Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Ukraina «tarixiy» kelishuv ustida ishlamoqda
Kiyev dronlarini milliardlab dollarga pullaydi.
Efrem Lukatsky / AP / Scanpix / LETA
AQSh va Ukraina «tarixiy» kelishuv tuzishga tayyorlanmoqda, uning doirasida Vashington Kiyevdan jangovar sharoitlarda sinovdan o‘tgan eng yangi dron texnologiyalarini xarid qiladi, deb xabar berdi The Wall Street Journal. Bu texnologiyalar uchun Ukraina royalti yoki boshqa shaklda kompensatsiya oladi, kelishuvning umumiy qiymati esa milliardlab dollarni tashkil etishi mumkin.
30 sentabr kuni Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Sergey Boyev boshchiligidagi yuqori martabali mulozimlardan iborat delegatsiya Pentagon va Davlat departamenti bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Vashingtonga keldi.
Muzokaralar qancha davom etishi noma’lum. Shaxsi sir tutilishini so‘ragan amerikalik rasmiyning ta’kidlashicha, yakuniy imzolash jarayoni bir necha oy davom etishi mumkin. The Telegraph nashri yozishicha, muzokaralar AQShdagi hukumat shatdauni tufayli ancha sekinlashishi mumkin, chunki ko‘plab davlat xizmatchilari majburiy ravishda ta’tilga chiqarilgan.
WSJ AQShda ham murakkab dronlar ishlab chiqarilishini eslatgan, shu bilan birga, Ukraina bunday qurilmalarni ommaviy ishlab chiqarishda ancha ilgarilab ketgani, ular har kuni haqiqiy jangovar sharoitlarda o‘z samaradorligini isbotlayotgani qayd etilgan. Bundan tashqari, Ukrainada ishlab chiqarilgan dronlar arzon – ularning narxi G‘arb mamlakatlaridagi shunga o‘xshash apparatlar narxining atigi 20-30 foizini tashkil qiladi.
Muzokaralar jarayonidan xabardor manbalarning WSJ’ga ma’lum qilishicha, hozirda tomonlar texnologiyalarni o‘tkazishning bir nechta ehtimoliy mexanizmlarini o‘rganmoqda. Variantlar orasida Amerika kompaniyalariga royalti evaziga dron prototiplarini taqdim etish, ukrainlarning AQShda mustaqil ravishda dronlar ishlab chiqaradigan shu’ba korxonasini tashkil etishi yoki Vashingtonning o‘z harbiylari ehtiyojlari uchun Ukrainadan dronlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olishi ham bor.
Shuningdek, muzokaralar chog‘ida Ukraina dronlarida Xitoy butlovchi qismlaridan keng foydalanish muammosini hal qilish kerak bo‘ladi – Amerika kompaniyalari Xitoydan ehtiyot qismlar kerak bo‘lgan dronlarni ishlab chiqara olmaydi, chunki bu Vashington va Pekin o‘rtasidagi qarama-qarshilik sharoitida ta’minot zanjiri xavfsizligi talablariga zid keladi.
WSJ ta’kidlashicha, ehtimoliy kelishuv muhim siyosiy ahamiyatga ham ega, chunki Kiyev Donald Tramp bilan aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda, u o‘zidan oldingi Jo Baydendan farqli o‘laroq, Ukrainani Rossiya bilan urushda qo‘llab-quvvatlamaydi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 27 sentabr kuni dronlar bo‘yicha kelishuv «megakelishuv»ning bir qismi bo‘lishi mumkinligi, uning doirasida Kiyev Amerikaning milliardlab dollarlik qurollarini sotib olishini aytgandi. Boshqa narsalar qatorida, Ukraina hukumati uzoq masofali raketalarni ham olishga umid qilmoqda.
Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirda Ukraina oyiga bir necha o‘n mingdan bir necha yuz minggacha dron ishlab chiqaradi, urush boshida esa oyiga faqat bir necha yuz dron ishlab chiqarilgan. 2024 yildan boshlab Ukraina qo‘shinlarida alohida uchuvchisiz tizimlar kuchlari mavjud.
Ukrainaning dron ishlab chiqarish texnologiyalariga G‘arbdagi boshqa ittifoqchilar ham qiziqish bildirmoqda. Sentyabr oyi oxirida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevropa Ittifoqi Ukrainaga dronlar uchun ikki milliard yevro ajratishini aytgandi. Bu pullar, shu jumladan, kelajakda Yevropa Ittifoqining o‘zi foydalanishga umid qilayotgan eng yangi texnologiyalarga sarflanadi. Buyuk Britaniya va Daniya esa Kiyev bilan texnologiyalar almashinuvi va xorijda Ukraina dronlarini ishlab chiqarish bo‘yicha alohida shartnomalar tuzgan.
Mavzuga oid
22:17 / 08.12.2025
Dunyodagi eng yirik yuk samolyoti Toshkentga qo‘ndi
12:25 / 08.12.2025
Pechenej suv ombori to‘g‘oni Rossiya hujumi oqibatida zararlandi
11:00 / 08.12.2025
Berlin Pekindan Ukrainada “adolatli va barqaror tinchlik”ka hissa qo‘shishni so‘ramoqda
09:24 / 08.12.2025