Jahon | 16:30 / 11.10.2025
3432
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-York bosh prokurori bank firibgarligida ayblanmoqda

Tramp ishini tekshirgan Nyu-York bosh prokurori Jyeymsga kredit olish uchun ariza berish vaqtida ma’lumotni noto‘g‘ri taqdim etish ayblovi qo‘yildi. Kuzatuvchilar buni siyosiy motivga ega qasos sifatida baholamoqda.

Foto: AP

9 oktyabr, payshanba kuni kechqurun AQShning Virjiniya shtatida sudyalar hay’ati AQSh prezidenti Donald Trampning taniqli raqibi, Nyu-York bosh prokurori Letitsiya Jyeymsni bank firibgarligida aybladi. Avvalroq xuddi shunday ayblovlar shu shtatda Trampning yana bir taniqli tanqidchisi, FTB sobiq direktori Jyeyms Komiga nisbatan ilgari surilgan edi.

Jyeyms va Komiga qarshi ishlarni Tramp tomonidan tayinlangan prokuror Lindsi Halligan boshlagan. Undan oldingi amaldor Jyeyms va Komini jinoiy javobgarlikka tortish uchun dalillar yetarli emasligini e’lon qilib, avvalroq iste’foga chiqqan edi.

Ayblovga ko‘ra, Jyeyms 2020 yilda Virjiniyadagi mulkni sotib olish uchun qulay kredit shartlarini olish maqsadida yolg‘on ma’lumot bergan.

Matbuot uchun bayonotida Letitsiya Jyeyms barcha ayblovlarni rad etib, ularni «asossiz» deb atadi va Tramp «faqat siyosiy qasos olish istagi bilan harakat qilayotganini» bildirdi.

Sentyabr oyida Tramp ijtimoiy tarmoqlarda Jyeyms, Komi va Kaliforniyadan demokrat senator Adam Shiffga nisbatan «hali tergov boshlanmadi» deb noroziligini bildirdi. Biroz vaqt o‘tgach, AQSh Adliya vazirligi haqiqatan ham Komiga ayblov e’lon qildi hamda Shiff va Jyeymsga nisbatan tergov boshladi.

Trampning yaqin ittifoqchisi, Federal uy-joy moliyasi agentligi (FHFA) rahbari Bill Palt avvalroq ularni hujjatlarni soxtalashtirishda ayblagan, biroq hech qanday dalil keltirmagan.

Mavzuga oid