Jahon | 12:12 / 06.10.2025
1991
2 daqiqa o‘qiladi

Nepal va Hindistonda kuchli yog‘ingarchilik o‘nlab kishilar hayotiga zomin bo‘ldi

Himoloy tog‘larining tog‘li hududlaridagi kuchli yomg‘irlar ko‘chkilar va daryolar toshqiniga sabab bo‘ldi. Qutqaruvchilar yetib borish qiyin bo‘lgan qishloqlarga piyoda, vertolyot va motorli qayiqda bordi.

Foto: AP

Nepal va qo‘shni Hindistonda kuchli yog‘ingarchilik hamda ko‘chki va toshqinlar 60 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi. Nepalning tabiiy ofatlarni boshqarish milliy boshqarmasi vakili Shanti Maxatning 5 oktyabr, yakshanba kuni AFP'ga ma’lum qilishicha, tabiiy ofatlar oqibatida kamida 43 kishi halok bo‘lgan.

Ulardan 37 nafari mamlakat sharqidagi Ilam tumanida halok bo‘lgan. Yana besh nafari bedarak yo‘qolgan. Reuters agentligining xabar berishicha, Nepalda kamida 47 kishi halok bo‘lgan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, tog‘li Ilam tumanidagi bir qancha qishloqlarni ko‘chkilar yuvib ketgan.

Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatidagi Darjiling tumanida ham kuchli yomg‘ir suv toshqinlari va ko‘chkilarga sabab bo‘lib, uylar va infratuzilmani vayron qilgan. Oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi, dedi Hindiston parlamenti yuqori palatasi deputati Xarsh Vardxan Shringla AFP'ga.

Bosh vazir Narendra Modi «odamlar halok bo‘lganidan chuqur qayg‘uda» ekanini aytdi. «Darjiling va uning atrofidagi vaziyat kuchli yomg‘ir va ko‘chkilar ortidan diqqat bilan kuzatilmoqda», — deb yozdi Modi ijtimoiy tarmoqda.

3 oktyabr kuni Himoloy mintaqasida kuchli musson yomg‘irlari kuzatildi. Ikki kundan so‘ng qutqaruvchilar borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududdagi chekka qishloqlarga yetib bordi. Ba’zi yo‘llar vayron bo‘lganligi sababli, qutqaruvchilar jabrlangan hududlarga piyoda borishga majbur bo‘ldi, deyiladi xabarda. Qutqaruv operatsiyasiga vertolyotlar va motorli qayiqlar ham jalb qilingan. Ko‘chkilar avtomobil yo‘llarini to‘sib qo‘ygan va boshqa narsalar qatorida havo qatnovini to‘xtatgan. Daryolar qirg‘oqlaridan toshib ketdi, jumladan Nepal poytaxti Katmanduda.

Mavzuga oid