Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
IIB xodimiga 50 ming dollar pora bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda qimor o‘yinlarini tashkil etib kelgan jinoiy guruh faoliyati fosh etilgan. Guruh a’zolaridan biri Toshkent shahar IIBBning rahbar xodimlaridan biriga jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik evaziga 50 ming dollar taklif qilgan. Xodimning arizasiga asosan o‘tkazilgan tadbirda pora berayotgan shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Foto: IIB
Ijtimoiy tarmoqlarda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish yoki o‘tkazish, shuningdek, xizmatlar ko‘rsatishga ko‘maklashish faoliyatini amalga oshirib kelgan bir nechta shaxslardan tashkil topgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Qo‘lga olingan jinoiy guruh a’zolari xorijiy onlayn qimor kompaniyalariga xizmat ko‘rsatib, qimor o‘yinlari orqali olingan mablag‘larni turli kriptovaluta platformalari orqali o‘tkazgan va legallashtirgan.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida to‘rt dona mobil telefon va pul yuvish uchun foydalanilgan 21 dona bank kartalari, shuningdek, bir dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida olindi. Hujjatlar rasmiylashtirilib, tergov bo‘limiga topshirilgan.
Mazkur holat bo‘yicha olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida gumonlanuvchi shaxs o‘zi va sheriklarini jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi mas’ul rahbarlaridan biriga 50 000 AQSh dollari miqdorida pora taklif qiladi.
«Fuqaro E.ga nisbatan to‘plangan hujjatlar bo‘yicha qonuniy chora ko‘rmaslik hamda kelgusida ushbu jinoiy xatti-harakatlarini davom ettirish bo‘yicha menga 50 000 AQSh dollari berishini taklif qilib, men unga, fuqaro E.ga ushbu xatti-harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi, ya’ni pora berish bilan javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilishini ogohlantirishimga qaramasdan, ushbu 50 000 AQSh dollari takliflarini beravergandan so‘ng, men o‘rnatilgan tartibda bosh boshqarma boshlig‘iga yozma ravishda murojaat qildim», deydi pora taklifini olgan xodim.
Ichki ishlar xodimi holat bo‘yicha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbariyatiga bildirgi orqali murojaat qiladi. Xodimning bildirgisi asosida Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va prokuratura xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi Ichki ishlar organlari mas’ul rahbarining xizmat xonasiga kirib, pora tariqasida 50 000 AQSh dollarini bergan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi va bu jarayon xolislar ishtirokida bayonnoma asosida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov davom etmoqda.
Mavzuga oid
08:22
Farg‘ona va Namanganda yer uchun pora olgan hokim yordamchilari ushlandi
08:03 / 01.12.2025
2 ming dollar talab qilgan hokim yordamchisi ushlandi
16:01 / 30.11.2025
Samarqandda furalarni yoqib yuborganlar qamoqqa olindi
09:36 / 28.11.2025