O‘zbekiston | 23:27 / 21.10.2025
3213
4 daqiqa o‘qiladi

Yo‘ldoshli internet va o‘quvchilarning tashabbusli budjeti – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

2026 yildan yo‘ldoshli internet operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash uchun keyingi yildan yo‘ldoshli internet operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi. Ular 5 yilga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.

Prezident yig‘ilishda investorlar uchun yanada jozibador muhit yaratib, zamonaviy super kompyuter klasterlari va data-markazlarni ko‘paytirish zarurligini qayd etdi. Bunday markazlar xarajatining 70 foizi elektr energiyasiga to‘g‘ri kelgani uchun investorlar jozibador elektr tariflari masalasini ko‘targan.

Bu boradagi ishlar Qoraqalpog‘istondan boshlanishi belgilandi. Sun’iy intellekt infratuzilmasiga 100 million dollardan ko‘p sarmoya kiritgan investorlarga elektr energiyasi narxi 5 sent etib belgilanadi.

O‘quvchilarning tashabbusli budjeti – «Mening maktabim» loyihasi boshlanmoqda

Loyiha doirasida har bitta umumta’lim maktabiga 62 mln so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Bu mablag‘ni nimaga ishlatishni esa yuqori sinf o‘quvchilari hal qiladi.

O‘quvchilar o‘z maktabini qo‘shimcha jihozlash bo‘yicha taklif kiritib, uni maktabdoshlari orasida targ‘ib qilish orqali ovoz to‘playdi. Bunda, kiritilgan takliflarga faqat shu maktabning o‘quvchilari ovoz bera oladi.

Eng ko‘p ovoz olgan loyihalar g‘olib deb topilib, so‘ralgan jihozlar xarid qilinadi.

Samarqandga kirish yo‘llari vaqtincha yopiladi

Shu yilning 30 oktyabridan 14 noyabriga qadar Samarqandga kirish yo‘llari vaqtinchalik yopiladi. Shu kunlari Samarqandda YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkaziladi. Bu haqda IIV xabar berdi.

Qayd qilinishicha, tranzit transport vositalari uchun aylanma harakat yo‘nalishlari tashkil etiladi. IIV ushbu kunlarda Samarqandga borishni maqsad qilgan fuqarolarga rejani o‘zgartirishni tavsiya qildi.

Muddatidan oldin pensiyaga chiqish huquqiga ega toifalar belgilandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi zavodlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va ko‘rsatkichlar ro‘yxati hamda ushbu ro‘yxatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, urush nogironlari, bolalikdan nogiron bolalarning onalari, liliputlar va pakanalar imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga ega.

Shuningdek, yoshidan qat’i nazar, konchilik sanoatining yetakchi kasblari xodimlari, uchuvchilar va uchuvchi-sinov tarkibi xodimlari, artistlarning ayrim toifalari, sportchilarning alohida toifalari va boshqalar imtiyozli pensiya olish huquqiga ega.

Xodimlari soliqdan eng ko‘p qarzdor korxonalar ma’lum bo‘ldi

16 oktyabr kuni joriy yil uchun yer va mol-mulk solig‘ini to‘lash muddati tugadi. Soliq qo‘mitasi xodimlari ushbu soliq turlaridan eng ko‘p qarzdor korxonalarni ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, korxonalar xodimlarining mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzi 831,5 mlrd so‘mdan oshgan.

Eng ko‘p qarzdorlik «Temiryo‘llarinfratuzilma» AJ (4 mlrd so‘m), «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ (3,3 mlrd so‘m) va «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ (3,3 mlrd so‘m) xodimlarida qayd etilgan.

Mavzuga oid