Jahon | 09:10 / 23.10.2025
3158
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp uzoq masofali raketalarga qo‘yilgan cheklov olib tashlanishini rad etdi

WSJ’dagi Vashingtonning Kiyevga uzoq masofali raketalarni qo‘llashga ruxsat bergani haqidagi maqola «feyk», deb aytdi Donald Tramp. Bir necha soat oldin gazeta rasmiy shaxslarga tayanib, AQSh bunday cheklovni bekor qilganini xabar qilgan edi.

Foto: U.S. Army photo by Spc. Devin Klecan

Vashington kecha Ukraina Qurolli kuchlari qo‘llagan Storm Shadow raketalariga aloqador emas, shuningdek, The Wall Street Journal (WSJ) gazetasida AQShning Kiyev tomonidan uzoq masofali raketalardan foydalanishga qo‘yilgan asosiy cheklovni bekor qilgani haqidagi maqola «feyk»dir, deb qayd etdi AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida chop etgan xabarda.

«Wall Street Journal’da AQSh Ukrainaga Rossiyaning ichki hududlariga yetib bora oladigan uzoq masofali raketalardan foydalanishga ruxsat bergani haqidagi maqola — feyk yangilik! AQSh bu raketalarga, ular qayerdan kelgani va Ukraina ulardan nima maqsadda foydalanayotganidan qat’i nazar, hech qanday aloqasi yo‘q!» — deyiladi Tramp xabarida.

Bir necha soat oldin WSJ o‘z maqolasida noma’lum «AQShning rasmiy shaxslari»ga tayanib, Donald Tramp ma’muriyati «g‘arbiy ittifoqchilar tomonidan berilgan ayrim uzoq masofali raketalardan Ukraina foydalanishiga qo‘yilgan asosiy cheklovni bekor qilgan»ini iddao qilgandi. Xususan, maqolada Britaniya tomonidan yetkazib berilgan Storm Shadow qanotli raketalarining bir kun oldin Bryanskdagi kimyo zavodiga zarba berish uchun qo‘llangani tilga olinadi.

The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, Vashingtonning Kiyevga «rasman e’lon qilinmagan» tarzda ruxsat berish qadami yaqinda bunday hujumlarni qo‘llab-quvvatlash vakolati Pentagon rahbari Pit Xegsetdan Yevropadagi NATO qo‘shma qurolli kuchlarining bosh qo‘mondoni Aleksus Grinkevichga o‘tkazilganidan so‘ng amalga oshirilgan.

«Bu siljish Trampning oktyabr boshida Kremlga bosim o‘tkazib, Rossiya urushini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga undash urinishi bilan mos keldi. Shu jumladan, u Kiyevga uzoq masofali Tomahawk raketalarini yetkazib berish ehtimolini ham ko‘rib chiqqan edi», — deb yozadi WSJ, biroq AQSh prezidenti bu «Tomagavk» yetkazib berish g‘oyasidan voz kechganini qayd etadi.

Shu bilan birga, nashrning ta’kidlashicha, AQShning rasmiy shaxslari Ukrainadan Rossiyadagi harbiy obektlarga Storm Shadow raketalari yordamida yana ko‘proq zarbalarni kutmoqda, bu raketalar 300 kmdan ortiq masofadagi nishonlarni ura oladi. Biroq Vashington Kiyevning hozir ixtiyoridagi bunday raketalardan foydalanishini cheklashi mumkin, chunki ular «Amerika navigatsiya (nishonga olish) ma’lumotlaridan foydalanadi».

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi 21 oktyabr kechqurun Bryansk kimyo zavodiga zarba berilganini ma’lum qildi. «Aviatsiya va raketalarni birgalikda qo‘llash orqali amalga oshirilgan hujum doirasida havodan uchiriladigan Storm Shadow raketalari ham ishlatildi, ular Rossiyaning havo mudofaa tizimini yo‘qqa chiqara oldi», — deyiladi ukrain harbiylari bayonotida.

Bosh shtab ma’lumotiga ko‘ra, Bryansk kimyo zavodi «tajovuzkor mamlakatning harbiy-sanoat majmuasining muhim bo‘g‘ini» bo‘lib, u yerda porox, portlovchi moddalar va raketa yonilg‘isi komponentlari ishlab chiqariladi — «xususan, Ukraina hududini o‘qqa tutishda qo‘llanayotgan o‘q-dorilar va raketalar uchun».

Bloomberg agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil noyabr oyi boshlarida Buyuk Britaniya hukumati Ukrainaga yana bir necha o‘nlab uzoq masofali Storm Shadow qanotli raketalarini topshirgan. Agentlik xabariga binoan, UQK ushbu raketalarni RF hududidagi maqsadlarga ilk bor noyabrning ikkinchi yarmida ishlatgan: 10–12 ta raketa Kursk viloyatining Marino posyolkasiga hujum qilgan. 2025 yil davomida Rossiyadagi harbiy obektlar va NQZga zarbalarning ko‘pchiligi dronlar yordamida amalga oshirilgan.

Amerikaning uzoq masofali Tomahawk qanotli raketalaridan foydalanishni o‘rganishga olti oydan bir yilgacha vaqt kerak, ammo AQSh bunday o‘qitishni rejalashtirmayapti. Bu haqda Donald Tramp Yevropa vaqti bilan 23 oktyabr kechasi Oq uyda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuv chog‘idagi brifingda ma’lum qildi.

«Tomahawk bilan bog‘liq muammo shundaki, ko‘pchilik bilmaydi: ulardan foydalanishni o‘rganish uchun kamida olti oy, odatda bir yil kerak. Bu juda murakkab qurol. Demak, Tomahawk’ni faqat uni ishlatishni biladiganlar qo‘llay oladi — ya’ni biz. Biz esa hech kimni o‘qitmaymiz», — dedi Tramp jurnalistlar huzurida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid