Jahon | 21:03 / 07.10.2025
2562
4 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: Turkiy dunyo mintaqaviy barqarorlikka salmoqli hissa qo‘shishi mumkin

Turkiya yetakchisi Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlarining 12-sammitida nutq so‘zladi.

Foto: azertag.az

Turkiy dunyo mamlakatlari mintaqa barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashda yanada samarali rol o‘ynashi mumkin. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Ozarboyjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining 12-sammitidagi nutqida aytib o‘tdi.

Turkiya rahbari o‘z nutqida Suriyadagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi. «Suriya hukumati tomonidan so‘nggi to‘qqiz oy ichida ko‘plab to‘siqlarga qaramay erishilgan yutuqlar optimistik ruh bag‘ishlaydi», dedi u.

Erdo‘g‘an turkiy davlatlarni «Suriyaning hududiy yaxlitligi va birligini» qo‘llab-quvvatlashga va Suriya hukumati bilan hamkorlikni faollashtirishga chaqirdi.

Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, Turkiya nafaqat Janubiy Kavkazdagi jarayonlarning rivojlanishini kuzatib boradi, balki mintaqada tinchlik va barqarorlik o‘rnatish yo‘lidagi qadamlarni chin dildan qo‘llab-quvvatlaydi. U shuningdek, Ozarboyjon va Armanistonning 8 avgustdagi qo‘shma bayonotini olqishladi va uni «mintaqada tinchlik va barqarorlik sari ijobiy qadam» deb atadi.

Turkiya prezidentining aytishicha, Isroilning yaqinda Qatarga uyushtirgan hujumlari mintaqaviy barqarorlikka eng katta tahdid ushbu mamlakatning amaldagi hokimiyatidan kelayotganini ko‘rsatmoqda.

Davlat rahbari «G‘azo sektorida 66 ming begunoh insonning hayotiga zomin bo‘lgan qirg‘inni to‘xtatishga qaratilgan so‘nggi jarayonlardan» mamnunligini bildirdi.

«Ishonchimiz komil, Falastin xalqining xalqaro huquq me’yorlaridan kelib chiqadigan huquqlariga asoslangan ikki davlat tuzish to‘g‘risidagi qarorgina mustahkam va adolatli tinchlikka yo‘l ochadi. Biz bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni qat’iy davom ettiramiz», dedi u.

Turkiya rahbari mavjud xalqaro tizimning samarasizligini yana bir bor ta’kidladi. «Biz BMT Xavfsizlik Kengashi insoniyat vijdonini haqorat qiladigan ko‘plab masalalarni e’tiborsiz qoldiradigan xalqaro tizim bilan ish olib bormoqdamiz», dedi u.

Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, TDT «o‘zgaruvchan voqelikka» moslashishi, «adolatli ishni himoya qiladigan va xalqaro masalalar bo‘yicha yagona pozitsiyani egallagan ishonchli, prinsipial tuzilmaga» aylanishi kerak.

Turkiya prezidenti terrorizm, noqonuniy migratsiya, kibertahdidlar va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda tashkilotga a’zo mamlakatlarning yakdil pozitsiyasi muhim ekanini ta’kidladi.

Siyosatchi, shuningdek, Turkiya Chingiz Aytmatov va «O‘g‘uznoma» haqidagi kitobni shunday alifboda nashr etish orqali turkiy mamlakatlar uchun umumiy alifboni joriy etish yo‘lida birinchi qadamni qo‘yayotganini aytdi.

Prezident Erdo‘g‘an o‘z nutqi yakunida sammit davomida turkiy davlatlar «birdamlik, o‘zaro hurmat va qardoshlikni» yana bir bor namoyish etganini ta’kidladi.

Mavzuga oid