O‘zbekiston | 23:37 / 16.10.2025
11187
5 daqiqa o‘qiladi

Yangi Toshkent aeroporti qurilishi va qishga tezak tayyorlashga chaqirgan hokim – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi boshlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti bilan tanishdi hamda mazkur majmua qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.

– O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni bog‘lovchi yirik aviatsiya xabiga aylantirishni maqsad qilganmiz, dedi Shavkat Mirziyoyev. Yangi xalqaro aeroport qurilishi bunga katta zamin bo‘lishi qayd etildi.

Saudiya Arabistonining «Vision Invest», Yaponiyaning «Sojitz» va Koreyaning «Incheon» kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyiha 4 bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda 2,5 milliard dollar evaziga aerovokzal hamda aerodrom quriladi.

Prezident yangi Toshkent xalqaro aeroporti poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab berdi.

O‘zbekistondagi birinchi alyuminiy qadoq ishlab chiqarish zavodi ishga tushdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Yangihayot tumanidagi «Yangi avlod» maxsus sanoat zonasida bo‘lib, mamlakatimizdagi birinchi alyuminiy qadoq ishlab chiqarish va salqin ichimliklar quyish zavodi faoliyati bilan tanishdi.

Qiymati 90 million AQSh dollari bo‘lgan mazkur loyiha asosan xorijiy investitsiyalar hisobiga moliyalashtirilgan. Korxona 21 gektar hududda joylashgan bo‘lib, AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya va Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.

Ishlab chiqarish jarayoni to‘liq raqamlashtirilgan, bu esa mahsulot sifati va barqaror ishlab chiqarishni xalqaro standartlar darajasida ta’minlaydi.

Maktablarda kuzgi ta’til 4 noyabrdan boshlanadi

Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun 2025-2026 o‘quv yilining kuzgi ta’tili sanasi ma’lum qilindi.

Kuzgi ta’til joriy yilning 4 noyabr kunidan 9 noyabrgacha davom etadi.

II chorak uchun darslar 10 noyabr, dushanba kunidan boshlanadi.

Ko‘p qavatli uylarga tutash yerlarda salkam 2 mingta noqonuniy qurilish holati aniqlandi

Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining parlament so‘roviga javobini ko‘rib chiqdi.

2025 yilda olib borilgan nazorat tadbirlari davomida ko‘p kvartirali uylarga tutash yerlarda 1952 ta noqonuniy qurilish holati aniqlangan. Ulardan 738 tasi joyida bartaraf etilgan bo‘lsa, qolgan 1214 ta holat yuzasidan sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.

Joriy yilning 9 oyi davomida vazirlikka jismoniy va yuridik shaxslardan 1807 ta murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyati ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish organlaridan bo‘lib, taklif va muammolar muntazam tahlil qilinmoqda va amaliy choralar ko‘rilmoqda.

Qumqo‘rg‘on tumani hokimi odamlarni qishda yoqish uchun tezak tayyorlab qo‘yishga chaqirdi

Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov tabiiy gaz yo‘qligi sababli odamlarni qishda yoqish uchun tezak tayyorlab qo‘yishga chaqirdi. Hokim bu haqda xalq depatutlari Qumqo‘rg‘on tumani kengashining 2025 yil 12 sentabr kuni o‘tkazilgan sessiyasida gapirgan.

«Mutaxassislar tomonidan bu yil qish sovuq keladi degan prognoz qilinyapti. Biz ham shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rishimiz zarur. Qor, yomg‘ir yog‘gan kunlari xalq qiynalmasligi kerak... Mana, oddiy bir tezak, hozir hech kim tezak qilmaydi. Uylarga tezak, chalmalarni yig‘ib, bosib, qishda qor yog‘dimi, ikkita taylab qo‘ysa bo‘ladi-ku. Nimaga endi biz gaz-gaz deb qoldik? Tushungan bo‘lganlaring uchun aytyapman, gazning tagi bo‘lsa qani, tagi yo‘q-da shuning», dedi Normamatov.

Ma’lumot uchun, tezak chorva mollari go‘ngini quritib, tayyorlanadigan yoqilg‘i turi hisoblanadi. Undan asosan qishloq joylarida foydalaniladi.

Mavzuga oid