Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya yana Ukrainani yoppasiga o‘qqa tutdi
Rossiya raketalar va dronlar bilan energetika tizimlari hamda turar joylarga zarba bergan. Harorat pasaygan bir vaqtda yuz minglab kishilar elektr ta’minotisiz qolgan.
RF qurolli kuchlari 10 oktyabrga o‘tar kechasi turli turdagi zarbdor dronlar va raketalardan foydalangan holda Ukraina hududlariga hujum uyushtirdi.
Oleksandr Gusev / Global Images Ukraine / Getty Images
Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya 465 ta dron va 32 ta raketa, jumladan, X-47M2 «Kinjal» rusumli ikkita gipertovushli aeroballistik raketalarini qo‘llagan. Ukraina qurolli kuchlari 405 ta dron va 15 ta raketa, jumladan, bitta «Kinjal» raketasini urib tushirishga yoki zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning to‘rtta raketasi belgilangan nishonga yeta olmaganini bildirgan.
Ukraina hukumati 19 ta joyda 13 ta raketa va 60 ta zarbdor dronning to‘g‘ridan to‘g‘ri urilishini qayd etdi. Bundan tashqari, yettita joyga dronlar parchalari qulagan.
Kiyev va Ukrainaning 10 ga yaqin hududi zarbaga uchragan. Hujumlarning asosiy maqsadi energetika infratuzilmasi bo‘lgan. Kiyev va ko‘plab oblastlarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, zarba oqibatida Zaporijjyada yetti yoshli bola halok bo‘lgan, 30 dan ortiq kishi jarohatlangan.
Yopirilma zarba oqibatlari
Kiyev. Pechorsk rayonida Rossiya droni parchalari Lesi Ukrainka bulvaridagi 17 qavatli ko‘p qavatli turar joy binosiga kelib tushgan. Kiyev shahri meri Vitaliy Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, bir necha qavatdagi xonadonlarni yong‘in qamrab olgan, qutqaruvchilar yong‘inni bartaraf etgan.
Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, RF qurolli kuchlari shaharning muhim infratuzilmasiga hujum uyushtirgan. Shu sababli Kiyevda elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan, Dnipro daryosining chap sohili elektrsiz qolgan, suv ta’minotida muammolar paydo bo‘lgan. O‘ng sohilda Goloseyevskiy, Solomenskiy va Pecherskiy rayonlarida elektr va suv qisman yo‘qoldi, deb xabar berdi shahar harbiy ma’muriyati.
Soat 10:15 ga kelib, 5800 dan ortiq turar joy binolari chiroqsiz qoldi. Elektr energiyasi yo‘qligi sababli trolleybus va tramvay yo‘nalishlarining bir qismi ishlamadi, yo‘nalishlarga qo‘shimcha avtobuslar chiqarildi. Shaharda metro faoliyati cheklandi. Kunning ikkinchi yarmiga kelib energetiklar Kiyevdagi 270 ming abonentga elektr energiyasini qaytardi.
Ukrinform / NurPhoto / Getty Images
Kiyevning Goloseyevskiy rayonida hujum oqibatida o‘n qavatli uyning beshinchi qavatidagi fasad va oynalar shikastlangan, hovlidagi avtomobillar yonib ketgan. Desnyanskiy rayonida urib tushirilgan raketa bo‘laklari poliklinika yaqinidagi hududga qulagan.
Klichkoning aytishicha, Kiyevda Rossiya qurolli kuchlari hujumi oqibatida 12 kishi jarohatlangan, ulardan sakkiz nafari kasalxonaga yotqizilgan. Jabrlanganlarning aksariyati - 11 kishi Lesi Ukrainka xiyobonidagi uyga parchalar tushishi oqibatida jarohatlangan.
Sergey Dolzhenko / EPA / Scanpix / LETA
Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images
Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images
Kiyev oblasti. Energetika infratuzilmasi zarba ostida qoldi. Rasmiylarga ko‘ra, regionda 110 ming iste’molchi, asosan, Brovari va Borispol rayonlaridagi aholi elektr ta’minotisiz qolgan. Energetiklar muhim va ijtimoiy infratuzilma obektlarini generatorlarga o‘tkazgan. Maktablarda isinib olish uchun punktlar tashkil etilgan. Brovarida uchta ko‘p qavatli uy, to‘rtta oziq-ovqat do‘koni, avtomobillar shikastlangan. Aholi orasida jarohat olganlar yo‘q.
Alina Smutko / Reuters / Scanpix / LETA
Cherkass oblasti. Regionda muhim infratuzilma obektlari xavf ostida qoldi. Oblast ma’muriyati rahbari Igor Taburetsning ma’lum qilishicha, GES to‘g‘oni bo‘ylab harakat to‘xtatilgan. Energetika uskunalari shikastlanishi tufayli ertalab soat 8:45 dan boshlab Cherkass oblastining turli hududlarida elektr energiyasi favqulodda o‘chirilmoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, mahalliy havo hujumidan mudofaa kuchlari Rossiyaning sakkizta dronini, shuningdek, qanotli raketasini zararsizlantirgan. Urib tushirilgan raketa bo‘laklari Kanev shahridagi ko‘p qavatli uyga zarar yetkazgan.
Hujum oqibatida 10 kishi, jumladan, 10 yoshli bola jarohatlangan. Yettita ko‘p qavatli va bitta xususiy uy shikastlangan.
Zaporijjya oblasti. Rossiya qurolli kuchlari Zaporijjya shahriga hujum qildi. Rasmiylarga ko‘ra, 12 ta ko‘p qavatli va sakkizta xususiy uyga zarar yetgan. Gaz infratuzilmasi obektlari zarbaga uchragan, shu sababli mahalliy aholining uylariga gaz yetkazib berish vaqtincha cheklangan. Ogohlantirish chorasi sifatida DniproGES to‘g‘oni orqali o‘tish bir necha soatga to‘sib qo‘yildi.
Hujum oqibatida yetti yoshli bola halok bo‘lgan. Yetti kishi, jumladan, halok bo‘lgan bolaning ota-onasi yaralangan. Mahalli OAV ma’lumotlariga ko‘ra, bolaning otasi yaqinda uch yillik asirlikdan keyin Rossiyadan qaytib kelgandi.
Dnipropetrovsk oblasti. Dniproda, Kamenskda, Kriviy Rih hududida portlashlar sodir bo‘ldi. Energetika infratuzilmasi zarba ostida qoldi. Turli obektlarda, jumladan, turar joy binolarida yong‘inlar sodir bo‘lgan. Kriviy Rihda korxonalardan biriga hujum qilingan. Besh kishi jarohatlangan, ularning aksariyati o‘rtacha og‘ir ahvolda.
Kirovograd oblasti. Rossiya hujumi natijasida Svetlovodskdagi «Dnipro-Kirovograd» suv nasos stansiyasi o‘chirildi. Oblastda elektr energiyasida avariyaviy o‘chirishlar yuzaga keldi. Rasmiylar aholini elektr va suvni tejashga chaqirgan. Jarohatlanganlar yo‘q.
Poltava oblasti. Parchalar qulashi va to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbalar natijasida Kremenchug rayonidagi energetika infratuzilmasi obekti shikastlangan. 17 mingdan ortiq iste’molchi elektr ta’minotisiz qolgan. Xususiy uylar shikastlangan. Jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.
Chernihiv oblasti. Zarbdor dron Nejinsk rayonidagi energetika obektiga hujum qildi, regionda elektr energiyasi favqulodda o‘chirilmoqda. Yana bir nomi aytilmagan infratuzilma obekti shikastlangan.
Sumi oblasti. Hududda Rossiya qurolli kuchlarining energetika obektlariga hujumi tufayli favqulodda o‘chirish jadvallari joriy etildi. Shaharda issiq suv va gaz ta’minoti qisman o‘chirildi.
Bundan tashqari, Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Xarkiv, Donetsk va Odessa oblastlarida ham elektr energiyasi o‘chirilgan.
Jose Colon / Anadolu / Getty Images
Hujumga reaksiya
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya «normal hayotni ta’minlaydigan hamma narsaga qarshi» raketa va dronlarni qo‘llab, «surbetlarcha va o‘ylangan hujum»ni amalga oshirgani haqida aytdi.
«Aynan fuqarolik, energetika infratuzilmasi – isitish mavsumi oldidan Rossiya zarbalarining asosiy nishoni. Birgalikda biz odamlarni bu terrordan himoya qila olamiz. Quruq gaplar emas, qat’iy harakatlar kerak – havo hujumidan mudofaa ta’minotini amalga oshirishda, sanksiyalarda. «Yigirmatalik» guruhining, nutqlarida tinchlik haqida gapiradigan, ammo haqiqiy qadamlardan o‘zini tiyadiganlarning bu shafqatsizlikka munosabatini kutamiz. Dunyo bu jinoyatlardan himoyalanishi mumkin va bu, albatta, global xavfsizlikka qo‘shimcha bo‘ladi. Yordam berayotgan barchaga rahmat».
Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiganing ta’kidlashicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 10 oktyabr kuni – «2022 yilda Ukraina energetika infratuzilmasiga birinchi ommaviy hujumning uch yilligi munosabati bilan» yopirilma zarba bergan.
«Bu uch yil ichida u o‘zining tajovuzkor harakatlari, terrorchilik usullari va ultimatumlarini o‘zgartirmaganini va har qanday muhim diplomatik va tinchlikparvar sa’y-harakatlarni rad etishda davom etayotganini qasddan namoyish etishdir.
Rossiya Hamasdan yomonroq. Hatto Hamas ham o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik harakatlariga rozi bo‘ldi. Aksincha, Moskva o‘zi boshlagan bema’ni urushni – o‘zi yuta olmaydigan va yutishni istamaydigan urushni davom ettirmoqda», deb hisoblaydi vazir.
Sibiga Rossiyaning fuqarolik energetika obektlariga bergan zarbalaridan keyin Ukrainaning ko‘plab hududlari aholisi elektr ta’minotisiz qolganini qo‘shimcha qilgan. «Kuzgi harorat pasayishi sharoitida odamlarni energiyadan mahrum qilish Genotsid to‘g‘risidagi konvensiyaning II moddasiga muvofiq genotsidga tengdir: bu milliy guruhni yo‘q qilish maqsadida chidab bo‘lmas darajadagi og‘ir sharoitlarni yuzaga keltirishdir», – dedi tashqi ishlar vaziri.
Ukraina energetika vaziri Svetlana Grinchuk ham Rossiya energetika obektlariga dastlabki yopirilma hujumning uch yilligi munosabati bilan zarba berganini ta’kidladi. «Roppa-rosa uch yil oldin – 10 oktyabr kuni bizning energiya tizimimiz birinchi ommaviy hujumlardan birini boshdan kechirgandi. Bugun Rossiya sovuq va zulmatdan terror quroli sifatida foydalanishda davom etmoqda», – dedi vazir. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya doimiy ravishda taktikani o‘zgartiradi va «katta miqdordagi dronlar yoki raketalar bilan bitta obektga ommaviy hujumlarni amalga oshiradi».
Rossiya mudofaa vazirligi Rossiya qurolli kuchlari «Kiyev rejimining Rossiya hududidagi fuqarolik obektlariga uyushtirgan terrorchilik hujumlariga javoban» Ukrainaga yirik zarba berganini ma’lum qildi. Rossiya tomoni «Ukraina harbiy-sanoat kompleksi korxonalari faoliyatini ta’minlab turgan energetika infratuzilmasi obektlari»ga hujum qilganini ta’kidlagan.
Rossiya mudofaa vazirligi qo‘shimcha qilishicha, 4–10 oktyabr kunlari bir hafta davomida Ukrainaga bitta yirik va oltita guruhli zarba berilgan. Hujumlar natijasida, jumladan, «Ukrainaning harbiy sanoat korxonalari va ularni ta’minlab turgan energetika obektlari zarar ko‘rgan».
So‘nggi haftalarda Rossiya qurolli kuchlari Ukraina energetika obektlariga tobora ko‘proq hujum qilmoqda. 3 oktyabrdagi yirik zarba natijasida Ukraina ichki tabiiy gaz qazib olishning 60 foizidan mahrum bo‘lgan.
Mavzuga oid
08:48
Ukraina yana o‘qqa tutildi: qator hududlar svetsiz qolgan, qurbonlar bor
16:36 / 08.11.2025
Chexiyada yangi spiker parlament binosidan Ukraina bayrog‘ini olib tashladi
15:30 / 08.11.2025
Ukraina dronlari Rossiyaning ikki viloyatidagi podstansiyalarga hujum qildi
21:11 / 07.11.2025