Jahon | 23:23 / 30.10.2025
2335
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh yadroviy sinovlari Trampning Nobel mukofoti uchun imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarishi mumkin

Ekspertlarning fikricha, Oq uy rahbarining yadroviy tashabbusi uning tinchlikparvar imijini buzmoqda.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan yadroviy sinovlar uning tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olishga bo‘lgan urinishlariga putur yetkazadi, shuningdek, keraksiz eskalatsiyaga olib keladi, deb yozdi The Washington Post.

Nashrning qayd etishicha, Trampning Pentagonga Rossiya va Xitoy bilan «teng shartlarda» yadro quroli sinovlarini boshlash topshirig‘i xitoylik hamkasbi Si Jinping bilan muhim savdo uchrashuvi oldidan AQSh harbiy qudratini namoyish etishga urinish bo‘lgan. Bundan tashqari, bu bayonot Qo‘shma Shtatlarning ko‘p yillik yadro siyosatining o‘zgarishi haqida signal berdi, bu esa Rossiya va Xitoy bilan munosabatlarda uzoq muddatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, bunday keskinlashuv Trampning tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olishga urinishlariga putur yetkazishi mumkinligi aytilmoqda.

Qurol-yarog‘ nazorati bo‘yicha ekspertlarning fikricha, Trampning yadroviy sinovlar boshlanishi haqidagi bayonoti ortiqcha va keskinlashuvni keltirib chiqarishi mumkin.

«Qo‘shma Shtatlar yadroviy portlash sinovlarini qayta boshlash uchun hech qanday texnik, harbiy yoki siyosiy sabablarga ega emas», dedi Qurol-yarog‘ nazorati assotsiatsiyasi ijrochi direktori Deril Kimball.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Milliy yadroviy xavfsizlik boshqarmasi sinovlarni darhol qayta boshlash imkoniyatiga ega emas va buning uchun unga kamida 36 oy kerak bo‘ladi. Aytishlaricha, agentlik xodimlarining aksariyati «shatdaun» tufayli haq to‘lanmaydigan ta’tilga chiqarilgan.

Karnegi xalqaro tinchlik jamg‘armasi katta ilmiy xodimi Tun Chjaoning fikricha, Trampning bayonoti Pekinni yadroviy tadqiqotlarni tezlashtirishga undashi mumkin.

«Agar Qo‘shma Shtatlar haqiqatan ham yadroviy qurollarni yetkazib berish bo‘yicha shunga o‘xshash texnologiyalarni ishlab chiqishni boshlasa, Pekin ham bundan o‘rnak olishi ehtimoli katta», dedi u.

30 oktabr kuni Tramp yadro quroli sinovlari zudlik bilan boshlanishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pentagonga boshqa yadroviy kuchlar bilan «teng asosda» Amerika yadroviy arsenalini sinovdan o‘tkazishni buyurgan.

Keyinroq Kreml bu bayonotga munosabat bildirdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aniqlik kiritishicha, Rossiyaning «Burevestnik» va «Poseydon» qanotli raketalari sinovlari yadroviy portlashlarni o‘z ichiga olmagan va yadroviy sinovlar taqiqini buzmagan. Uning umid qilishicha, bu ma’lumot «prezident Trampga to‘g‘ri yetkazilgan».

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid