Jahon | 21:47 / 06.10.2025
4243
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy AQSh Ukraina uchun Patriot xaridlariga ruxsat berganini aytdi

Endi masala faqat pulda, dedi Ukraina rahbari.

Foto: Global Look Press

AQSh Kiyevga Patriot havo mudofaa tizimlari va ular uchun raketalar sotib olish imkoniyatini ochdi, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy matbuot anjumanida.

«Amerikaliklar Patriot sotib olish imkoniyatlarini, nafaqat raketalarni, balki tizimlarni ham ochdi. Endi masala faqat pulda. Ya’ni ko‘ryapsizmi, plyuslar ham, minuslar ham bor», dedi u.

Zelenskiyning ma’lum qilishicha, qishda Ukrainani himoya qilish ko‘p jihatdan AQShdan sotib olinadigan havo hujumidan mudofaa raketalariga bog‘liq. Kiyevning ittifoqchilari orasida buni tushunadigan va PURL (Prioritised Ukraine Requiremens List - Ukrainaning ustuvor ehtiyojlari ro‘yxati) dasturi doirasida moliyalashtiradigan «juda mas’uliyatli davlatlar» bor. U Germaniya, Niderlandiya, Kanada, Shvetsiya, Daniya, Norvegiya, Belgiya, Boltiqbo‘yi mamlakatlari va boshqalarni sanab o‘tdi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev ittifoqchilar bilan ularning qurol sotib olishga hissasi bo‘yicha qayta muzokaralarni boshlagan. «Chunki biz boshqa davlatlarda tezlikni ko‘rmayapmiz. Afsuski. Shuning uchun vaziyat bugungi kunda ushbu davlatlarga bog‘liq», dedi Ukraina prezidenti.

Gap aynan qaysi davlatlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi. Shu bilan birga, Zelenskiy AQSh tomonidan xaridlar uchun hech qanday to‘siq yo‘qligini yana bir bor ta’kidladi.

Yozda AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga 17 ta Patriot majmuasini yetkazib berishga tayyorligini e’lon qildi, uning so‘zlariga ko‘ra, ular uchun Yevropa davlatlari pul to‘laydi, u bir nechta tizimlarni «juda tez» yetkazishga va’da berdi. Zelenskiy G‘arbdan havo hujumidan mudofaa, jumladan, Patriot yetkazib berishni ko‘paytirishni bir necha bor so‘ragan.

Rossiya Kiyevga qurol yetkazib berilishiga qarshi. Yevropa davlatlari Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlashni davom ettirib, «o‘zlariga zarar bermoqda», deb ta’kidladi TIV.

Mavzuga oid