Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Ukraina Rossiya ichkarisiga zarba berishiga qarshi emas
Prezidentning maxsus vakili Kit Kellog AQSh Ukrainani qurol qo‘llash masalasida cheklamasligini aytdi.
Foto: Johannes Simon / Getty Images
Ukraina Amerika qurollari bilan Rossiyaning xalqaro tan olingan hududlariga uzoq masofali zarba berishi mumkin, AQSh prezidenti Donald Tramp buni taqiqlamaydi, dedi uning maxsus vakili Kit Kellog Fox News telekanaliga bergan intervyusida.
U Donald Tramp va Oq uy Kiyevning Rossiya ichkarisiga zarba berishiga qanday pozitsiyada bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga shunday javob qaytargan: «Menimcha, uning aytganlari, shuningdek, vitse-prezident [Jyey Di] Vens va davlat kotibi [Marko] Rubio aytgan gaplarni hisobga oladigan bo‘lsak, javob – ha, uzoq masofaga zarba berish imkoniyatidan foydalaning».
Kellogning ta’kidlashicha, Rossiya hududida «daxlsiz nishonlar yo‘q».
The Wall Street Journal 26 sentabr kuni Tramp Rossiyadagi nishonlarga Amerika qurollari bilan zarba berishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga tayyorligi haqida yozgandi. AQSh va Ukraina rasmiylarining nashrga ma’lum qilishicha, Nyu Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda undan buni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy so‘ragan. Tramp esa qarshi emasligini aytgan.
AQSh va G‘arbning boshqa davlatlari urush boshidanoq bunday qadam eskalatsiyaga olib kelishidan qo‘rqib, o‘zlari ishlab chiqargan qurollardan Rossiyaning xalqaro tan olingan hududiga zarba berishga ruxsat berishdan bosh tortib kelgandi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa bunga yo‘l qo‘yilishi Rossiya bilan «NATO davlatlari urushayotgani»ni anglatishini aytdi.
2024 yil oxirida Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga Rossiyaga, xususan, o‘sha paytda janglar bo‘layotgan Kursk oblastining chegara hududlariga zarba berish uchun ATACMS uzoq masofali raketalaridan cheklangan miqdorda foydalanishga ruxsat bergandi.
Tramp esa inauguratsiyasidan oldinoq Baydenning qaroriga «mutlaqo qarshiligi»ni aytgandi. Tramp Oq uyga qaytgach, Rossiyadagi nishonlarga zarba berish uchun ATACMS’dan foydalanishni amalda taqiqlash yana kuchga kirdi. Avgust oyi oxirida The Wall Street Journal Pentagon ko‘p oylar davomida Ukrainaning tegishli so‘rovlariga rad javobini berib kelgani, bu nafaqat ATACMS raketalariga, balki Britaniyaning Storm Shadow raketalariga ham tegishli ekani (chunki texnik jihatdan ulardan foydalanish AQShdan olinadigan ma’lumotlarga bog‘liq) haqida yozgandi.
Tramp so‘nggi haftalarda Rossiya-Ukraina urushiga nisbatan ritorikani keskin o‘zgartirdi. Zelenskiy bilan Nyu Yorkdagi so‘nggi uchrashuvidan so‘ng u kutilmaganda Ukraina «butun hududini avvalgi chegaralarida qaytarishga» va «balki bundan ko‘prog‘ini qilishga» qodirligini aytib chiqdi.