Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Donbassni «bo‘lish»ni aytgan Tramp, sulhni buzgan Isroil va tunab ketilgan Luvr muzeyi – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
G‘azoda sulh mojarosi
19 oktyabr kuni Isroil armiyasi sulhni buzib, yana G‘azodagi Rafah shahriga zarbalar berdi. Mahalliy OAVlarga ko‘ra, hujum Hamas a’zolarining Rafahda isroillik harbiylarga hujumiga javoban amalga oshirilgan.
O‘z navbatida, Hamas vakillari tinchlik kelishuvlariga sodiq ekanini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, Rafahdagi hujumning nishoni isroillik harbiylar emas, balki Hamasga qarshi bo‘lgan mahalliy militsiya yetakchisi ekani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Isroil armiyasi ma’lum qilishicha, Hamas tankka qarshi raketa uchirgach va askarlarga o‘t ochgach, butun sektor bo‘ylab joylashgan guruhning nishonlariga — dala qo‘mondonlari, jangchilar, tunnel va qurol omborlariga zarba berilgan.
Hamasning harbiy qanoti esa o‘t ochishni to‘xtatish shartnomasiga sodiq qolayotganini, Rafahda yuz bergan to‘qnashuvlardan bexabar ekanini va mart oyidan beri u yerdagi guruhlar bilan aloqa qilmaganini bildirdi.
Mahalliy manbalar va tibbiyot rasmiylariga ko‘ra, hujumlarda kamida 26 kishi, jumladan, bir ayol va bir bola halok bo‘lgan. Nuseyrat hududida ko‘chirilgan fuqarolar joylashgan sobiq maktab ham urilgan.
Shundan so‘ng, AQShning bosimi bilan Isroil armiyasi yakshanba kuni G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi qayta kuchga kirganini ma’lum qildi. AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zi vositachilik qilgan sulh kuchda qolayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buzilishlarga «Hamas rahbariyati aralashmagan bo‘lishi mumkin».
«Ehtimol, rahbariyat bunga aloqador emasdir», - dedi u Air Force One bortida jurnalistlarga. «Qanday bo‘lmasin, bu masala qattiq, ammo adolatli tarzda hal qilinadi».
AQSh vitse-prezidenti J.D.Vens so‘zlariga ko‘ra, Hamasni to‘liq qurolsizlantirish uchun «ba’zi Fors ko‘rfazi arab davlatlari joylarga kirib, tartib va xavfsizlikni ta’minlashi» talab etiladi.
Isroil xavfsizlik manbasi AQSh bosimi ostida G‘azoga humanitar yordam dushanbadan qayta kirishi rejalashtirilganini bildirdi.
G‘azoda «barqaror tinchlik» to‘g‘risidagi bitim 13 oktyabr kuni imzolangandi. Isroil sektorni o‘qqa tutishni to‘xtatdi, Hamas esa o‘z qo‘lidagi barcha isroilliklarni qo‘yib yubordi hamda halok bo‘lganlarning jasadlarini topshirishni boshladi. O‘shandan beri tomonlar bir-birini kelishuv shartlarini yetarli darajada bajarmaganlikda bir necha bor ayblagan.
Bundan tashqari, Hamas bir necha bor qolgan jasadlarni ushlab turish niyatida emasligini, biroq ko‘milgan tanalarni topish uchun maxsus texnik uskunalar kerakligini bildirdi.
Luvr muzeyini tunab ketishdi
19 oktyabr kuni erta tongda niqob kiygan o‘g‘rilar Parijdagi Luvr muzeyiga kran yordamida yuqori qavat oynasini sindirib kirdi. Ular Fransiya qirollik zargarlik kolleksiyasi joylashgan zalda bebaho buyumlarni o‘g‘irlab, mototsikllarda qochib ketdi.
Luvr — «Mona Liza» asariga mezbonlik qiluvchi, 2024 yilda 8,7 million tashrifchi qabul qilgan dunyodagi eng mashhur madaniy maskanlardan biridir.
Parij prokurori Lor Bekkoning ma’lum qilishicha, o‘g‘rilar yakshanba kuni ertalab, muzey odamlarga ochilgan paytda binoga kirishgan. Ularning soni to‘rt nafar bo‘lgan, ular qurolsiz, ammo qo‘riqchilarni temir kesuvchi «bolg‘a arra»lar bilan qo‘rqitgan. Jinoyat 6-7 daqiqa ichida amalga oshirilgan. O‘g‘rilar jami to‘qqizta nishonni mo‘ljalga olgan, ularning sakkiztasi o‘g‘irlangan. To‘qqizinchi buyum — Napoleon III rafiqasining tojini esa ular qochish jarayonida tushirib yuborgan. Faqat shu tojning o‘zi o‘nlab million yevroga teng.
Voqeani tergov qilish ishi yirik o‘g‘riliklar bilan shug‘ullanuvchi maxsus politsiya bo‘limiga topshirilgan.
«Hozircha barcha ehtimollar o‘rganilmoqda. Jinoyat ehtimol buyurtma asosida — xususiy kolleksioner uchun amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, o‘g‘irlangan asarlar yaxlit holda qaytarilishi ehtimoli bor», - dedi Parij prokurori.
Urushni tugatish uchun Donbassni «bo‘lish» kerak
AQSh prezidenti Donald Tramp Financial Times nashrining «butun Donbassni Rossiyaga berishga chaqirgani haqidagi» xabarini rad etdi. Buning o‘rniga, urushni tugatish uchun Ukraina mintaqasini hozirgi front chizig‘i bo‘ylab «bo‘lish» kerak, dedi Tramp.
«Hammasi qanday bo‘lsa, shunday qolsin. U allaqachon bo‘lingan. Menimcha, mintaqaning 78 foizi allaqachon Rossiya tomonidan qo‘lga kiritilgan», - dedi Tramp jurnalistlarga.
«Keyinchalik ular o‘zaro kelishuvga erishishi mumkin. Ammo hozircha mojaroning har ikki tomoni frontning oldingi chizig‘ida to‘xtashi kerak — uyiga qaytishi, janglarni to‘xtatishi, odamlarni o‘ldirishni bas qilishi kerak», - dedi Oq uy rahbari.
Jurnalistlar bilan uchrashuvda Tramp Hindiston haqida ham fikr bildirdi va bosh vazir Narendra Modi Rossiya neftini xarid qilishni cheklashga va’da berganini eslatdi. Agar bu amalga oshmasa, Nyu Dehli «katta bojlar» to‘lashda davom etadi, deya qo‘shimcha qildi Tramp
Avvalroq FT nashri — Donald Tramp Vashingtonda Zelenskiy bilan uchrashuvi chog‘ida uni Rossiyaning shartlarini qabul qilishga chaqirganini yozgandi. Gazeta manbasining so‘zlariga ko‘ra, Amerika yetakchisi Zelenskiyga kelishuvga rozi bo‘lishi zarurligi, «aks holda unga yo‘q bo‘lib ketish xavfi tahdid solayotgani»ni aytgan.
Honkongda samolyot halokati
20 oktyabr kuni erta tongda Dubaydan kelgan yuk samolyoti Honkong xalqaro aeroportiga qo‘nish chog‘ida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketdi. Natijada Boeing 747 rusumli samolyot suvga qulab, qisman cho‘kib ketgan, bortdagi to‘rt nafar ekipaj a’zosi omon qolgan.
Ammo cho‘kishdan oldin u aeroport xavfsizlik xodimlari mashinasiga urildi va uni dengizga uloqtirdi, ikki xodim halok bo‘ldi. Aeroport boshqaruvi rahbari Stiven Yiu so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik patrul mashinasi yo‘lakdan tashqaridagi maxsus yo‘ldan harakatlanayotgan bo‘lgan va «hech qanday holatda yo‘lakka chiqmagan». Samolyot esa qo‘nganidan keyin to‘satdan chapga og‘ib, mashinaga urilgan — bu «normal parvoz yo‘nalishiga to‘g‘ri kelmaydi», dedi u.
Suvdan chiqarib olingan xavfsizlik xodimlari hushsiz holatda topilgan — ulardan biri voqea joyida, ikkinchisi esa shifoxonada vafot etgan.
Hodisa dunyodagi eng yirik yuk tashish aeroportida sodir bo‘ldi. Samolyot Turkiyaning ACT Airlines kompaniyasiga tegishli bo‘lib, u Emirates aviakompaniyasi nomidan parvoz qilgan. Hozircha aviahalokat sabablari aniqlanmoqda — tergovga ob-havo, yo‘lak holati, samolyot texnikasi va ekipaj ishi kiritilgan.
Honkong havo hodisalarini tergov qilish boshqarmasi rahbari Man Ka Chayning tasdiqlashicha, parvoz aynan shu shimoliy yo‘lakka yo‘naltirilgan, biroq pilot tomonidan hech qanday yordam so‘ralmagan. Aviahalokatga uchragan samolyot 32 yillik uchoq — u dastlab yo‘lovchi samolyoti sifatida ishlatilgan, keyinchalik yuk tashishga moslashtirilgan.
Pokiston va Afg‘oniston sulh imzoladi
Pokiston va Afg‘oniston yakshanba kuni Dohada o‘tkazilgan muzokaralar davomida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishganini e’lon qildi. Bu 2021 yilda «Tolibon» Kobulda hokimiyatni egallagandan beri ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi eng qonli chegaradosh to‘qnashuvlardan keyin sodir bo‘ldi. Qatar tashqi ishlar vazirligi Turkiya bilan birga muzokaralarga vositachilik qildi.
Pokiston mudofaa vaziri Muhammad Asif «Sulh yakuniy shaklga keltirildi. Tomonlar 25 oktyabr kuni Istanbulda yana uchrashib, tafsilotlarni muhokama qiladi», - deb yozdi.
«Tolibon» matbuot kotibi Zabihullo Mujohid esa bayonotida tomonlar «to‘liq va mazmunli o‘t ochishni to‘xtatish»ga kelishganini bildirdi.
Ikki davlat o‘rtasida o‘tgan hafta davom etgan chegara to‘qnashuvlarida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan, yuzlab kishi yaralangan. Ilgari ittifoqchi bo‘lgan ikki davlat o‘rtasidagi yer usti janglari Pokistonning Kobuldan «jangarilar»ni jilovlashni talab qilganidan so‘ng boshlangan. Pokistonning aytishicha, ular Afg‘onistondagi xavfsiz hududlardan foydalanib, Pokiston ichkarisiga hujumlar uyushtirgan.
«Tolibon» bunday ayblovlarni rad etdi va Pokiston armiyasini «Afg‘oniston haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish»da hamda o‘z davlati barqarorligini izdan chiqarishda aybladi. Pokiston ham bu ayblovlarni inkor etmoqda.
Mavzuga oid
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025
Putinning Yevropaga tahdidi, AQShda yangi migratsion cheklovlar, Janubiy Osiyodagi suv toshqinlari va Kremldagi muzokaralar – kun dayjesti
15:56 / 02.12.2025