Jahon | 21:31 / 21.10.2025
5686
8 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Putin yana uchrashmoqchi. Nega?

AQSh prezidenti Donald Tramp juda o‘zgaruvchan inson, ayniqsa Ukrainadagi urush masalasida: bir qarasa, «Ukraina urushni yengishi mumkin» deydi, bir qarasa, Zelenskiyning frontdagi vaziyat tasvirlangan xaritasini uloqtirib, «Putinga istaganini bering» deydi. Hali «Rossiya iqtisodiyoti qulayapti» deydi, hali Ukrainaga «Rossiya sizlarni yakson qiladi» deydi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Xuddi Trampning o‘zi ham vaziyatdan to‘liq xabardor emasdek. Bosh maslahatchisi «dom» qurib sotuvchi milliarder bo‘lgan prezidentdan ko‘p narsa kutish ham adolatsizlik aslida. Mana shu fikriy tarqoqlik fonida Tramp yana bir marta Rossiya prezidenti Putin bilan uchrashib ko‘rmoqchi. Bu gal Yevropa Ittifoqi hududida.

Bu gal jiddiyroq...

Donald Tramp Rossiya prezidenti Putin bilan Yevropa Ittifoqiga a’zo Mojaristonda uchrashmoqchi. Oldingi besamar uchrashuv Alyaskada o‘tgan, unda Tramp va Putin suratga tushishidan muhimroq hech nima sodir bo‘lmagandi. Bu gal Tramp uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish uchun davlat kotibi Marko Rubioni mas’ul etib tayinladi. Rubio ayni damda xavfsizlik bo‘yicha Trampning maslahatchisi ham hisoblanadi. Oxirgi yillarda AQShda davlat kotiblari Rubio kabi bu darajada keng vakolatga ega bo‘lmagan. Rubio devondagi eng nomdor siyosatchilardan biri ekani inobatga olinsa, prezident unga «o‘ziga ishonganday ishonishini» to‘g‘ri tushunish mumkin.

Rubio uchrashuvga tayyorgarlik doirasida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefonda gaplashdi, ular tez orada uchrashsa ham kerak. Bir qator jiddiy nashrlar Rubio 23 oktyabr kuni Lavrov bilan ko‘rishishi haqida yozib chiqqandi. Lekin CNN 20 oktyabr kuni AQSh va Rossiya bosh diplomatlari o‘rtasida o‘tkazilgan telefon suhbatidan keyin ularning uchrashuvi bekor qilingani haqida yozib chiqdi. Nashr manbalariga ko‘ra, «ikki tomonning Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha qarashlari har xil bo‘lgan».

Lekin Tramp uchrashuvga tayyorlanishga Rubioni mas’ul qilganining o‘zi Amerika prezidenti bu gal «shunchaki Putin bilan rasmga tushib ketish niyatida emasligini» ko‘rsatadi. Tramp o‘zaro uchrashuvgacha ikki tomon aniq kelishuvga erishishi, uchrashuv o‘tkazilgach, bu haqda butun dunyoga tantanali e’lon qilishni istayotgan ko‘rinadi.

Alyaskadagi uchrashuv oldidan Rossiya bilan Trampning quruvchi milliarder do‘sti Stiven Uitkoff gaplashgandi. Katta ehtimol, aynan mister Uitkoff Putinning gaplarini xato tushunishi Alyaska sammitida quruq gapdan nariga o‘tishmaganiga sabab bo‘lgan.

Kompromiss

Putin bilan ikkinchi uchrashuv bo‘yicha kelishuvga erishishdan avval Tramp Ukrainaga Tomahawk raketalarini berishi mumkinligi haqida gapira boshladi. Zelenskiy bu masalani muhokama qilish uchun Vashingtonga borib keldi ham. Va Tramp o‘sha uchrashuvda Ukrainaga «hozircha bu qo‘rqinchli qurolni berolmasligini» aytgan. Bekorga emas, buni katta ehtimol Rossiyaga yon berish uchun qilgan: «O‘rtoq Putin, Ukraina juda yomon qurol so‘rayapti, u bilan Rossiya ichkarisidagi jiddiy nishonlarni muammosiz urish mumkin, hozircha ularga bu qurolni bermay turaman, balki siz bilan yana bir gaplashib ko‘rarmiz», deyish uchun. Balki Putin Trampga «Bu qurolni bermay tur, kel, yaxshisi yuzma-yuz gaplashib olaylik», degandir. Nima bo‘lsa ham, Trampning Tomahawk orqali amalga oshirgan taktikasi ish berdi.

Ko‘tarinki ruhda

Shaxsan men bu uchrashuvdan qandaydir naf chiqadi deb o‘ylamayman. Hozir Tramp Yaqin Sharqdagi urushni tugatganidan ilhomlanib yuribdi. Lekin G‘azodagi urushni tugatish uchun Trampdan ko‘p narsa talab qilingani yo‘q, shunchaki mavjudligi Amerikaga bog‘liq bo‘lgan Isroil bosh vaziriga «To‘xtat, men dunyoga urushni tugatganim haqida e’lon qilishim kerak», dedi xolos. Amerika bor — Isroil bor, Netanyahu buni yaxshi tushungan holda G‘azoni bosib olish orzusidan voz kechib «urushda g‘olib bo‘lganini» e’lon qildi.

G‘azoda Isroil boshida HAMAS bilan urushdi, lekin kuchlar teng emasligi sabab urush tez orada tinch aholini qirish operatsiyaga aylanib ketdi. Oxirgi ikki yil davomida Isroil asosan tinch aholiga qarshi urushdi. Nasrulloh, Sinvar, Deyf, Xaniyalarni o‘ldirish urush emas, maxsus operatsiya doirasida amalga oshirildi.

Yaqin Sharqdagi urushni tugatish Amerika uchun muammo emas, Vashington xohlasa, Isroilni istalgan vaqtda to‘xtata olardi. Lekin Ukrainadagi urushda bunaqa emas. Bu ikki katta davlat mavjudligi Amerikaga emas, o‘ziga bog‘liq. Tramp borib «Zelenskiy, davay Ukraina yarmini Rossiyaga ber» desa, Ukraina prezidenti qo‘rqib kapitulyatsiyaga rozi bo‘lmaydi. Tramp bosim qilib urushni tugatishga majbur qila oladigan davlat yo‘q bu to‘qnashuvda.

Amerika nashrlariga ko‘ra, Tramp oxirgi uchrashuvda Zelenskiyning frontdagi vaziyat haqida xaritasini ko‘rishni istamay otib yuborgan va «uni Ukraina chegarasi qayerdan o‘tgani umuman qiziqtirmasligini» aytgan. Esingizda bo‘lsa, videolardan birida Tramp uchun Ukraina yerlari masalasi umuman ahamiyatsiz ekanini aytgandik. WSJ’ga ko‘ra, Tramp tunov kungi uchrashuvda Zelenskiyga «Donbassing meni qiziqtirmaydi, Rossiya bilan tezroq kelish», degan ekan.

Putin qanday boradi?

Yana takrorlayman, men Putin va Tramp o‘rtasidagi bu uchrashuvdan biror naf chiqishiga ishonmayman. Faqat Putin bu uchrashuvga qanday uchib borishiga qiziqyapman. Mojariston Rossiyadan uncha uzoqda emas aslida, shundoq Ukrainani kesib o‘tsa, Budapeshtgacha bir qadam. Lekin endi o‘rtoq Putin Ukraina osmonidan uchib o‘tolmaydi. Belarusga o‘tib, Polsha orqali uchsa ham bo‘lmaydi, Varshava bilan dushmanlik avjida. Bir vaqtlar Moskvadan Budapeshtgacha poyezdda yetib borish mumkin edi, lekin endi Putin Mojaristonga borish uchun yaxshigina ter to‘kishiga to‘g‘ri keladi.

Ehtimoliy marshrutlardan biriga ko‘ra, Putinning «Il-96» samolyoti Qora dengiz bo‘ylab Turkiyaga, keyin Yunoniston, Albaniya, Italiya oralab Adriatika dengizi orqali Bosniyaga, keyin Serbiyaga, undan keyin Mojaristonga uchadi. Moskvadan Budapeshtgacha bo‘lgan masofa 2 ming km.ga ham yetmaydi, lekin yuqoridagi marshrut bo‘yicha uchsa, Putinning samolyoti 5 ming km yo‘l bosib o‘tadi.

Yana bir ehtimoliy marshrutga ko‘ra, Bolgariya o‘z havo kengliklarini ochib bersa, Putin Qora dengiz orqali «do‘st davlat» Serbiyaga, undan Mojaristonga tezda yetib oladi. Ko‘ramiz, kuzatamiz...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid