Jahon | 12:58 / 12.10.2025
7120
13 daqiqa o‘qiladi

Dushanbe sammiti, pedofillarga «oliy» jazo va Berdimuhammedovlarning VIP borti – MO hafta ichida

Qozog‘istonda endi pedofillar kastratsiya qilinadi. Qirg‘izistonda prezident taklif qilgan o‘lim jazosi referendumga qo‘yilishi mumkin. Mustaqil turkman nashrlari Berdimuhammedovlar oilasi yana bir VIP samolyot olganini yozdi. Tojikistonda ikki katta sammit o‘tkazildi, MO rahbarlari Putin bilan mintaqaviy sammitda kengashdi. Afg‘onistonda endi Instagram, Facebook va Snapchat’ga kirib bo‘lmayapti.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Qozog‘istonda pedofillar kastratsiya qilinadi 

Davlatda bu borasida huquqiy hujjat qabul qilindi. Sog‘liqni saqlash vaziri 1 oktabr kuni voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan jinoyatchilarga kimyoviy kastratsiya qo‘llash qoidalarini o‘zgartiruvchi buyruqni imzoladi. Endilikda pedofillar ozodlikka chiqishidan olti oy oldin kastratsiya qilinadi.

Bunday chora 18 yoshdan oshgan, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan tayinlanadi. Qaror sud tomonidan qabul qilinadi va darhol kuchga kiradi. Jarayon bevosita mahkum jazoni o‘tayotgan muassasada o‘tkazilishi belgilandi.

Agar mahkum probatsiyada bo‘lsa yoki jarima to‘lashi kerak bo‘lsa, kastratsiya ambulatoriya psixiatriya yordami ko‘rsatadigan klinikada qilinadi.

Kimyoviy kastratsiya ozodlikka chiqishdan 6 oy oldin qo‘llanishi belgilab qo‘yildi. Tayyorgarlik ko‘rish uchun qamoqxona ma’muriyati muddat tugashidan 12 oy oldin hujjatlarni to‘plab, sudga yuboradi. Sud mahkumning ruhiy muammolari yoki jinsiy zo‘ravonlikka moyilligi bor-yo‘qligini aniqlash uchun sud-psixiatriya ekspertizasini tayinlaydi.

Bu o‘zgarishlar allaqachon ruhiy kasallik tashxisi qo‘yilgan, ammo jinoyat uchun javobgarlikni istisno qilmaydigan shaxslarga taalluqli emas. Bunday odamlarga sud oldindan boshqa tibbiy choralarni belgilashi mumkin. Yangi tartib 2025 yil 17 oktyabrdan kuchga kiradigan bo‘ldi.

Qozog‘istonda 2022 yildan boshlab pedofillar elektron bilaguzuk taqa boshlagan. 2024 yilda deputatlar voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar sodir etgan shaxslarga jarrohlik yo‘li bilan kastratsiya qilish masalasini muhokama qilgan edi.

O‘lim jazosi referendum bilan qaytishi mumkin

O‘tgan hafta Qirg‘iziston prezidenti mamlakatda o‘lim jazosini qaytarishni gapirgani haqida xabar qilgandik. Japarov o‘z taklifiga izoh berib, bu jazoni qaytarish-qaytarmaslikni xalqning o‘zi hal etishini bildirdi. Prezident matbuot kotibi uning nutqi matnini e’lon qildi.

Muhokamaga sentabr oyi oxirida o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirilgan 17 yoshli Oysuluv Mukashevaning fojiali taqdiri sabab bo‘ldi. Jamiyat ayollar va bolalarga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni talab qildi. Prezidentning fikr bildirishicha, u tergovni shaxsan o‘z nazoratiga olgan va ma’muriyatiga jazoni kuchaytirish uchun qonunlarga o‘zgartirishlar tayyorlashni buyurdi.

Sadir Japarov voyaga yetmaganlar va ayollarni o‘ldirish, zo‘rlash bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortib borayotgani, «odatdagi» qamoq muddatlari endi jinoyatchilarni to‘xtata olmayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u korrupsion jinoyatlar o‘lim jazosiga tortilishi mumkin emasligini, gap faqat shafqatsiz qotillik va pedofiliya haqida ketayotganini ta’kidladi.

Japarov sud xatolari yuz berishi ehtimoli haqidagi xavotirlarga ham javob berdi. Unga ko‘ra, XXI asrda tergov va sud jarayonlarini shaffof o‘tkazish uchun texnik imkoniyatlar — videoyozuv va onlayn translatsiyalar mavjud.

Biz bu masalani yolg‘iz hal qilmaymiz. Xalq bilan maslahatlashamiz. Masala umumxalq referendumiga qo‘yilishi mumkin. Agar ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlasa, u holda Konstitutsiya va qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, xalqaro majburiyatlarni qayta ko‘rib chiqish lozim bo‘ladi”, dedi Sadir Japarov.

Prezident ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish ustuvor vazifa bo‘lib qolayotgani, bunday shov-shuvli masala bo‘yicha qaror faqat xalq tomonidan qabul qilinishi zarurligini ta’kidladi.

Oysuluv Mukasheva 27 sentabr kuni Issiqko‘l viloyatining Barskon qishlog‘idan Qorako‘l shahriga safari chog‘ida yo‘qolib qolgan. O‘sha kuniyoq qarindoshlari militsiyaga murojaat qilgan. Kameralar uning 39 yoshli kishining mashinasiga o‘tirganini qayd etgan. Ikki kundan so‘ng uning jasadi Keminskiy tumanidan topildi. Tergov versiyasiga ko‘ra, qiz zo‘rlangan va bo‘g‘ib o‘ldirilgan edi.

Gumonlanuvchi tergov davomida qamoqqa olingan. Oysuluvning dafn marosimi 30 sentabr kuni Barskonda bo‘lib o‘tdi. Qarindoshlar, qishloq aholisi ayollar va bolalarga qarshi jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirishni so‘rab rasmiylarga murojaat qilganidan so‘ng muhokamalar yanada ko‘paydi.

Afg‘onistonda endi ba’zi ijtimoiy tarmoqlarga kirib bo‘lmayapti

So‘nggi kunlarda Afg‘oniston bir necha marotaba internetni yoqib-o‘chirib, buni texnik nosozlik va kabel uzilishiga bog‘lagandi. Endi esa mamlakatda Instagram, Facebook va Snapchat’ga kirish cheklandi. NetBlocs internet monitoring xizmati o‘z ijtimoiy tarmoqlarida bu haqida yozdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistondagi bir nechta internet-provayder Instagram, Facebook va Snapchat ijtimoiy tarmoqlariga kirishni cheklagan. Bu voqea o‘tgan haftadagi telekommunikatsiyalar uzilishidan keyin yuz bergan”, deya yoziladi xizmatning X ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida.

​NetBlocks internet monitoring xizmati 29 sentabr kuni «Tolibon» tomonidan axloq-odobga rioya qilishni ta’minlash maqsadida ko‘rilayotgan choralar fonida Afg‘onistonda internet to‘liq o‘chirilganini ham ma’lum qilgan edi.

BMTning Afg‘onistondagi missiyasi 30 sentabr kuni mamlakatdagi 43 milliondan ortiq kishining jahon tarmog‘idan uzib qo‘yilgani, internet uzilishi moliya, bank xizmatlari, sog‘liqni saqlash va hayotning boshqa sohalariga ta’sir ko‘rsatganini bildirdi.

Internet aloqasining tiklanishi haqidagi ma’lumotlar «Tolibon»ning bu uzilishlarga mutlaqo aloqasi yo‘qligini aytgandan keyin paydo bo‘ldi. Muvaqqat hukumat internet yo‘qligining sababi sifatida eskirgan infratuzilmani ko‘rsatgandi.

Shuningdek, yakuniga yetayotgan hafta bir nechta OAV Afg‘onistonning Nangarhor viloyatida kattalar uchun savodxonlikdan dars bergan 90 nafar ayol ishdan olingani haqida xabarlar chiqardi.

Ayollar Ta’lim boshqarmasi tarkibida ishlagan, asosan qishloq hududlarda kattalar uchun mashg‘ulotlar olib borgan. O‘qituvchilar maoshi jamoat ta’limi dasturlarini qo‘llab-quvvatlovchi gumanitar tashkilotlar tomonidan to‘lab kelingan.

Endilikda «Tolibon» bu savodxonlik darslarini butunlay yopib, barcha ayol o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatdi, deydi manbalar.

Bu qadam «Tolibon» 2021 yilda hokimiyatni olgandan beri ayollarning ishlashi va ta’lim olishiga qo‘ygan cheklovlar doirasida sodir bo‘lmoqda. «Tolibon» qizlarga o‘rta maktab va universitetlarda o‘qishni taqiqlagan hamda ayollarning ish faoliyatini sog‘liqni saqlash kabi bir nechta sohalar bilan cheklagan.

Xalqaro yordam tashkilotlari ayollarni ta’lim sohasidan chetlatish gumanitar va rivojlanish dasturlariga, ayniqsa, ayollar va qizlar uchun jamoat ta’limi va savodxonlikka qaratilgan loyihalarga jiddiy ta’sir ko‘rsatganini aytmoqda. «Tolibon» yuqoridagi holat yuzasidan rasmiy munosabat bermagan.

YuNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, afg‘on ayollarining 30 foizdan kamrog‘i savodli bo‘lib, bu dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biridir.

Berdimuhammedovlarning yangi VIP borti

Turkmanistondagi xabarlarni berib boruvchi qator mustaqil OAV shu hafta prezident oilasining yangi VIP bortlari haqida yozdi. Mamlakat ichkarisida media sifatida tan olinmaydigan ikki mustaqil nashrning yozishicha, AQShga jo‘natilgan prezident samolyoti oradan 1 yil o‘tib, butunlay boshqacha shart-sharoitlar bilan Ashxobodga qaytgan.

2023 yilning 6 dekabr kuni Turkmaniston havo yo‘llariga tegishli yashil va oq rangli Boeing 737-700 samolyoti Ashxoboddan AQShga jo‘nab ketgan. Bir yil o‘tgach, samolyot jozibali o‘zgarishlarni boshdan kechirib, qaytib kelgan. Ilgari 118 ta ekonom klass o‘rindig‘iga ega standart yo‘lovchi samolyoti endi shaxsiy lyuks xonalar, zarhallangan hammom jihozlari va qo‘lda to‘qilgan gilamlar bilan bezalgan holda ortiga qaytarildi, deb yozdi ushbu nashrlar.

Bu samolyot Turkmaniston fuqaro aviatsiyasi flotining bir qismi bo‘lib, Ashxoboddan Istanbul va Minsk kabi shaharlarga yo‘lovchilarni tashigan. Hashamatli jihozlari va parvoz yo‘nalishlaridan kelib chiqilsa, bu bort Berdimuhamedovlar oilasi foydalanadigan VIP parkka beshinchi bo‘lib kirmoqda.

Jurnalistlar tekshiruvi shuni ko‘rsatdiki, 2023 yilda Turkmanistonni tark etganidan so‘ng, samolyot Luiziana shtatidagi Leyk Charlz shahridagi Chennault xalqaro aeroportida paydo bo‘lgan. U yerda oddiy samolyotlarni monarxlar, davlat rahbarlari va o‘ta boy xususiy mijozlar uchun uchar saroyga aylantirishga ixtisoslashgan Citadel Completions butik firmasi joylashgan. Uning reklamasi g‘urur bilan Citadel Completions "eng aqlli mijozlar uchun maxsus interer" yaratishini ta’kidlaydi.

Citadel Completions veb-saytidagi hujjatga ko‘ra, 2023 yilda Turkmaniston havo yo‘llari aviakompaniyasiga xizmat ko‘rsatish uchun ruxsatnomani yangilagan.

Samolyotning qolgan ichki qismi turkman uslubidagi hashamatli dekoratsiyaga ega, jumladan, devor va shiftdagi gilam naqshlari, poldagi gilamlar, aniq qo‘lda ishlangani, Turkmaniston ramzi bo‘lgan Axalteke otlarining haykalchalari borligi aytilmoqda.

Citadel Completions jurnalistlarning izoh so‘rovlariga javob qaytarmagan. Nashrlarning yozishicha, dizaynerga savollar bilan murojaat qilinganidan so‘ng, bortning rasmlari internetdan olib tashlangan.

Dushanbe sammiti

Shu hafta Tojikiston ikki katta xalqaro tadbirga mezbonlik qildi. Biri MDH rahbarlar ishtirokidagi sammit, yana biri esa Markaziy Osiyo+Rossiya formati edi.

Birinchi bo‘lib, 9 oktyabr kuni Markaziy Osiyo+Rossiya formati doirasida prezidentlar ko‘rishdi. Agar eslasangiz, bu formatning birinchi yig‘ilishi Qozog‘istonda o‘tkazilgan va o‘shandagi Emomali Rahmonning Rossiyadan noligan nutqi juda mashhur bo‘lgandi. Bu gal ikkinchi sammit Dushanbening o‘zida bo‘lib o‘tdi. Shu narsani e’tiborga olish kerakki, Markaziy Osiyoning besh rahbarlari yaqin oylar ichida Xitoy va AQShga ham borib keldi. Xitoyda ular ShHT sammiti, AQShda esa BMT sessiyasida qatnashgandan keyin bu gal Putin bilan ko‘rishmoqdalar.

Umuman olganda geosiyosiy ziddiyatlar, Rossiyaning ta’siri va Markaziy Osiyoning balanslashuv siyosati, bundan tashqari eng muhim omil 5 davlatning integratsiya intilishlari fonida bu sammitlar juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Rossiyaning Ukraina bilan urushi, Xitoyning esa mintaqa bilan ShHT doirasida va birma-bir yaqinlashuvi davom etarkan, Markaziy Osiyoda muomala yo‘nalishlari belgilanmoqda. Rossiya o‘z ta’sirini qayta tiklashga urinar ekan, besh davlat esa vaqtdan foydalanib, suverenitet va diversifikatsiya siyosatiga zo‘r bermoqda.

Markaziy Osiyo-Rossiya sammiti Olmaotadagi sammitning mantiqiy davomi. Dushanbe sammiti esa Rossiyaning mintaqada iqtisodiy, infratuzilma, transport-logistika, energetika va xavfsizlik sohalarida ta’sirini yangilashga mo‘ljallangan, deb yozdi The Times Of Central Asia. Sammit yakunida imzolangan hujjatlar bu tematikaga rostdan ham mos keladi.

10 oktyabr kuni esa MDH rahbarlar sammiti o‘tkazilarkan, mahalliy medialarning yozishicha, bu formatda cheklovlar bor. Masalan, Kazinformga ko‘ra, MDH formati ShHT kabi institutlarini to‘liq birlashtira olmayapti yoki bu tashkilotni samaraliroq qilish kerak.

Dushanbe sammitida 19 ta hujjat imzolandi. Prezidentlarning takliflariga kelsak, Belarus tomoni MDH doirasidagi integratsiya tarafdori bo‘ldi. Sammitda MDH+ formati yaratilishi aytildi. Bu keyingi yillardan tashkilotga a’zo bo‘lmagan boshqa davlatlar bilan kengroq muloqot uchun kerak, deydi tashabbuschilar.

MDHga tanqidlarga ham to‘xtalishimiz kerak. Ekspertlarga ko‘ra, Rossiyaning dominant roli qolgan davlatlar uchun integratsiyadan tiyilishga eng katta sabab. Bundan tashqari, urushdan beri Rossiyaga kiritilgan sanksiyalar MDH ichidagi iqtisodiy almashinuv va moliyaviy hamkorlikni cheklashi mumkin.

Umuman olganda bu format yildan yilga ko‘proq formal ahamiyat kasb etmoqda.

Mavzuga oid