Jahon | 16:36 / 11.10.2025
6725
10 daqiqa o‘qiladi

Xitoy bilan savdo urushi boshlagan Tramp, Kobulga hujum qilgan Pokiston va uylariga qaytayotgan g‘azoliklar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azoliklar vayron bo‘lgan uylariga qaytmoqda

Minglab boshpanasiz qolgan falastinliklar juma kuni sulh kuchga kirgach, o‘zlarining vayron bo‘lgan uylariga qaytish uchun yo‘lga chiqdi. Bu vaqtda Isroil askarlari urushni tugatishga qaratilgan bitimning birinchi bosqichi doirasida orqaga chekina boshlagandi.

Ulkan odamlar oqimi qirg‘oq yo‘li bo‘ylab, piyoda holda anklavning eng yirik shahri — G‘azo shahri sari yo‘l oldi. Bu shahar atigi bir necha kun avval Isroil urushining eng yirik hujumlaridan biri doirasida bombardimon qilgan hudud edi.

Janubda esa odamlar yil boshida Isroil kuchlari tomonidan yer bilan yakson qilingan G‘azoning ikkinchi yirik shahri Xon Yunus tomon yo‘lga chiqqan.

Falastin sog‘liqni saqlash organlari Isroil armiyasi chekinishidan so‘ng, G‘azo bo‘ylab turli joylardan 100 ta jasadni tibbiy jamoalar topganini bildirdi. G‘azoliklar uylariga qaytayotgan paytda, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh hamda garovdagilar va mahbuslar almashinuvi bitimi — urushni yakunlash yo‘lidagi eng yirik qadam haqiqiy va uzoq muddatli tinchlikka olib keladimi, degan savollar ochiq qoldi.

HAMAS boshqaruvidagi ichki ishlar vazirligi Isroil armiyasi chiqib ketgan hududlarga o‘z xavfsizlik kuchlarini joylashtirishini bildirdi. Qurollangan jangchilar ko‘chalarga qaytadimi yoki yo‘qmi — hozircha noma’lum.

Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Donald Tramp sulh saqlanib qolishiga ishonch bildirdi: «Ular hammasi urushdan charchagan», dedi u. Tramp keyingi bosqichlar bo‘yicha «konsensus» mavjudligini aytib, ammo ayrim tafsilotlar hali hal etilishi kerakligini tan oldi.

Isroil politsiyasi dushanba kuni Trampning tashrifiga tayyorgarlik ko‘rayotganini bildirdi. U Isroil parlamenti — Knessetda nutq so‘zlashi kutilmoqda.

Tramp, shuningdek, Misrga ham borishini va boshqa jahon yetakchilari ham ishtirok etishi kutilayotganini bildirdi. U Misrda bo‘lgan paytda G‘azo bo‘yicha xalqaro sammit chaqirishni rejalashtirmoqda.

Pokiston–«Tolibon» qarama-qarshiligi

9 oktyabr kuni kechqurun Kobulda sodir bo‘lgan portlash oqibatida «Tahriki Toliboni Pokiston» (TTP) guruhi yetakchisi Nur Vali Mahsud halok bo‘ldi. Bu haqda Afg‘oniston ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 9 oktyabrga o‘tar kechasi Kobulning markaziy hududlarida bir nechta kuchli portlashlar sodir bo‘lgan. Mahalliy aholining jurnalistlarga ma’lum qilishicha, aviazarba oqibatida yo‘ltanlamas avtomobil portlagan. Hodisada TTP yetakchisi, 47 yoshli Nur Vali Mahsud halok bo‘lgan. U guruhning eng nufuzli a’zolaridan biri edi.

«Tolibon» harakati vakili Zabihullo Mujohid portlash sodir bo‘lganini tasdiqladi va hodisa bo‘yicha tergov davom etayotganini aytdi.

Biroq harakat ichidagi manbalarning Afganistan International agentligiga ma’lum qilishicha, portlash Pokiston tomonidan uyushtirilgan aviazarba oqibatida sodir bo‘lgan. Hodisa — toliblar Afg‘oniston hududida TTP jangarilarini yashirganlikda ayblanayotgani fonida yuz berdi.

Hujumdan so‘ng Pokiston mudofaa vaziri Xo‘ja Asif ijtimoiy tarmoqda bu haqda e’lon qilib, Kobuldagi havo hujumlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ishora qildi. U Afg‘oniston toliblari Pokiston toliblarini yashirgani uchun javob berishini aytdi va mamlakatning terrorchilar va ularning homiylariga nisbatan sabr-toqati tugaganini ta’kidladi. Bu bayonotlar OAVda Pokistonning hujumga aloqadorligini norasmiy tan olish deb baholanmoqda.

Hodisadan so‘ng Kobuldagi toliblar qo‘mondonlari shay holatga keltirilgan. Qayd etilishicha, bu Pokistonning Afg‘oniston hududidagi «birinchi amaliyoti» emas.

Tramp Xitoy bilan savdo urushini boshladi

AQSh hukumati Xitoydan import qilinadigan barcha mahsulotlarga 1 noyabrdan amaldagi bojlardan tashqari 100 foizlik bojlar joriy qiladi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp 10 oktyabr, juma kuni o‘zining Truth Social platformasida yozdi. Bundan tashqari, barcha muhim dasturiy ta’minot eksportiga cheklovlar joriy etiladi, deya qo‘shimcha qildi Tramp.

Oq uy rahbari qo‘shimcha tariflar joriy etish sababi sifatida Xitoyning «o‘ta agressiv savdo pozitsiyasi»ni keltirdi. Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy hukumati boshqa mamlakatlarni Xitoyda ishlab chiqarilgan deyarli barcha mahsulotlarga eksport cheklovlari joriy etishi haqida ogohlantirgan, 1 noyabrdan boshlab «bu har bir davlatga istisnosiz ta’sir qiladi. Bu xalqaro savdoda umuman uchramagan holat», - deb yozgan AQSh prezidenti.

Xitoy hali Tramp bayonotiga izoh bermadi.

Avvalroq Amerika prezidenti oktyabr oyi oxirida Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo–Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitida Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashuvini shubha ostiga qo‘ygandi. Tramp 9 oktyabr kuni Xitoyning nodir metallar eksporti ustidan nazoratni kuchaytirishiga javob berdi. Xitoy turli yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlari uchun muhim bo‘lgan nodir metallarning dunyodagi asosiy yetkazib beruvchisi hisoblanadi.

AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo qarama-qarshiligi bu yil keskinlashdi. Mamlakatlar bir necha bor bir biriga bojlar joriy qilgan. Biroq avgust oyida dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti savdo mojarosida 90 kunlik tanaffusga kelishib olgandi.

Fransiyada hukumat inqirozi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron — bosh vazir lavozimidan to‘rt kun oldin iste’foga chiqqan Sebasten Lekornuni 10 oktyabr kuni kechqurun bu lavozimga qayta tayinladi. Yelisey saroyiga ko‘ra, Lekornu zimmasiga hukumatni shakllantirish topshirilgan.

Sebasten Lekornu 2026 yilgi davlat budjeti bo‘yicha kelisha olmagani uchun iste’foga chiqqandi. Bosh vazir lavozimiga qayta tayinlanganidan so‘ng siyosatchi «Men o‘z burchimni his qilgan holda, respublika prezidenti menga yuklagan vazifani qabul qilaman: Fransiya yil oxirigacha budjet olishini ta’minlash va vatandoshlarimizning kundalik muammolariga javob berish uchun hamma narsani qilish lozim», deb yozdi.

«Biz fransuzlarni g‘azablantiradigan siyosiy inqirozni va Fransiyaning obro‘si hamda manfaatlariga putur yetkazadigan beqarorlikni tugatishimiz kerak», deb qo‘shimcha qildi Lekornu.

39 yoshli Sebasten Lekornu Fransiyaning sobiq mudofaa vaziri va Emmanuel Makronning ittifoqchisi. U birinchi marta 9 sentabrda bosh vazir etib tayinlangan. Lekornu Makron so‘nggi ikki yil ichida tasdiqlagan hukumatning beshinchi rahbari.

Siyosiy beqarorlik fonida Fransiyaning kredit reytingi eng yomon natijaga tushib ketdi. Fransiyaning davlat qarzi hozirda YaIMning 115 foizini tashkil etadi, bu Yevropa Ittifoqida Gretsiya va Italiyadan keyin uchinchi o‘rinda turadi.

Rossiya yana Ukrainani yoppasiga o‘qqa tutdi

Rossiya qurolli kuchlari 10 oktyabrga o‘tar kechasi turli turdagi zarbdor dronlar va raketalardan foydalangan holda Ukraina hududlariga hujum uyushtirdi. Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya 465 ta dron va 32 ta raketa, jumladan, X-47M2 «Kinjal» rusumli ikkita gipertovushli aeroballistik raketalarini qo‘llagan.

Ukraina qurolli kuchlari 405 ta dron va 15 ta raketa, jumladan, bitta «Kinjal» raketasini urib tushirishga yoki zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, Rossiyaning to‘rtta raketasi belgilangan nishonga yeta olmaganini bildirgan.

Ukraina hukumati 19 ta joyda 13 ta raketa va 60 ta zarbdor dronning to‘g‘ridan to‘g‘ri urilishini qayd etdi. Bundan tashqari, yettita joyga dronlar parchalari qulagan.

Kiyev va Ukrainaning 10 ga yaqin hududi zarbaga uchragan. Hujumlarning asosiy maqsadi energetika infratuzilmasi bo‘lgan. Kiyev va ko‘plab oblastlarda harorat pasaygan bir vaqtda yuz minglab kishilar elektr ta’minotisiz qolgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, zarba oqibatida Zaporijjyada yetti yoshli bola halok bo‘lgan, 30 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Rossiya mudofaa vazirligi esa «Kiyev rejimining Rossiya hududidagi fuqarolik obektlariga uyushtirgan terrorchilik hujumlariga javoban» Ukrainaga yirik zarba berganini ma’lum qildi. So‘nggi haftalarda Rossiya qurolli kuchlari Ukraina energetika obektlariga tobora ko‘proq hujum qilmoqda. 3 oktyabrdagi yirik zarba natijasida Ukraina ichki tabiiy gaz qazib olishning 60 foizidan mahrum bo‘lgan. 

Mavzuga oid