Jahon | 20:16 / 21.10.2025
3935
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq mamlakatlari Rossiya aktivlarini Ukrainaga berish bo‘yicha kelishib oldi

Ammo bu reja qachon amalga oshirilishi – noma’lum.

Foto: Sean Gallup / Getty Images

Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga o‘tkazish bo‘yicha siyosiy kelishuvga erishdi. Bu haqda Politico yozmoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi sobiq vakillarining 20 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvida shunday kelishuvga erishilgan. Uning yakunlari bo‘yicha hujjat loyihasi tayyorlangan, unda Yevrokomissiyaga Rossiya mablag‘larini olib qo‘yish bo‘yicha ishlarni boshlash taklif qilinmoqda. Rasmiy ravishda ushbu hujjat Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari tomonidan tasdiqlanishi kerak, bu 23 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Umumevropa sammiti chog‘ida sodir bo‘lishi kutilmoqda.

Diplomatlardan biri kelishilgan matnni Yevrokomissiyaga aktivlarni musodara qilish tartibini boshlash uchun «siyosiy ruxsat» deb atadi.

Shu vaqtgacha rejaga Belgiya to‘sqinlik qilib kelgan, Rossiyaning muzlatilgan aktivlarining katta qismi saqlanadigan Euroclear depozitariysi ushbu mamlakat hududida joylashgan. Bryussel Rossiyaning ehtimoliy sud da’volaridan xavotirlangan va Yevropa Ittifoqining qolgan davlatlaridan Belgiya bu da’volar qarshisida yolg‘iz qolmasligiga kafolat talab qilgandi.

Yangi rejada esa bunday kafolatlar berilgan edi, shuning uchun Belgiya rozilik berdi. Politico nashri yozishicha, jarayon har qanday holatda ham uzoq va murakkab bo‘ladi, chunki yakuniy sxemani Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlari hukumatlari bilan qayta kelishish kerak.

Politico ta’kidlaganidek, Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini olish Ukraina uchun «ekzistensial lahza» hisoblanadi. Ukraina yaqin ikki yil ichida 60 milliard dollarlik budjet taqchilligiga duch kelishi mumkin. Vashington tomonidan moliyaviy yordamning qisqarishi fonida Yevropa rasmiylari aktivlarning Kiyevga o‘tkazilishini Ukrainaning Rossiya bilan muzokaralardagi pozitsiyasini mustahkamlash uchun «so‘nggi imkoniyat» deb atamoqda.

Bloomberg bir kun avval manbalarga tayanib, AQSh Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan uchrashuv fonida Rossiya aktivlarini Ukrainaga o‘tkazish rejasini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qilgandi.

Rossiya pullarini Kiyevga topshirishning dastlabki rejasi Yevrokomissiya tomonidan sentabr oyida taqdim etilgan edi. Ukraina Rossiyaning bloklangan aktivlari hisobidan 140 milliard yevro miqdorida kredit olishi taxmin qilinmoqda. Kiyev bu kreditni faqat urush tugaganidan keyin va Rossiya tovon to‘lashi sharti bilan to‘lashi kerak bo‘ladi.

Bryusseldagilar mablag‘larni berishni «ekspropriatsiya» (o‘zlashtirish) deb hisoblashdan bosh tortishmoqda va Rossiya tovon to‘lagan taqdirda ularni qaytarib olishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.

Mavzuga oid