Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Putin yangi raketalarni sinovdan o‘tkazish o‘rniga urushni tugatishi kerakligini aytdi
AQSh prezidenti Donald Tramp rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga «Burevestnik» raketasini sinash bilan emas, Ukrainadagi urushni tugatish bilan shug‘ullanishni maslahat bermoqda.
Foto: Evelyn Hockstein / Reuters
AQSh prezidenti Rossiya yetakchisining yadroviy qurilma o‘rnatilgan «Burevestnik» qanotli raketasi sinovi haqidagi bayonotini tanqid qildi. Bu haqda u Osiyoga tashrifi chog‘ida Air Force One samolyoti bortida jurnalistlarga ma’lum qildi.
26 oktyabr kuni Vladimir Putin Rossiya yadroviy dvigatelga ega «Burevestnik«» qanotli raketasini sinovdan o‘tkazganini ma’lum qilgandi. Rossiya Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimovning ma’lumotiga ko‘ra, 21 oktyabrda bo‘lib o‘tgan sinov parvozi dastur tarixidagi eng uzoq davom etgani bo‘lib, raketa havoda 15 soat bo‘lgan va taxminan 14 ming kilometr masofani bosib o‘tgan.
Ushbu raketaning yaratilishi haqida Putin ilk bor 2018 yilda gapirgan, uning so‘nggi «muvaffaqiyatli sinovi» (yana Putinning so‘zlariga ko‘ra) ikki yil oldin – 2023 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgandi. Putinning Bosh shtabdagi yig‘ilishda harbiy kiyimda qilgan bu safargi bayonoti xorijiy ommaviy axborot vositalarida G‘arbga, ayniqsa, Donald Trampga signal deb atalmoqda.
AQSh prezidenti bu bayonotga 27 oktyabr tongida javob berib, AQSh Rossiya sohillari yaqinida «dunyodagi eng yaxshi» atom suvosti kemasini joylashtirganini eslatdi. «Ular biz bilan o‘yin o‘ynashmaydi, biz ham ular bilan o‘ynamaymiz. Biz doimiy ravishda raketa sinovlarini o‘tkazamiz, ammo aytganimdek, bizda yadroviy suvosti kemasi bor. <...> Men Putin aytgan gaplarni o‘rinli deb hisoblamayman. U bir haftada tugashi kerak bo‘lgan, lekin to‘rt yildan beri davom etayotgan urushni tugatishi kerak edi. U shu ish bilan shug‘ullanishi kerak, raketa sinovlari bilan emas», – dedi Tramp.
Reuters agentligi qayd etishicha, Putinning murojaati Rossiya AQShning global harbiy raqibi bo‘lib qolayotgani to‘g‘risida – ayniqsa yadroviy qurol sohasida. Ba’zi tadqiqotchilar fikricha, «Burevestnik» haqidagi bayonotni Ukrainadagi voqealar kontekstida emas, balki Moskvaning Rossiya va AQSh o‘rtasidagi qurol nazorati bo‘yicha so‘nggi qolgan shartnoma – SNV (Rossiya va AQSh o‘rtasidagi strategik hujum qurollarini yanada qisqartirish va cheklash bo‘yicha choralar to‘g‘risidagi bitim) shartnomasini uzaytirish taklifi bilan bog‘liq holda ko‘rib chiqish kerak.
Rossiya prezidentining maxsus vakili, Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev ham AQSh ushbu signalni olishi uchun qayg‘urdi, u ikki kun oldin Vashingtonga Tramp jamoasi bilan muzokaralar o‘tkazish uchun borgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalarga qaramay Rossiya iqtisodiyoti «yaxshi holatda» va u allaqachon amerikaliklarga Putinning bosh shtab a’zolari bilan uchrashuvi hamda «Burevestnik» sinovlari haqidagi ma’lumotlarni «yetkazishga ulgurgan».
Dmitriyevning bayonotlariga Tramp ma’muriyatida hech qanday izoh berilmagan va u bilan uchrashuvlar natijalari haqida xabar qilinmagan, AQSh moliya vaziri Skott Bessent esa Putinning maxsus vakilini «Rossiya propagandachisi» deb atagan. CBS News boshlovchisi Margaret Brennan Bessentdan Amerika sanksiyalari Dmitriyev aytganidek, Rossiya iqtisodiyotiga ta’sir qilmaydimi, deb so‘radi. «Margaret, siz rostdan ham rossiyalik propagandachi aytgan gaplarni tarqatmoqchimisiz? U yana nima ham deya olardi?» – deb javob berdi Bessent.
Kremldagilar jurnalistlarning «Burevestnik» sinovlari haqidagi savollariga javob berarkan, Rossiya «militaristik kayfiyat» fonida o‘z xavfsizligini ta’minlash bilan izchil shug‘ullanayotgani ma’lum qilindi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, «Burevestnik» raketasi sinovlarida «Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni keskinlashtiradigan va keskinlashtirishi kerak bo‘lgan hech narsa yo‘q», ayniqsa «bu munosabatlar minimal darajada» bo‘lgani inobatga olinsa.
Mavzuga oid
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
22:15 / 04.12.2025
BRICS yagona valutasini joriy etishga shoshilishdan ma’no yo‘q – Putin
15:45 / 04.12.2025
Neft, qurol va geosiyosat. Putin nega Hindistonga davlat tashrifi bilan kelmoqda?
08:52 / 04.12.2025