Jahon | 09:42 / 20.10.2025
2918
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil HAMASni sulhni buzganlikda aybladi

Isroil tomoniga ko‘ra, hamaschilar TSAHAL harbiylarini o‘qqa tutgan, bunga Isroil armiyasi G‘azo sektori janubidagi Rafah hududida havo hujumlari bilan javob bergan.

Foto: Abdel Kareem Hana/AP

Isroil mudofaa kuchlari (TSAHAL) HAMAS guruhini o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzganlikda ayblab, G‘azo sektori janubidagi Rafah hududida tashkilot infratuzilmasiga javob zarbalari berganini tasdiqladi. Bu haqda 19 oktyabr, yakshanba kuni TSAHALning rasmiy Telegram-kanalida ma’lum qilindi. «Bugun, yakshanba kuni erta tongda terrorchilar o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi shartlariga ko‘ra, Rafah hududidagi terrorchilik infratuzilmasini vayron qilayotgan TSAHAL qo‘shinlarini tankka qarshi raketalardan nishonga oldi va o‘t ochdi», — deyiladi TSAHAL xabarida.

Isroil harbiylari «tahdidni bartaraf etish uchun havo hujumlari va artilleriya o‘qlari bilan javob berdi, terrorchilik harakati aniqlangan bir qancha operatsion minalar va harbiy obektlarni yo‘q qildi», deya ma’lumot berdi TSAHAL. «Bu o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni qo‘pol ravishda buzishdir va TSAHAL qat’iy choralar ko‘radi», — deya qo‘shimcha qildi Isroil armiyasi.

Guvohlarning AFP agentligiga aytishicha, TSAHAL nazorati ostidagi Rafah shahrida to‘qnashuvlar boshlangan, so‘ngra ikkita havo hujumi uyushtirilgan. Isroil rasmiysining AFP agentligiga aytishicha, TSAHAL qo‘shinlari granatalar va HAMAS snayperlari tomonidan o‘qqa tutilgan. «Ikkala hodisa ham Sariq chiziqdan sharqda Isroil nazorati ostidagi hududda sodir bo‘lgan», — dedi AFP manbasi.

HAMASning yuqori martabali rasmiysi guruh o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzgani haqidagi ayblovlarni rad etdi, deb xabar beradi dpa. U o‘z bayonotida qoidabuzarlikda Isroilni va TSAHALni «yolg‘on bahonalar»da aybladi. Qayd etilganidek, HAMAS rasmiysi guruh tomonidan harbiy harakatlar haqidagi xabarlarga izoh bermadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid