangan. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, Ukrainaning Rossiyaga uzoq masofali qurollar bilan zarba berishiga ruxsat berish «NATO davlatlari u bilan urushayotganini» bildiradi.

So‘nggi kunlarda BMT Bosh assambleyasida ukrainalik hamkasbi bilan uchrashishdan oldin Tramp bir qancha AQSh rasmiylari, jumladan, Ukraina bo‘yicha maxsus elchi Kit Kellog va AQShning BMTdagi yangi doimiy vakili Mayk Uolts bilan gaplashdi. Ular Oq uy rahbarini jang maydonidagi mavjud vaziyat bilan tanishtirdi, shuningdek, Amerika razvedkasi yordamini talab qiladigan Ukrainaning yaqinlashib kelayotgan hujumi haqida xabar berdi, deya ma’lum qilgan gazeta manbalari.

Mavzuga oid