Jahon | 22:39 / 27.10.2025
8288
3 daqiqa o‘qiladi

Kreml Tramp bilan munosabatlarni saqlab qolishga urinishni barbod qildi – OAV

Shu maqsadda zudlik bilan Vashingtonga borgan RFPI rahbari Kirill Dmitriyev quruq qo‘l bilan qaytgani aytilmoqda.

Kirill Dmitriyev/Foto: RIA Novosti

Donald Tramp ma’muriyati bilan munosabatlarni saqlab qolish uchun zudlik bilan Vashingtonga borgan Rossiya bevosita investitsiyalar fondi (RFPI) rahbari Kirill Dmitriyev Moskvaga quruq qo‘l bilan qaytganga o‘xshaydi, deb yozdi The Moscow Times.

Dmitriyevning tashrifi Tramp Putin bilan Budapesht sammitini bekor qilib, «Rosneft» va «Lukoyl»ga qarshi sanksiyalarni joriy qilganidan biroz o‘tib amalga oshirildi. Ammo uning yakunlari bo‘yicha sezilarli o‘zgarishlar haqida Rossiya tomoni ham, AQSh tomoni ham xabar bermadi.

«Men vaqtni behuda sarflamoqchi emasman», dedi Tramp Putin bilan uchrashuv istiqbollari haqida.

The Telegraph nashriga ko‘ra, Dmitriyev tashrifi chog‘ida qaror qabul qiluvchi amaldorlardan hech biri Vashingtonda bo‘lmagan: Trampning o‘zi, davlat kotibi Marko Rubio va moliya vaziri Skott Bessent Osiyo mamlakatlari bo‘ylab safarga jo‘nab ketgan edi.

Dmitriyev bilan omma oldida uchrashishga rozi bo‘lgan yagona shaxs rossiyaparast kongressmen Anna Paulina Luna bo‘ldi. Dmitriyev unga Putinning iqtiboslari yozilgan shokoladni sovg‘a qildi. Shuningdek, u Stiven Uitkoff bilan uchrashishni rejalashtirgan edi, ammo suhbat bo‘lgan-bo‘lmagani noma’lum.

Dmitriyev CNN va Fox News telekanaliga intervyu berib, sanksiyalarga qaramay, Rossiya iqtisodiyoti mustahkamlanayotgani, Rossiya armiyasi hech qachon fuqarolik obektlariga zarba bermasligiga ishontirdi. Shuningdek, u AQSh rasmiylariga «Burevestnik» haqida ma’lumot berganini aytdi.

«Dmitriyev vaziyatni qutqarish va amerikaliklar bilan to‘satdan keskinlashgan ziddiyatlarni hal qilish uchun shoshilinch missiya bilan AQShga bordi, biroq ularga sovg‘a sifatida Putinning do‘stona bo‘lmagan iqtiboslari yozilgan shokoladlarni yetkazdi. Rossiya elchisi yana bir sanksiyalar paketini «so‘rashga» qaror qilganga o‘xshaydi», dedi siyosatshunos Abbos Gallyamov.

Avvalroq Dmitriyev Trampga Arktikani birgalikda o‘zlashtirishdan tortib, nodir metallarni qazib olishgacha bo‘lgan yirik iqtisodiy loyihalarni taklif qilgandi. Oxirgi tashrifidan oldin u Alyaska va Chukotkani bog‘lash uchun Bering bo‘g‘ozi ostidan tunnel qazish g‘oyasini ilgari surdi.

«Rossiyada hech qanday haqiqiy iqtisodiy ko‘zir qolmadi. Faqat eski, eskirgan argument - yadro quroli bilan tahdid qolmoqda», dedi Rossiyaning Jyenevadagi BMT missiyasining sobiq xodimi, Ukrainaga bostirib kirganidan ko‘p o‘tmay Tashqi ishlar vazirligidan iste’foga chiqqan Boris Bondarev.

Mavzuga oid