AQSh davlat qarzining shiddat bilan ortib borayotgani, siyosiy beqarorlik va savdo nizolari fonida dollarning yetakchilik mavqei pasayib boryapti. Yevropa Markaziy banki yevroni muqobil alternativ sifatida targ‘ib qilayotgan bo‘lsa, Xitoy tomoni yuanning xalqaro to‘lov tizimidagi o‘rnini kengaytirish ustida jiddiy ishlayapti. Global moliya tizimi «ko‘p qutbli» tartibotga qaytyaptimi?

2025 yilga kelib dollar gegemonligining pasaya boshlayotgani haqida har doimgidan ham ko‘p gapirilyapti. Iyun oyida Yevropa Markaziy banki prezidenti Kristin Lagard AQSh valutasining global miqyosdagi hukmronligi davom etishini shubha ostiga oldi. Bu esa yevroga moliyaviy maydonda yanada muhim o‘rin egallash imkonini beradi. Xitoy Xalq banki raisi Pan Gunshen ham bir valutaga haddan ortiq bog‘liqlik xavfi haqida ogohlantirish bilan chiqdi. Uning fikricha, gegemon valutani chiqarayotgan mamlakatdagi iqtisodiy muammolar global inqirozga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, bu valuta geosiyosiy keskinlik paytida sanksiya quroliga aylanadi.

«Sog‘lom raqobat zarur», dedi Xitoy Markaziy banki rahbari.

Pan Gunshenning fikricha, so‘nggi yigirma yil ichida xalqaro valuta tizimidagi eng muhim voqealar bu – yevroning joriy etilishi va xitoy yuani kursining o‘sishi bo‘lgan.

TRT’ning yozishicha, Amerika valutasi xalqaro hisob-kitoblar va aktivlarda o‘zining maxsus o‘rnini saqlab qolyapti. Xususan, joriy yilning iyun oyida SWIFT orqali o‘tgan to‘lovlarning 58 foizi dollarda amalga oshirilgan. Yevro bu borada ikkinchi o‘rinda bo‘lsa, yuan esa atigi 3 foiz bilan oltinchi o‘rinni egallagan. Jahon savdosida ham AQSh dollari faol ishlatiladi. 2023 yilda barcha xalqaro shartnomalarning deyarli 40 foizi dollarda imzolangan. Yevroning ulushi ham shuncha, ammo asosan Yevropa Ittifoqi ichidagi va Yevropa–Afrika o‘rtasidagi savdo shartnomalarida. Shuningdek, dunyo markaziy banklari ham AQSh dollarini afzal ko‘radi. O‘tgan yili Markaziy banklarning xalqaro zaxiralarida dollarning ulushi 46 foizni tashkil etgan. Bu yevroda 16 foiz, oltinda 20 foiz.

«Dunyo valuta bozoridagi bitimlarning 88 foizi dollarda amalga oshiriladi», deydi Whitebird birjasi bo‘limi rahbari o‘rinbosari Yan Pinchuk.

Bundan tashqari, butun dunyodagi valuta ayirboshlash operatsiyalarining asosi ham dollarga bog‘langan. Ya’ni «dollar — boshqa valuta» juftliklari bozorning 90 foizidan ortig‘ini egallaydi.