Jahon | 18:36 / 28.09.2025
16161
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukraina bo‘ylab qariyb 600 dron va 40 dan ortiq raketa uchirdi

Kiyevda to‘rt kishi halok bo‘lgan.

Kateryna Klochko / AP / Scanpix / LETA

2025 yil 28 sentabrga o‘tar kechasi Rossiya harbiylari Ukraina hududiga eng yirik zarbalardan birini amalga oshirdi.

Ukraina harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya jami 593 ta dron, «Banderol» tipidagi ikkita reaktiv dron, X-101 rusumli 38 ta qanotli raketasi, «Kalibr» rusumli sakkizta qanotli raketasi hamda «Kinjal» rusumli ikkita aeroballistik raketasini uchirgan.

Ukraina qurolli kuchlari jami 15 ta lokatsiyada beshta raketa va 31 ta dronning to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbalari, shuningdek, 25 ta lokatsiyada urib tushirilgan raketalar va dronlarning parchalari qulashi qayd etilganini ma’lum qilgan.

Eng asosiy zarbalar Kiyev shahri va Kiyev oblastiga to‘g‘ri keldi. Kiyevning Solomenskiy rayonidagi besh qavatli turar joy binosi qisman vayron bo‘lgan, 12 yoshli qizcha vayronalar ostida qolib ketgan. Kardiologiya institutiga zarba berilishi oqibatida ikki kishi – hamshira va bir bemor halok bo‘lgan. Shahar meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, shaharda jami to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana 14 kishi yaralangan.

Kiyev oblastida hujum tufayli Buchanskiy, Fastovskiy, Belotserkovskiy, Obuxovskiy va Borispol rayonlarida shikastlanishlar qayd etilgan. Petropavlovskaya Borshchagovka qishlog‘ida oltita ko‘p qavatli va o‘nta xususiy uy shikastlangan, dedi oblast harbiy ma’muriyati rahbari Nikolay Kalashnik. 30 kishi jarohatlangan, ulardan 4 nafari kasalxonaga yotqizilgan.

Zaporijjyada raketalardan biri to‘qqiz qavatli uy yaqiniga kelib urilgan, natijada uyda va unga tutash hududda kuchli yong‘in boshlangan. Hodisa oqibatida kamida 30 kishi, jumladan, uch nafar bola jabrlangan. Shuningdek, Rossiya zarbalari tufayli Chernihiv, Dnipropetrovsk, Mikolayiv, Sumi va Odessa oblastlarida yong‘inlar sodir bo‘lgan.

Ukraina IIV rahbari Igor Klimenko ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hujumi natijasida mamlakat bo‘ylab yuzdan ortiq fuqarolik obektlariga zarar yetgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «bu qabih hujum aslida BMT Bosh Assambleyasi haftasining yakuni sifatida sodir bo‘lganini va Rossiya o‘zining haqiqiy pozitsiyasini aynan shunday e’lon qilayotgani»ni aytdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi energiya resurslarini sotishdan yetarli mablag‘ olayotganda va uning yashirin floti faoliyat yuritayotganda, urushni davom ettirish Kreml uchun foydalidir. «Biz Rossiyani pul ishlash imkoniyatlaridan mahrum qilish va diplomatiyaga majburlash uchun javob zarbalarini berishda davom etamiz», – dedi Zelenskiy.

Zaporijjyada yonib ketgan uy. Oblast hududi o‘qqa tutilishi oqibatida 31 kishi, jumladan, uch nafar bola jarohatlangan. 14 ta ko‘p qavatli va to‘qqizta xususiy uy, shuningdek, bir nechta noturar joy binolari shikastlangan.
Zaporijjya ma’muriyati / Anadolu / Getty Images
Qutqaruvchilar Zaporijjyada Rossiya raketasi kelib tushgan uy aholisini evakuatsiya qilmoqda
Reuters / Scanpix / LETA
Kiyev chekkasidagi uyda zarba oqibatlari.
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA
Kiyev yaqinidagi turar joy binosiga zarba berilgan joyda ishlayotgan ukrainalik qutqaruvchilar
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA
Kiyevda yashovchi Ganna va uning qizi Liya kvartirasini ko‘zdan kechirmoqda.
Sergey Dolzhenko / EPA / Scanpix / LETA
Kiyevda Rossiya zarbasi kelib tushgan joyda ishlayotgan o‘t o‘chiruvchilar.
Anatolii Stepanov / Reuters / Scanpix / LETA
Tunda Rossiya qurolli kuchlari zarba bergan Kardiologiya instituti yo‘lagini ko‘zdan kechirayotgan qutqaruvchilar. Hujum oqibatida bu yerda hamshira va klinika bemori halok bo‘lgan.
Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images
Rossiyaning tungi hujumidan keyin Kiyev yaqinidagi Petropavlovskaya Borshchagovka qishlog‘idagi vayron bo‘lgan va shikastlangan taunhauslar.
Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images

Rossiya mudofaa vazirligi zarba harbiy-sanoat kompleksi obektlariga, shuningdek, harbiy aerodromlar infratuzilmasiga berilganini ma’lum qildi. Idoraning ta’kidlashicha, zarba maqsadlariga erishilgan va «barcha belgilangan obektlar aniq nishonga olingan».

Qo‘llangan havo hujumi vositalari soni bo‘yicha Rossiya armiyasining eng yirik bir martalik ommaviy zarbasi hali ham 7 sentabr kuni amalga oshirilgan hujum bo‘lib qolmoqda. O‘shanda 810 ta dron va 13 ta raketa uchirilgandi. O‘sha kungi zarbalar oqibatida olti kishi halok bo‘lib, o‘nlab odamlar yaralangandi.

Mavzuga oid