Jahon | 23:23 / 30.09.2025
5807
3 daqiqa o‘qiladi

Serbiyada Parij masjidlariga cho‘chqa kallasini tashlagan provokatorlar ushlandi

Ular chet el maxsus xizmati topshirig‘iga asosan Yevropa mamlakatlarida millatlararo nizoni qo‘zg‘atishda gumonlanmoqda.

Foto: AFP/Getty Images

Serbiya xorijiy maxsus xizmat topshirig‘iga binoan Yevropa mamlakatlarida millatlararo nizoni qo‘zg‘atishda, jumladan, Parijdagi musulmon diniy obektlariga cho‘chqa kallasini tashlashda gumonlangan 11 kishini hibsga oldi, deb xabar berdi Associated Press mamlakat politsiyasiga tayanib.

Serbiya politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, «aniqlanmagan xorijiy maxsus xizmat» ko‘rsatmasi bilan harakat qilgan guruhning taxminiy tashkilotchisi ozodlikda qolmoqda. Rasmiylar gap aynan qaysi xizmat haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi.

Avvalroq, Fransiya tomoni sentabr oyi boshida Parij mintaqasidagi masjidlarga cho‘chqa kallasini tashlash bilan bog‘liq voqealarni «tartibsizliklarni qo‘zg‘atish maqsadida chet el aralashuvi» deb baholagan edi.

Qo‘lga olinganlar Fransiya va Germaniyada aprel-sentabr oylarida uyushtirilgan provokatsion aksiyalarda gumon qilinmoqda. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, kurator har ikki mamlakatda nafrat, kamsitish va zo‘ravonlikni qo‘zg‘atish maqsadida guruhni o‘qitgan. Fransiya rasmiylari aniq bir davlat nomini aytmadi, biroq ta’kidlanishicha, voqealar Fransiya va Ukrainaning boshqa ittifoqchilariga qarshi qaratilgan Rossiya bilan bog‘liq oldingi beqarorlashtirish harakatlarining ehtimoliy belgilariga ega. Associated Press butun Yevropa bo‘ylab o‘nlab hujumlar va boshqa hodisalarni hujjatlashtirdi, Fransiya va Germaniya asosiy nishonlar qatorida.

Cho‘chqa kallasi 8 sentabr kuni Parij mintaqasidagi to‘qqizta masjid yonidan topilgan, ulardan beshtasida Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning familiyasi yozilgan. Normandiya mintaqasidagi fermer politsiyaga ikki kishi undan 10 ga yaqin cho‘chqa sotib olganini va ularni Serbiya raqamlari bo‘lgan mashinasi orqali taniganini aytdi. Parijdagi kuzatuv kameralari mashina, shuningdek, ikki erkakning masjidlarga kallani tashlaganini qayd etdi. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, erkaklar chet el fuqarolari bo‘lgan va darhol Fransiyani tark etgan.

Fransiya maxsus xizmatlari mamlakatda millatlararo nizolarni qo‘zg‘atish bo‘yicha turli xil gibrid operatsiyalar bo‘yicha tergovni davom ettirmoqda. Le Monde nashrining aniqlashicha, bir qator hujumlarning koordinatori Serbiya fuqarosi bo‘lib chiqdi, u Rossiya razvedkasi bilan aloqador bo‘lishi mumkin, uni hibsga olish uchun order berilgan. Fransiya kontrrazvedkasining fikricha, u general Andrey Averyanov boshchiligidagi gibrid operatsiyalar uchun mas’ul bo‘lgan GRU 29155 bo‘linmasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid