“10-sinf qizga maktabida jinsiy zo‘ravonlik bo‘lgan, vaqt o‘tib qiz bunga o‘rganib qolgan. Endi unda xulq-atvor buzilishi bor. Vaqtida e’tibor qilinmagani sabab oradan vaqt o‘tib muammo murakkablashib ketdi. Qiz uzatiladigan, ammo u...”. Psixoterapevt Gavhar Teshaboyeva Kun.uz bilan suhbatda zo‘ravonlikka uchrayotgan bolalar taqdiri, ularga nisbatan ota-onalarning beparvoligi oqibatlari haqida gapirdi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 1-14 yoshli bolalarning deyarli 2/3 qismi jismoniy yoki ruhiy bosimga duch keladi; yosh bolalarning 1/4 qismi esa maktabda bullingga uchraydi. Har yettinchi o‘quvchi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi. Sergelidagi va Bektemirdagi maktablarda yuz bergan voqealar bu faktni isbotlamoqda.
Bulling - bir yoki bir nechta tajovuzkorlar tomonidan shaxsni muntazam, qasddan va dushmanlarcha ta’qib, haqorat qilish, tazyiq o‘tkazish. Bu jismoniy yoki og‘zaki (haqorat, tahdid), ijtimoiy (kamsitish, mish-mishni tarqatish) va kiberbulling (onlayn ta’qib) ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Psixiatr va psixoterapevt Gavhar Teshaboyeva bolalar hayotida bulling oqibatlari, oramizdagi shunday ayanchli taqdirlar haqida gapirib berdi.
Bola bullingga uchrayotganini qanday bilish mumkin?
“Zo‘ravonlikka uchragan, bulling qurboni bo‘lgan bolalarda qandaydir o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy. Shu o‘zgarishlar 2 hafta ichida bo‘lsa, bu stressga bo‘lgan o‘tkir reaksiya deyiladi. Bunda bola jamiyatga qo‘shilmay qo‘yadi, maktabga borgisi kelmaydi. Yoki sukut saqlaydi, bu psixogen-mutizm deyiladi. Yoki aksincha, o‘zidan ojiz bo‘lgan – hayvonlarga o‘z agressiyasini ko‘rsatadi. Bitta keysda shunaqa bullingga uchragan bola uyiga kelib mushugini sovitkichning muzxonasiga solib qo‘ygan. Ya’ni unga maktabida tazyiq bo‘lgan va u kimga zo‘ravonlik qilishini bilmagan va mushugiga ko‘rsatgan. Bugun oila mushukni qidirgan va 2 kundan keyin muzlatkichdan topishgan. Keyin qarashsa, bolada shunaqa muammo.
Ba’zida ota-ona buni sezmay qolishi mumkin. Oradan o‘sha 2 haftadan uzoqroq vaqt o‘tib ketdi va endi bolada reaktiv depressiya, ya’ni o‘tkir edi, endi surunkaliga o‘tadi. U asta-sekin maktabdagilardan uzoqlasha boshlaydi, o‘zining xonasidan chiqmay qo‘yadi, ota-onasi bilan gaplashmaydi, o‘zlashtirishi pasayib ketadi. Kayfiyati doimiy tushkun yoki qabziyat bo‘lishi ham depressiyaning belgilaridan hisoblanadi. Endi bolaga psixolog yordam bera olmaydi, Bu yog‘iga psixoterapevt yoki psixiatr yordam bera oladi”.









