Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Odessa meri Ukraina fuqaroligidan mahrum etildi
Ukraina xavfsizlik xizmati Gennadiy Truxanovning Rossiya pasportini ko‘rsatdi. Uning o‘zi hech qachon RF fuqarosi bo‘lmaganini aytmoqda va sudlashmoqchi.
Nina Liashonok / Ukrinform / Abaca press / Scanpix / LETA
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tegishli farmoni bilan 2014 yil mayidan buyon Odessa shahriga rahbarlik qilib kelayotgan siyosatchi Gennadiy Truxanovni Ukraina fuqaroligidan mahrum etdi. Bu haqda dastlab 14 oktyabr kuni ukrain mediasida xabar tarqaldi, keyin bu ma’lumotni Ukraina xavfsizlik xizmatidagilar ham tasdiqladi.
«Suspilne»ga ko‘ra, Zelenskiy balet artisti Sergey Polunin hamda Oliy radaning sobiq deputati, Donbassdagi ayirmachilarning yetakchilaridan biri Oleg Tsarevni ham fuqarolikdan mahrum qilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, Gennadiy Truxanov Ukraina fuqaroligini yo‘qotishiga unda Rossiya fuqaroligi ham borligi sabab bo‘ldi. Ukraina xavfsizlik xizmati 2015 yil 15 dekabrda Gennadiy Leonidovich Truxanov nomiga berilgan RF chetga chiqish pasporti nusxasi fotosuratini namoyish etgan. Taqdim etilgan hujjatga ko‘ra, pasportning amal qilish muddati 2025 yil dekabriga qadar etib belgilangan.

UXXga ko‘ra, Moskva oblasti sudi Gennadiy Truxanovning so‘roviga binoan 2017 yilda uning RF ichki pasportini bekor qilgan, ammo bu «qonuniy asosda olingan fuqarolikdan mahrum etilishga olib kelmasligi» qayd etilgan. Bundan tashqari, Ukraina maxsus xizmati materiallaridan ma’lum bo‘lishicha, Truxanov hali ham RF soliq xizmati ma’lumotlar bazasida identifikatsiya kodiga ega.
Tadqiqotchi jurnalistlar Truxanovda Rossiya fuqaroligi borligi haqida 10 yil oldin xabar topgan. O‘shanda UXX buni rad etgandi
Ukrainalik jurnalist, «Slіdstvo.Іnfo» proyekti asoschisi Anna Babinets 2015 yildayoq, «Panama arxivi»dan sizib chiqqan hujjatlar ustida ishlayotganida Gennadiy Truxanovning Rossiya pasporti borligidan xabar topganini aytdi. «Keyinroq, boshqa bir sizdirilgan ma’lumotda, men hatto uning Rossiya pasporti nusxasini ham ko‘rgandim. <…> Turli tuzilmalarga yo‘llagan turli so‘rovlarimga faqat Truxanovda Rossiya fuqaroligi yo‘qligi haqida javob oldim. 2018 yilda Ukraina xavfsizlik xizmati Odessa rahbarida Rossiya fuqaroligi yo‘qligi haqida rasman ma’lum qilgandi», – deya xotirlaydi Babinets.
Rossiyaning Odessadagi Bosh konsulligi 2016 yil aprelida Gennadiy Truxanov «Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olmagani va Rossiya Federatsiyasining fuqarolik to‘g‘risidagi qonunchiligiga muvofiq Rossiya Federatsiyasi fuqarosi emasligi» to‘g‘risida ma’lumotnoma (.jpg) bergan.
Truxanovning o‘zi Rossiya fuqaroligi masalasi birinchi marta 2014 yilda paydo bo‘lganini aytgan va shundan beri u «doimiy ravishda o‘zida Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi yo‘qligini va hech qachon bo‘lmagani»ni aytib kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, unda diplomatik idoralarning javoblari, sud qarorlari va Rossiya fuqarosi emasligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar bor.
Truxanov hech qachon RF fuqarosi pasportini olmaganini aytdi. U sudlashmoqchi
Gennadiy Truxanov 14 oktyabr kuni kechqurun Odessa aholisiga murojaat bilan chiqdi. «Men hech qachon Rossiya Federatsiyasiga Rossiya fuqaroligini olish uchun ariza bilan murojaat qilmaganman. Men hech qachon RF fuqarosi pasportini olmaganman. Men Ukraina fuqarosiman», – dedi Odessa rahbari.
Mening Rossiya fuqaroligim haqidagi barcha spekulyatsiyalar sobiq Sovet Ittifoqi fuqarolari ma’lum sharoitlarda avtomatik ravishda Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olgani bilan bog‘liq. Biroq menda bunaqa bo‘lmagan!
Fuqarolikdan mahrum qilish to‘g‘risidagi qaror kuchga kirgandan so‘ng, Truxanov Odessa rahbari lavozimini tark etishi kerak. Truxanov o‘z murojaatida Odessa shahar kengashi uni vakolatlaridan mahrum qilmaguncha o‘z vazifalarini bajarishini aytdi. Shuningdek, u Ukraina Oliy sudida fuqarolikdan mahrum qilish to‘g‘risidagi qarorga e’tiroz bildirishga va’da berdi. «Agar bu yetarli bo‘lmasa, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat qilaman», – deya qo‘shimcha qildi u.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 14 oktyabr yakunlari bo‘yicha murojaatida «Odessa ko‘proq himoya va ko‘proq qo‘llab-quvvatlashga loyiq»ligi haqida gapirdi. «Buni harbiy ma’muriyat formatida amalga oshirish mumkin. Odessadagi juda ko‘p xavfsizlik masalalari juda uzoq vaqt davomida javobsiz qoldi. Barcha samarali qarorlar qabul qilinadi. Men tez orada harbiy ma’muriyat rahbarini tayinlayman», – degan Zelenskiy.
Odessadagi «Dumskaya» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Odessa shahar harbiy ma’muriyatiga hozirda Dnipropetrovsk oblastini boshqarayotgan Sergey Lisak rahbar bo‘lishi taxmin qilinmoqda. «Strana» ma’lumotlariga ko‘ra, Lisakdan tashqari, bu lavozimga Odessa oblasti harbiy ma’muriyati boshlig‘i o‘rinbosari Aleksey Ximchenko nomzodi ham ko‘rib chiqilmoqda.
14 oktyabr kuni kechqurun Truxanov Ukraina fuqaroligidan mahrum qilingani haqidagi xabarlar fonida Odessada o‘nlab kishilar mitingga chiqdi. Ular «Truxanov – chyort!», shuningdek, «Moskalya – Moskvagacha!» deb hayqirishdi, deb xabar beradi UNIAN.
Mavzuga oid
13:45
Kipr: Ukraina YeI Kengashiga raislik davrida ustuvor yo‘nalish bo‘ladi
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025
Ukraina aholisi 42 milliondan 36 milliongacha kamaydi – OAV
23:00 / 04.12.2025