Jahon | 13:52 / 06.10.2025
5388
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR Vashingtonning harakatlariga javoban «maxsus resurslar»ni ishga tushirdi

Kim Chen Inning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning strategik xavotirlari AQShning Janubiy Koreyada harbiy kuchini oshirishi fonida kuchaymoqda. Vashington Koreya yarimorolining janubiy qismiga 28 500 ga yaqin askarini joylashtirgan.

Foto: ALEXANDER KAZAKOV/AFP/Getty Images

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning ta’kidlashicha, KXDR Vashingtonning Janubiy Koreyada qo‘shinlarni ko‘paytirishiga javoban «maxsus resurslar»ni ishga tushirgan. KMTA (KCNA) axborot agentligi Shimoliy Koreya yetakchisining so‘zlarini 5 oktyabr, yakshanba kuni keltirdi. Siyosatchi Koreya Mehnat partiyasi tashkil etilganining 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy ko‘rgazmaga tashrif buyurdi.

«Dushmanlarimiz o‘z xavfsizligi haqida qayg‘urishi kerak, deb o‘ylayman», dedi Kim Chen In.

«AQSh-Janubiy Koreya yadroviy ittifoqi shiddat bilan rivojlanmoqda va ular xavfli ssenariylarni amalga oshirish uchun turli mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda», — deya uning so‘zlarini keltiradi AFP. «AQSh Janubiy Koreya mintaqasida harbiy salohiyatini oshirar ekan, bu mintaqaga nisbatan bizning strategik xavotirlarimiz ham ortib bormoqda», — deya qo‘shimcha qildi siyosatchi.

KMTA qaysi «maxsus resurslar» haqida gapirilayotganiga aniqlik kiritmadi. Agentlik tomonidan chop etilgan fotosuratlarda Kim Chen In yopiq ko‘rgazma markazida Shimoliy Koreya generallari qurshovida qurollar, jumladan, raketa yonidan o‘tayotganini ko‘rish mumkin.

Janubiy Koreya hukumati rasmiylariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiya bilan harbiy aloqalarini mustahkamlashda davom etmoqda. Kim Chen In Xitoy bilan ham munosabatlarni chuqurlashtirmoqda. Sentyabr oyida u Pekinga tashrif buyurdi.

AFP ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Shimoliy Koreyadan kelayotgan harbiy tahdidlarga qarshi turish uchun Koreya yarimorolining janubiy qismiga taxminan 28 500 askarini joylashtirgan. Sentyabr oyida Vashington 15-19 sentabr kunlari xavfsizlik bo‘yicha ittifoqchilari Janubiy Koreya va Yaponiya bilan Iron Mace qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.

Mavzuga oid