Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiy davlatlarga harbiy mashg‘ulot taklif qilgan Aliyev, Putin bosib olgan hududlar va Oq uyda UFC jangi – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Hamas-Isroil muzokaralari
Muzokaralarning ikkinchi kunida Hamas G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha prezident Donald Trampning rejasiga asoslangan kelishuvga tayyorligini, biroq hali ham bir qator talablari mavjudligini e’lon qildi.
Chorshanba kundagi muzokaralarga Qatar bosh vaziri shayx Abdulrahmon Ol Soni ham qo‘shilishi kutilmoqda. Maxsus vakil Stiv Uitkoff va Jared Kushnerni o‘z ichiga olgan AQSh delegatsiyasi ham muzokaralar uchun yo‘lga chiqqan. Bundan tashqari, Turkiya Milliy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Ibrohim Kalin ham muzokaralarda qatnashadi.
Muzokaralar bilan tanish manbaning aytishicha, seshanba kungi sessiya ijobiy muhitda yakunlangan, ertangi kun esa «hal qiluvchi ko‘rsatkich» bo‘ladi.
Hamas rahbari Xalil al-Hayya Qohira nashriga bergan intervyusida «jiddiy va mas’uliyatli muzokaralar olib borish uchun» kelganini aytdi. Unga ko‘ra, Hamas kelishuvga tayyor, biroq «urushni to‘xtatish va u takrorlanmasligiga kafolat» zarur. Hamas vakili Favzi Barhum delegatsiya «xalqimiz istaklariga javob beradigan kelishuvga erishish uchun barcha to‘siqlarni yengishga harakat qilayotganini» aytdi.
Hamas doimiy va to‘liq sulhni, Isroil qo‘shinlarining chiqib ketishini hamda «falastinlik texnokratlar nazorati ostidagi qayta qurish jarayonining zudlik bilan boshlanishini» talab qilmoqda. Netanyahu esa muzokaralar holati haqida bevosita izoh bermadi, biroq X ijtimoiy tarmog‘ida «qaror qabul qiluvchi kunlar yaqinlashayotganini» yozdi.
Kecha, 7 oktyabr kuni Isroil va Hamas o‘rtasida boshlangan urushga 2 yil to‘ldi. G‘azo rasmiylariga ko‘ra, 2023 yilgi hujumdan beri Isroil hujumlari oqibatida 67 ming kishi halok bo‘lgan, hudud vayronaga aylangan. Isroil tomoni esa 1200 kishi o‘ldirilgani va jami 251 kishi garovga olinganini bildirgan. Shu bilan birga, BMT komissiyasi va o‘nlab xalqaro tashkilotlar allaqachon Isroil urushi genotsidga aylanganini tan olgan.
Ushbu kelishuvlar — urushni yakunlash bo‘yicha hozirgacha eng istiqbolli bosqich sifatida ko‘rilmoqda. Biroq kelishuvga erishilgan taqdirda ham G‘azoni kim boshqarishi, uni kim qayta tiklashi va moliyalashtirishi masalalari ochiq qoladi. Tramp ham, Netanyahu ham Hamasning bu jarayonda ishtirok etishini qat’iyan rad etgan.
Rossiya Ukrainada bosib olgan hududlar
Rossiya prezidenti seshanba kuni Mudofaa vazirligi va Bosh shtab rahbariyati bilan uchrashuvdagi nutqida so‘nggi oylarda Ukraina hududining egallab olingani haqidagi ma’lumotlarni takrorladi, bu ma’lumotlarni ukrainalik kuzatuvchilar avvalroq Rossiya hujumi sekinlashgani belgisi sifatida baholagan edi.
Xususan, uchrashuvda Putin 2025 yil boshidan buyon Rossiya qo‘shinlari «deyarli besh ming kvadrat kilometr hududni — 4900 ta hududni va 212 ta aholi punktini» qo‘lga kiritganini ta’kidladi.
OAV xabarlariga ko‘ra, avgust oyida Kreml rahbari Kiyevdan Ukraina Qurolli kuchlarini o‘zlari nazorat qilgan Donbass hududidan olib chiqib ketishni talab qilgan — bu tinchlik muzokaralari uchun zaruriy shart bo‘lishi kerak edi.
Donetsk viloyatida Ukraina hududning taxminan 30 foizini, salkam 8000 kvadrat kilometrni nazorat qilgan. Bu degani – Putin yil boshidan beri rossiyaliklar bosib olganidan ko‘ra ko‘proq hududni Rossiyaga jangsiz berishni talab qilmoqda.
Turkiy davlatlar qo‘shma harbiy mashg‘ulot o‘tkazishi mumkin
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarga 2026 yilda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishni taklif qildi. Aliyev bu haqda mamlakatning Gabala shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining 12-sammitida aytdi.
U turkiy davlatlar bir vaqtning o‘zida bir nechta sohalarda, jumladan, harbiy va mudofaa sohalarida keng hamkorlik qilayotganini eslatdi.
«2026 yilda Ozarboyjonda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini o‘tkazishni taklif qilamiz», dedi u.
O‘z navbatida, TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev birlashma negizida harbiy blok tuzilishini rad etdi. Buning o‘rniga, bosh kotibning ta’kidlashicha, turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi formati – TDT+ tasdiqlanadi. U tashkilotga a’zo bo‘lmagan davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi.
«Men darhol ta’kidlamoqchiman — gap ba’zi jurnalistlar talqin qilmoqchi bo‘lganidek, qandaydir yopiq yoki harbiy blok haqida ketmayapti. Bu noto‘g‘ri», dedi bosh kotib.
Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an esa turkiy dunyo mamlakatlari mintaqa barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashda yanada samarali rol o‘ynashi mumkinligini aytdi. Turkiya rahbari o‘z nutqida Suriyadagi vaziyatga ham to‘xtalib, turkiy davlatlarni «Suriyaning hududiy yaxlitligi va birligini» qo‘llab-quvvatlashga va Suriya hukumati bilan hamkorlikni faollashtirishga chaqirdi.
Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, TDT «o‘zgaruvchan voqelikka» moslashishi, «adolatli ishni himoya qiladigan va xalqaro masalalar bo‘yicha yagona pozitsiyani egallagan ishonchli, prinsipial tuzilmaga» aylanishi kerak.
Oq uyda UFC jangi
Tinib-tinchimagan AQSh prezidenti Donald Tramp 2026 yil 14 iyun kuni Oq uy hududida UFC shafeligida jang o‘tkazilishini e’lon qildi. Sana tasodifan tanlanmagan – 14 iyun 80 yoshga to‘ladigan Donald Trampning tug‘ilgan kuniga, shuningdek, AQSh bayrog‘i kuniga to‘g‘ri keladi. Tadbir Oq uyning Janubiy maysazori (South Lawn)da o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu prezident qarorgohi hududida professional sport jangi o‘tkaziladigan birinchi holat bo‘ladi.
UFC prezidenti Dana Uayt uzoq vaqtdan beri Tramp bilan do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan. U bir necha bor uning kampaniyalarida qatnashgan va ommaviy ravishda qo‘llab-quvvatlagan.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, shouni tashkil etish uchun taxminan 700 ming dollar kerak bo‘ladi – jumladan, janglardan keyin Oq uydagi maysazorni tiklash uchun ham. UFC brendiga egalik qiluvchi TKO Group Holdings bosh kompaniyasi bo‘lajak tadbirga hozircha rasman izoh bermadi.
Sana allaqachon e’lon qilingan bo‘lsa-da, janglar xaritasi hali tasdiqlanmagan. Oq uy ham tadbir o‘tkazilishini ochiq tasdiqlamadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, prezident qarorgohi hududida bo‘lib o‘tadigan UFC jangi savollar tug‘dirishi mumkin – xavfsizlik va moliyalashtirishdan tortib, bunday shouning ramzlari va etikasigacha.
Ekvadorda prezidentga «suiqasd»
Ekvadorda prezident Daniel Noboa hayotiga suiqasd uyushtirishga urinish yuzasidan besh kishi qo‘lga olindi.
CNN nashrining yozishicha, Noboa kortejda ketayotganida uning mashinasi atrofini taxminan 500 nafar odam o‘rab olib, tosh otgan. Prezident o‘zi borayotgan joyda infratuzilma loyihalari to‘g‘risida e’lon qilishni rejalashtirgan edi. Keyinchalik avtomobilda o‘q izlariga o‘xshash zarbalar aniqlangan, biroq Noboa jarohat olmagan.
Ekvador prezidenti matbuot xizmati tarqatgan videoda yo‘lning ikki tomonida yuzlab odamlar qo‘l silkitib, baqirayotganini, kortej yaqinlashganda esa oldinga yugurib, tosh otayotganini ko‘rish mumkin. Ayrim avtomobillar oynalari yorilgan. Videoda «bosh egib o‘tir!» deya vahimali ovoz eshitiladi.
Rasmiylar ayblanayotgan shaxslar «terrorizm» va «qasd bilan odam o‘ldirishga urinish» moddalariga ko‘ra javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi.
Hujumlar hukumatning dizel yoqilg‘isiga berilgan subsidiyani bekor qilish qaroridan keyin boshlangan noroziliklar fonida yuz bermoqda. Hukumat bu chorani davlat xarajatlarini kamaytirish, yoqilg‘i kontrabandasi bilan kurashish va ijtimoiy dasturlarga mablag‘ ajratish uchun zarur deb izohlagan.
So‘nggi haftalarda asosan Ekvadorning mahalliy (tub) aholisi boshchiligidagi namoyishchilar yo‘llarni to‘sib qo‘ydi, xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlar yuz berdi. O‘tgan hafta bir fuqaro halok bo‘ldi, bir necha kishi yaralandi.
Mahalliy aholining yetakchilari shuningdek hukumatni ajdodlar yerlarida nazoratsiz kon qazish va neft burg‘ilash ishlariga ruxsat berayotganlikda tanqid qilmoqda. Prezident Daniel Noboa esa yoqilg‘i subsidiyasini qisqartirish qarori o‘zgarishsiz qolishini qat’iy ta’kidladi.
Mavzuga oid
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025
Putinning Yevropaga tahdidi, AQShda yangi migratsion cheklovlar, Janubiy Osiyodagi suv toshqinlari va Kremldagi muzokaralar – kun dayjesti
15:56 / 02.12.2025