Jahon | 08:12 / 07.10.2025
4887
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi

Misrning Sharm ash-Shayx shahrida Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi raundi «ijobiy muhitda» yakunlandi. Muzokaralar 7 oktyabrda davom etishi kutilmoqda. Tramp ikki tomon tez orada kelishuvga erishishiga umid bildirdi.

Foto: AFP

Misrning Sharm ash-Shayx shahrida Isroil va Falastinning HAMAS tashkiloti o‘rtasida tinchlik muzokaralarining birinchi raundi yakunlandi. Bu haqda Reuters 7 oktyabr, seshanbaga o‘tar kechasi Falastin rasmiysiga tayanib xabar berdi.

6 oktyabr kungi muzokaralar chog‘ida HAMAS boshqa narsalar qatori garovga olinganlarni ozod qilish jarayoniga oid qarashini, shuningdek, Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqish ko‘lami va jadvalini bayon qildi. Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar tomonidan terrorchi tashkilot deb topilgan tashkilot, shuningdek, Isroilning doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni to‘liq olib chiqishi masalasi bo‘yicha xavotir bildirdi.

Shunga qaramay, muzokaralarning birinchi raundi «ijobiy muhitda» yakunlandi, deb yozadi dpa arab OAVga, AFP esa Misr davlat matbuotiga tayanib. Tomonlar muzokaralarni 7 oktyabr kuni davom ettirishi kutilmoqda.

Sharm ash-Shayxdagi muzokaralar 6 oktyabr kuni boshlandi. Tomonlar birinchi navbatda Tramp ma’muriyati tomonidan 29 sentabrda taklif etilgan G‘azo sektoridagi urushni tugatish bo‘yicha 20 banddan iborat rejani muhokama qilmoqda. Boshqa narsalar qatori, unda HAMAS tomonidan garovga olingan isroilliklarni ozod qilish va Isroil armiyasini Falastin hududidan bosqichma-bosqich olib chiqib ketish talab etiladi. Isroil, o‘z navbatida, umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan 250 nafar falastinlik mahbusni ozod qilishi kerak.

Sentyabr oyi oxirida Vashingtonga tashrifi chog‘ida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Trampning rejasini qo‘llab-quvvatlagan edi. HAMAS vakillari ham oktyabr oyi boshida AQSh prezidenti taklif qilgan fikrlarga qisman rozi bo‘ldi.

Mavzuga oid