O‘zbekiston | 23:07 / 10.10.2025
5482
4 daqiqa o‘qiladi

Jizzax bog‘chalarida zaharlanish va kiyim ishlab chiqarishda yangi rekord – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Jizzaxda bog‘cha bolalari ommaviy zaharlandi

Forish tumanidagi 4 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasining 37 nafar tarbiyalanuvchisi isitma ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi va holsizlik kabi shikoyatlar bilan shifoxonaga murojaat qilgan.

Shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan epidemiologik surishtiruv davomida bolalar 8 oktyabr kuni maktabgacha ta’lim muassasalarida biokefir, pishloq va sariyog‘ kabi mahsulotlar iste’mol qilgani aniqlangan. Ularga anamnez va birinchi tekshiruvlar asosida «o‘tkir diareya» tashxisi qo‘yilib, statsionar ravishda tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan Forish tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va surishtiruv olib borilmoqda.

Issiqxona sohasini rivojlantirish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi

«Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini ko‘paytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan maqsad meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini ko‘paytirish, issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish hamda yangi zaxira va imkoniyatlarni ishga solish ekani ta’kidlanmoqda.

Farmon bilan issiqxona xo‘jaliklarini tabiiy gaz bilan kafolatli ta’minlagan holda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmini 2026 yilda – 620 ming tonnaga, 2027 yilda 670 ming tonnaga yetkazish, ushbu mahsulotlarning eksporti hajmini 30 foizdan 70 foizga oshirish maqsadli ko‘rsatkich etib belgilandi.

O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarishda yangi rekord qayd etildi

2025 yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan 24,4 trln so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davri bilan solishtirilganda 16,9 foiz o‘sgan.

Hududlar kesimida kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchilar: Andijon viloyati – 9,6 trln so‘m; Namangan viloyati – 2,7 trln so‘m va Toshkent viloyati – 2,6 trln so‘m.

O‘zbekiston bozorida UzAuto Motors ulushi 83 foizgacha qisqardi

2024 yil yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonda sotilgan har 100 ta mashinaning 89 donasi Chevrolet brendiga tegishli bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan 9 oyida bu ko‘rsatkich 83 tagacha qisqardi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida UzAuto Motors 141 304 dona, Khorezm Auto 103 837 dona, ADM Jizzakh 32 987 dona, BYD Uzbekistan Factory 16 846 dona, Asaka Motors 937 dona, SamAuto 341 dona, Alyans Auto 79 dona avtomobilni xaridorlarga yetkazib bergan. Taqqoslash uchun, 2024 yilning yanvar-sentabr oylarida Shevrolet brendi ostidagi 303 373 dona mashina sotilgan. Bu joriy yildagi sotuv miqdoridan ham 26 mingtaga ko‘p.

Bank kartasi bloklanganda nima qilish kerak?

Bank kartalari blokirovkasi – turli sabablar bilan uchrab turadigan, har kim bilan ro‘y berishi mumkin bo‘lgan holat. Shu sabab to‘g‘ri yechimlarni bilib qo‘yish foydadan xoli emas.

Bloklash – bu karta orqali to‘lovlarni amalga oshirishga taqiq qo‘yishdir. Ya’ni kartadan foydalana olmay qolasiz. To‘lov qilish, pul o‘tkazish va o‘tkazmalarni qabul qilish yoki naqd pul yechish imkonsiz bo‘lib qoladi.

Bank kartani mijozning talabi yoki o‘z tashabbusi bilan bloklashi mumkin, buning asosiy sababi – mijoz pullarining xavfsizligini ta’minlash hisoblanadi.

Mavzuga oid