Jahon | 09:23 / 06.10.2025
5682
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiyaga hujum qildi - ijtimoiy tarmoqlarda neft bazasidagi yong‘in haqida xabar berildi

Ukraina qurolli kuchlari bir vaqtning o‘zida Rossiyaning bir nechta hududlariga hujum uyushtirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda neft bazasidagi portlashlar va issiqlik elektr stansiyasidagi yong‘in haqida xabarlar bor, rasmiylar Tambov, Yaroslavl, Kaluga, Krasnodar, Sochi va Gelenjik aeroportlarida cheklovlar haqida e’lon qilgan.

Foto: Telegram / Crimeanwind

6 oktyabr, dushanbaga o‘tar kechasi Ukraina Rossiyaning bir qancha hududlari va qo‘shib olingan Qrimda turli nishonlarga hujum qildi.

Ukraina uchuvchisiz uchoqlarining urib tushirilgani yoki Rossiyaning turli shaharlarida havo hududi yopilgani haqidagi xabarlar 5 oktyabr kuni kechqurun tarqaldi. Dronlar Belgorod va Voronej viloyatlari, shuningdek, Qrim uzra urib tushirilgan. Tambov, Nijniy Novgorod, Yaroslavl, Kaluga, Krasnodar, Sochi va Gelenjik aeroportlarida vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi. Stavropol o‘lkasida dron haqida ogohlantirish e’lon qilindi, Moskva meri Sergey Sobyanin esa poytaxt tomon yo‘l olgan uchuvchisiz uchoq urib tushirilgani haqida xabar berdi.

Portlovchi moddalar zavodi joylashgan Dzerjinsk va Nijniy Novgorod osmonida 10 dan ortiq portlash ovozi eshitildi, deb xabar beradi Rossiyaning Shot Telegram-kanali. Guvohlarga iqtibos keltirgan holda post mualliflari portlashlarga Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlarining Ukraina uchuvchisiz uchoqlarini urib tushirishi sabab bo‘lganini da’vo qilmoqda. Ayni paytda Ukraina Telegram-kanallarida 6 oktyabr kuni Dzerjinsk va Nijniy Novgorod aholisi tomonidan suratga olingani aytilayotgan videolavhalar chop etilmoqda. Ularda osmonda snaryadlar portlashi, ulardan birida yong‘in ko‘rinib turibdi. Mahalliy hukumat hozircha vaziyatga izoh bermadi.

Telegram-kanallar, jumladan, Rossiya kanallari Feodosiyaga hujumlar haqida xabar bermoqda. Shaharda joylashgan neft omborida yong‘in chiqqani aytilmoqda. Ukrainaning «Krymskiy veter» Telegram-kanali Yevpatoriya va Uyutnoye qishlog‘i o‘rtasidagi harbiy qismda joylashgan radarlardan biri Ukraina Qurolli kuchlari hujumi natijasida shikastlangani haqida xabar berdi.

5 oktyabr kuni kechqurun Bryansk viloyati aholisi ham raketa haqida ogohlantirish oldi. Mahalliy Telegram-kanallari Klinsi tumani uchun raketa ogohlantirishi berilganidan so‘ng Klinsi shahridagi issiqlik elektr stansiyasi yonib ketgani haqida xabar berdi. Shuningdek, ular yong‘in sodir bo‘lgan paytda mahalliy aholi tomonidan olingani aytilayotgan fotosuratlar va videolarni ham nashr etdi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, shuningdek, Klinsi shahrida issiqlik ta’minoti uzilgani, yaqin atrofdagi Starodub shahrida esa elektr ta’minoti yo‘qligi haqida xabar bermoqda. Mahalliy hokimiyatdan hozircha rasmiy izoh yo‘q.

Ayni paytda Bryansk viloyati gubernatori Aleksandr Bogomaz o‘zining Telegram-kanalida hech qanday yong‘in haqida xabar bermagan. 6 oktyabrga o‘tar kechasi u Klinsovskiy va Unechskiy tumanlarida raketa xavfi haqida xabar berib, mahalliy aholini iloji bo‘lsa uyda qolishga chaqirdi. Biroq oradan 10 daqiqa o‘tar-o‘tmas u raketa ogohlantirishi bekor qilinganini bildirdi.

Mavzuga oid