Ko‘chmas mulk | 18:33 / 29.09.2025
5743
4 daqiqa o‘qiladi

Qurilish kompaniyalari shartnoma qiymatidan 10 foiz jarima undirishi qonunga zid – Raqobat qo‘mitasi

Raqobat qo‘mitasi qurilish kompaniyalari tomonidan ayrim shartnomalarga qonunchilikka zid bandlar kiritilayotganidan ogohlantirdi. «Agar iste’molchi o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, qurilish tashkiloti to‘langan mablag‘ning yoki shartnoma qiymatining 10 foizi miqdoridagi summani jarima sifatida ushlab qolish huquqiga ega» degan bandni shartnomaga kiritish qonunchilikka zid.

Foto: Unsplash

2025 yilning yanvar-avgust oylarida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi va xaridlari bo‘yicha 1000 ga yaqin murojaat kelib tushdi, deya xabar berdi qo‘mita matbuot xizmati.

Murojaatlarda asosan qurilish tashkilotlari bilan tuzilgan shartnoma shartlarining buzilishi — yangi uy-joylarni o‘z vaqtida topshirmaslik, shartnomada belgilangan talablarni bajarmaslik, reklama va e’lonlarda ko‘rsatilgan loyihalarga amal qilmaslik kabi holatlar bayon etilgan. Shuningdek, murojaatlarni o‘rganish jarayonida ayrim qurilish korxonalari shartnomalarga qonunchilikka zid bandlar kiritayotgani ham aniqlangan.

Xususan, shartnoma shartlarida «agar iste’molchi o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, qurilish tashkiloti iste’molchi tomonidan to‘langan mablag‘ning yoki shartnoma qiymatining 10 foizi miqdoridagi summani jarima sifatida ushlab qolish huquqiga ega» deb belgilangan holatlar ko‘plab kuzatilgan. Amalda esa bunday talablar qonun normalariga zid hisoblanadi.

Fuqarolik kodeksining 385-moddasida shartnoma bekor qilinganda faqat ikkinchi tarafga aniq zarar yetkazilgan taqdirdagina uni qoplash mumkinligi belgilangan.

14-moddada «zarar» tushunchasi haqiqiy zarar va boy berilgan foyda sifatida ko‘rsatilgan bo‘lib, amalda iste’molchi shartnomani bekor qilganda qurilish tashkilotiga zarar yetmaydi. Chunki ko‘p qavatli uylar tipik loyiha asosida quriladi va qurilish tashkilotlari bunday obektlarni osonlikcha boshqa xaridorga sotishi mumkin. Bundan tashqari, uylarga talab yuqori va narxlar yildan yilga ortib borayotgani qurilish tashkilotlari ko‘p hollarda foyda ko‘rishini ta’minlaydi.

Kodeksning 260-moddasida ham «neustoyka» (jarima, penya) qarzdor o‘z majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollardagina qo‘llanishi mumkinligi belgilangan. Aksariyat hollarda esa iste’molchi o‘z to‘lov majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarib bo‘ladi, qurilish tashkiloti esa uyni topshirmagunga qadar qarzdor maqomida qoladi. Shu bois, iste’molchining tashabbusi bilan shartnoma bekor qilinganda undan jarima undirish qonunga zid hisoblanadi, deyiladi qo‘mita axborotida.

Bu holat «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 21-moddasiga ko‘ra, iste’molchi huquqlarini cheklovchi va qonunga zid bo‘lgan shartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi, 23-moddasida esa iste’molchining huquqi kafolatlangan.

Shuningdek, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasida tadbirkorlik sub’yektlari raqobat va iste’molchilar huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka amal qilishi shartligi belgilangan.

Shundan kelib chiqib Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni yangi qurilayotgan uy-joydan xonadon xarid qilishda shartnoma tuzishdan oldin uning barcha shartlari bilan atroflicha tanishib chiqishga chaqirdi.

«Agar huquqiy bilimingiz yetarli bo‘lmasa, malakali yurist yoki advokat xizmatidan foydalanish orqali shartnoma mazmunini to‘liq o‘rganib chiqishingiz tavsiya etiladi. Shuningdek, agar tuzilgan shartnomada qonunchilik normalariga zid bo‘lgan talablar yoki iste’molchi huquqlarini cheklovchi bandlar aniqlansa, ushbu holat yuzasidan belgilangan tartibda sud organlariga yoki vakolatli davlat idoralariga murojaat qilishingiz mumkin. Bu orqali siz o‘zingizning qonuniy huquq va manfaatlaringizni himoya qilish imkoniyatiga egasiz», – deya qayd etadi iste’molchilar huquqini himoyalovchi organ.

Mavzuga oid