O‘zbekiston | 15:49 / 01.10.2025
2057
3 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kengayadi

Prezident farmoni bilan tadbirkorlik sub’yektlarini yangicha yondashuvlar asosida qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari belgilandi.

Foto: Shutterstock

2026-2027 yillarda Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan 5 ming tadbirkorlik loyihasiga 4 trln so‘m miqdorida moliyaviy qo‘llab-quvvatlash taqdim etiladi.

2025 yil 1 noyabrdan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi qo‘shimcha instrumentlar joriy etiladi:

tadbirkorlik sub’yektlarini "chempion" tadbirkor toifasiga olib chiqishga ko‘maklashish uchun ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarga milliy va xorijiy valutada 10 mlrd so‘mgacha kreditlar ajratish uchun banklar orqali resurslar joylashtirish;
banklar tomonidan kichik tadbirkorlik sub’yektlarining ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va "yashil" iqtisodiyot yo‘nalishidagi mikroloyihalariga ajratilgan 500 mln so‘mgacha kreditlarni quyidagi shartlarda qayta moliyalashtirish:
– ajratilgan kreditning foiz stavkasini 6 foizgacha, lekin Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkagacha pasaytirish;
– kamida 1 yil faoliyat yuritgan va 2 nafar xodimi bo‘lgan, 5 va undan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishni nazarda tutgan tadbirkorlik sub’yektlarining loyihalariga taqdim etish.

Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasining kafolat va kafillik taqdim etish tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish uchun uning muassisligida aksiyadorlik jamiyati shaklida kafolatlar berish tashkiloti tashkil etiladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab kompaniya uzoq va borish qiyin hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlariga ajratilgan kreditlarni mos ravishda 1,5 va 5 mlrd so‘mgacha Markaziy bank asosiy stavkasidan to‘rt foizlik punkt yuqori stavkasigacha qayta moliyalashtirish yo‘li bilan kompensatsiyalar taqdim etadi. Bunda:

qayta moliyalashtirish tadbirkorlik sub’yektlarida band bo‘lgan xodimlardan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolari kamida:
- 5 nafarni tashkil qilganda – 2 foizgacha;
- 10 nafarni tashkil qilganda – 4 foizgacha;
- 20 nafarni tashkil qilganda – 6 foizgacha amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, biznes-reja va loyihalarning samaradorlik ko‘rsatkichlari past bo‘lganda to‘xtatilgan moliyaviy yordamni Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda tarmoq uyushmalari tomonidan belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha tiklash huquqi beriladi.

Kompaniya 2026-2028 yillarda 500 mlrd so‘m miqdorida korporativ obligatsiyalar chiqaradi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026 yildan boshlab har yili kompaniyaga uning buyurtmasiga ko‘ra "qayta moliyalashtirish" va "resurs joylashtirish" instrumentlari uchun 7 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda, Markaziy bank asosiy stavkasidan 2 foiz punktga past stavkada 300 mlrd so‘mgacha budjet ssudasini ajratadi.

2026 yil 1 yanvarga qadar kompaniyaning "Tadbirkor" axborot tizimi tashkilotlarning (ro‘yxat bo‘yicha) axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi.

Tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid