Sport | 19:50 / 31.10.2025
5099
32 daqiqa o‘qiladi

«Yoqimli og‘riq». Aleksis Makallisterning ta’sirli hikoyasi

Foto: Liverpool FC via Getty Images

Bugungi «Liverpul»ning yuzlaridan biri, Argentina milliy jamoasi yarimhimoyachisi Aleksis Makallister mashhur ThePlayersTribune portaliga o‘z hayot hikoyasini aytib berdi. «Brayton»dagi qiyinchilik davri, Argentina bilan jahon chempionligi, «Liverpul»dagi jamoadoshlari, Yurgen Klopp bilan suhbat va yana bir qator qiziqarli voqealardan iborat hikoyani e’tiboringizga havola qilamiz.

 Men onamni qattiq quchoqlashim kerak. U bo‘lmaganda, buning hech biri bo‘lmasdi. Men APL chempioni bo‘lmasdim, jahon chempionligini ham ko‘rmasdim, balki, ismimni ham bilmas edingiz.

2020 yil dekabrida men Braytondagi kvartirada yolg‘iz o‘tirgan vaqtimda onam Buenos-Ayresda edi. FaceTime orqali gaplashyotganimizda yig‘laganim esimda, o‘zimni yo‘qotib qo‘ygandim.

– Oyi, tamom, – dedim. – Qaytib ketaman, bu yerda ortiq qola olmayman.

O‘sha paytda men deyarli o‘ynamayotgandim. Aslida menda Premiyer liga jamoasining 10-raqami bor edi: o‘sha Argentinadagi minglab bolalarning orzusi. Lekin ular orasida men hech kim edim, mening nomim hech narsa anglatmasdi. O‘zimni la’natlanganday his qilardim.

2020 yil boshida Boka Xuniorsdan Angliyaga keldim. Birinchi o‘yinda zaxiradan maydonga tushdim. Ammo, sal keyinroq kovid sababli hammasi barbod bo‘ldi. Hammayoq yopildi, na futbol bor edi va na do‘stlar. Eng yomoni esa men tilini bilmaydigan mamlakatda yashayotganim edi, shu sababdan ham  Zoom orqali ingliz tilini o‘rganishni boshladim.

Bu paytlarda hayotim juda zerikarli va tushkun kayfiyatda o‘tganini aytishim kerak. Biz futbolchilar tezda katta bo‘lib qolamiz, deyishadi. Lekin aslida esa katta bo‘lishimizga yetarlicha narsalarni bilmaymiz. Men har kuni onamga qo‘ng‘iroq qilib, gaz plitasini qayerdan yoqishni, kir yuvish mashinkasiga qancha sovun solishni so‘rardim. Yolg‘iz bo‘lish, o‘yinsiz qolish insonni anchagina gangitib qo‘yadi. Buni hech kimga aytmaganman, lekin men Rodjyestvoda bu yerdan ketishga tayyor edim, yuklarimni tayyorlab qo‘ygandim. Ikkita taklif bor edi – biri Rossiyadan, ikkinchisi Ispaniyadan. Shunchaki ketaman deb qaror qilgandim.

Onamga yana qo‘ng‘iroq qildim, yig‘lab turib toqatim toq bo‘lganini va uyga qaytmoqchi ekanimni aytdim. Lekin onalar... Ular har doim nima deyishni va qilishni yaxshi bilishadi, shunday emasmi? Sen necha yoshda bo‘lishingga qaramay, ular bilan gaplashganingda, xuddi boladek qabul qilinasan. U menga yoshligimdagi o‘sha baxtli damlarni eslatdi, o‘sha aka-ukalarim bilan hovlida o‘ynaganlarimizni.

Bilasizmi, u paytlarda yozning boshida maysalar xuddi mashinkada olingandek silliq va yam-yashil bo‘lardi, ammo yoz oxirlariga yetib borgani sayin biz bir-birimiz bilan go‘yo urush qilib o‘ynaganimizdan loy va changli joyga aylanib ketardi. Uch bola, har doim bir-biriga qarshi urushib kelganmiz.

Bir aka – oyog‘i yarra bo‘lib kesilgan, ikkinchisi – yuzi tirnalgan, uchinchisining esa – peshonasi qonga belangan.

– Ey, onangga yig‘lab borma, Ale! Bu shunchaki qon, xolos!

Kimdir o‘yin paytida to‘pni juda yomon tepib yuborsa, hammamiz baqirardik:

– Kostakurtaaaa!!! (Bu – Boka muxlislari uchun kichik hazil edi)

Ustozlardan har doim qaysi kasbni egallamoqchi ekanim haqidagi gapni eshitarkanman, javobim faqat bitta edi: «A? Qanday kasb deysizmi? Futbolchi, futbolchi, futbolchi!»

Ko‘pchilik o‘ylaydiki, mening futbolga bo‘lgan muhabbatim otam – «El Kolorado», ya’ni «Qizilbosh»dan kelgan, deb. Axir u «Boka Xuoniros» afsonasi-ku! Lekin rostini aytsam, agar u vodoprovodchi bo‘lganida ham, baribir futbolga ishtiyoqim kuchli bo‘lgan bo‘lardi. U biz – men va aka-ukalarimni ilk bor «La Bombonera»dagi o‘yin tomoshasiga olib borgan paytdanoq futbol men uchun nafasdek bo‘lib qolgandi.

Oxirgi ikki kvartalni piyoda bosib o‘tishimizga taxminan bir soat vaqt ketgan. Har qadamda odamlar to‘xtatib qolishar, kimdir rasmga tushmoqchi bo‘lar, kimdir imzo so‘raydi, yana kimdir shunchaki gaplashishga harakat qiladi. Hammasi o‘sha kuni boshlangan. Ana o‘sha kuni otamning futbolchi sifatida kim ekanini tushuna boshlagandim. Haqiqiy muhabbat, haqiqiy qiziqish – hammasi shu yerdan boshlandi. Bu kar’yeramning boshlang‘ich nuqtasi bo‘lgandi.

Lekin rostini aytsam, o‘sha paytlar juda yovvoyi bola edim. Agar maydonda kimdir xato qilsa, nima qilasiz? Balki so‘kib yuborasiz, to‘g‘rimi? Men ham shunday qilardim. Atigi 6 yosh bo‘lganman, shunchaki atrofda eshitgan gaplarni takrorlardim, tushunyapsizmi?

«Dale, pelotudo! Ahmoq! To‘pni uzatsang-chi!»

Oxiri otamning sabri tugadi shekilli, menga qarab dedi:

– Ale, bo‘ldi. Bas qil. Axir sen katta bo‘lganingda shu yerda o‘ynashni xohlaysan-ku, to‘g‘rimi?

– Ha. Albatta.

U shunda jim turdi-da, so‘ng dedi:

– Bu yerdan pastdagi maydonga qaragan vaqtingda, o‘ynash juda oson ko‘rinadi. Lekin aslida u yerda turib, o‘sha bosim ostida o‘ynash qanday ekanini tasavvur ham qilolmaysan. Shuning uchun, endi futbolchiga hech qachon so‘kinma. Men sendan bunday gapni yana eshitishni xohlamayman.

Dadam agar menga nimadir deydigan bo‘lsa, men har doim quloq solganman. Shuning uchun qo‘llarimni oyog‘im orasiga juftlab, kechirim so‘radim va endi hech qachon futbolchilarga qarata so‘kinmasligimni aytdim (o‘sha vaqtdan boshlab uyimdagi televizor bilan yolg‘iz qolgan paytlarimdan boshqa vaziyatlarda bu ishni takrorlamadim, hahaha).

Dadam men bilan kelishib olishni aytdi, u mendan million yumushni bitta o‘zim qilishimni emas, aksincha faqat birgina ishni tanlab, ana shuni kuchli ishtiyoq bilan qilishim kerakligini tushuntirdi. Xuddi shu kelishuvni akalarim bilan ham bajargandi.

O‘smir paytimizda hammamiz «Argentinos Juniors» klubida o‘ynaganmiz. Har kuni mashg‘ulotga qora «Ford»da 90 daqiqalik yo‘l bosib borardik. Issiq kunlarda konditsionerni yoqsang, hech qachon ishlamasdi. Biz unga «La Cuca» deb nom qo‘ygandik, yani suvarak degani. Agar sen bizni «Audi»da yurgan deb o‘ylasang, demak, otamizni hech qachon tanimagansan. Yo‘q, bizga har doim shukr qilishimiz uchun yetarli narsa bor edi.

Men Braytondan uyga qaytishni juda xohlagan vaqtlarimda, oyim menga yana umid bera boshladi.

– Ale, bu sohaga qanday qilib qiziqqaning esingdami? La Kukani eslaysanmi? Jasoratli bo‘lishing kerak, to‘xtashing emas.

Ispaniyaga yoki Rossiyaga ketganimni tasavvur qilib ko‘rish mumkinmi? Men Angliyadagi shunchaki bir futbol muxlislarining o‘zaro suhbatlarida ba’zida uchrab qoladigan ism bo‘lib qolib ketardim:

– «Brayton» uchun 15 ta o‘yin o‘tkazgan, irlandcha familiyali argentinalik kim edi?

– «Eh, kim edi u? Mak.. biror narsa... U bilan nima bo‘ldi keyin?»

Yo‘q, bu mening taqdirim emas edi. Onam meni bundan qutqardi.

Rojdestvodan keyin «Brayton»da jarohatlar ko‘payib ketdi va men o‘yinlarda qatnashishini boshladim, chunki ularda boshqa chora qolmagandi. Ko‘pchilik Match of the Day’​​ni ko‘rib, «Bu MakAllister kim? U shotlandmi? Yo‘q, u argentinalik ekan? Nima? Qizil sochli bola?!» deb o‘ylagan bo‘lsa kerak.

2022 yil yanvar oyida «Everton»ga qarshi o‘yinda ikkita gol urganimda, go‘yo hamma narsa o‘z joyiga tushgandek bo‘ldi: hammasini tushungan, his qilgan, o‘zimni topgan kunim edi.

Bu holat menga bolaligimda otam aytgan bir hikoyani eslatadi. U «Boka»da o‘ynagan ilk paytlarda juda qiynalgan. O‘yinlari yomon o‘tayotgan, kayfiyati ham yaxshi emasdi. Nima bo‘layotganini o‘zi ham tushuna olmasdi. Omadi kelishi uchun har narsani sinab ko‘rgan, lekin foydasi bo‘lmagan. Bir kuni nima o‘ylashni bilmasdan oxiri o‘ylab topgan narsasi – butsasining tishlarini uzunrog‘iga almashtirish bo‘ladi. Shu kundan boshlab, u yengilmas futbolchiga aylanadi. Uni to‘xtatish uchun «o‘ldirish» kerak bo‘lardi. Hozirgacha u nima u chun aynan o‘sha butsalar uning boshqarayotgan dunyosiga ta’sir qilganini tushuntira olmaydi. Lekin shu bir kichik o‘zgarish uning miyasida hamma narsani o‘zgartirgan.

Jahon chempionatiga 11 oy qolganida, esimda, o‘sha paytda otam menga shunday degandi:

– Ale, agar Premer-ligada asosiy tarkibda o‘ynashda davom etsang, Argentina milliy jamoasiga kirasan.

Men kuldim:

– Dada, siz jinni bo‘lib qolibsiz. Axir u terma jamoa. Ular yaqindagina Amerika Kubogini yutdi. Juda kuchli. Bu umuman imkonsiz narsa-ku.

Dadam statistika va analitikaga juda qiziqardi, nimadir degandek bo‘ldi-yu keyin menga skrinshotlarni tashlashni boshladi: «Qara, bu futbolchi jamoasining faqat 51 foiz o‘yinlarida qatnashgan ekan, senda esa bu ko‘rsatkich 73 foiz».

Keyingi mavsumda, Jahon chempionatiga bir necha oy qolganida, jamoamizga de Dzerbi murabbiy bo‘lib keldi. Shu paytdan boshlab men uchun hamma narsa o‘zgardi. U menga eng katta ta’sir qilgan jihat – menga maydonni ko‘rishni o‘rgatgani bo‘ldi. Ya’ni, vaziyatni to‘g‘ri baholash, har ikki soniyada go‘yo shaxmat taxtasiga nazar tashlab, vaziyatni ko‘zdan kechirib chiqishni.

Biz buning uchun Edegorni namuna sifatida oldik. Menimcha, u bu borada dunyodagi eng yaxshilardan biri. O‘ylashdan bir zum ham to‘xtamaydi – doim harakatda. De Dzerbi menga shu qobiliyatni berdi va o‘yinim butunlay boshqa darajaga chiqdi.

Har hafta o‘ynab, murabbiyning ishonchini his qilganim sayin, Jahon chempionati endi unchalik uzoq bo‘lib tuyulmasdi. Esimdan chiqmaydi, biz «Vulverhempton»ga qarshi safar o‘yiniga borgandik. Men mehmonxonada o‘tirgan vaqtimda o‘sha orzumdagi qo‘ng‘iroq keldi. Otam haq bo‘lib chiqdi.

Men rostdan ham terma jamoa ro‘yxatiga kirgan ekanman. Men Qatarga ketyapman!

Darhol otam va onamga videoqo‘ng‘iroq qildim. Hammamiz yig‘ladik, hammasini his qildik. Ikki yil avval «Brayton»da zaxiradan ham chiqa olmaganim esimda. Endi esa Argentina bilan Jahon chempionatiga ketyapman. Tarix yaratish uchun!

... va birinchi o‘yinda, ha, biz rostdan ham tarix yaratdik. Lekin... boshqacharoq tarix. Saudiya Arabistonini hurmat qilaman, lekin ular juda yuqori chiziqda himoyalanishardi. O‘yin oldidan ularning videotasvirlarini ko‘rib, oramizdagi hammamiz bir fikrda edik: «Agar ular 90 daqiqa mobaynida mukammal o‘ynay olishmasa, biz 15 ta gol urishimiz mumkin».

Afsuski, ular mukammal o‘ynashdi. Biz 2 yoki 3 ta gol urdik, lekin VAR hammasini offsayd deb hisobladi. Men zaxira o‘rindig‘ida o‘z soatimni kutib o‘tirardim. Bir payt murabbiy men tomon yuzlandi.

Saudiya Arabistoni futbolchilari 90 daqiqa davomida qiynalishdi. Endi navbat bizga kelgandi, mediada bizni hamma sindirish bilan ovora bo‘layotgan vaqt. Barchamiz bosimni his qilayotganimizni tushunib turardim, lekin shukrki, bizda ularga javob berish uchun Leo bor edi. U muxlislarga uyga borish va bizga ishonishda davom etish kerakligini ta’kidladi, zero biz mamlakatni yerga urishlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Oddiy so‘zlar, lekin bularni Leo aytadigan bo‘lsa, hamma ishonadi.

Yaxshi hamki, biz, argentinaliklar chidamlimiz, bu bizning DNKimizda bor. Futbolda 90 daqiqa bekorga berilmagan. Agar sen 80 daqiqa ideal o‘ynasang-u, oxirgi o‘n daqiqadagi qiyinchiliklarga chiday olmasang – hech qachon chempion bo‘lolmaysan. Menimcha, millat sifatida bizning sirimiz shu. Balki biz bu dramalar, jinniliklarni hatto biroz yoqtiramiz ham, to‘g‘rimi?

Eslasangiz, Niderlandiyaga qarshi chorakfinal o‘yini jangga aylanib ketgandi. Argentinaliklar uchun – bunday vaziyatlar odatiy hol. Biz bunday vaqtda o‘zimizni suvga tushgan baliqdek his qilamiz.

O‘sha vaziyat chempionatning qolgan qismi uchun ruhiy kayfiyatni belgilab berdi. Biz hech kimdan qo‘rqmasdik. Vaholanki, bolaligimdan buyon men har bir o‘yin oldidan qattiq hayajonlanardim. Hatto sakkiz yoshimda ham o‘yin oldidan qornim ovoz chiqarar, yuragim duk-duk urardi. Lekin bu safar, Jahon chempionati davomida zarracha ham hayajon bo‘lmadi. Fransiyaga qarshi final arafasida ham.

Finaldan oldingi kechada men o‘n soat mazza qilib, tinch uxlabman. O‘yinning ko‘p qismini hozir negadir yaxshi eslolmayman. Lekin bir kartina har doim ko‘z oldimda gavdalanadi – bu to‘pni Anxel Di Mariyaga uzatganim on. Shundan keyin hisob 2:0 ko‘rinishiga kelgandi.

Di Mariya. El Fideo – laqabi makaron ma’nosini beradiU juda o‘zgacha inson.  Anxel o‘z faoliyati davomida shunchalik ko‘p tanqid va haqoratlarga uchraganki… Hech kim uni o‘zi arziydigan darajada qadrlamaydi. Anxel gol urganda yugurib borib birga nishonladim va uning yig‘layotganini ko‘rdim.

Tasavvur qiling, siz Jahon chempionati finalida gol urdingiz va bu shunchaki shodlik emas, balki nafas olishday his. Men faqat tasavvur qila olardim, o‘sha paytda uning xayolidan qanday og‘ir yillar, qanday alamli kunlar o‘tganini.

Ko‘p mamlakatlar futbolni sevadi. Lekin Argentina uchun futbol – shunchaki sport emas. Bu ruhiy ahamiyatga ega narsa hisoblanadi. Bazan bu bizga haddan tashqari muhimdir deb o‘ylayman, sababi bu ham xuddi bizga xosdek tuyuladi.

Anxelning yuzi, o‘sha goldan keyingi yuzi – butun mamlakat yuzi edi. Unda shuncha alam, shuncha quvonch, shuncha yig‘i va yana shuncha sabr bor edi.

... va albatta, qo‘shimcha vaqtda – Dibu Martines barchamizni qutqardi. U faqat bir jamoani emas – butun mamlakatni saqlab qoldi.Nachalo formyKonets formy

122:40. Men allaqachon almashtirilgandim. Hisob 3–3, barcha penaltilar seriyasini kutayotgandi. Zaxira o‘rindig‘ida hamma jim. Hech kim og‘iz ochmasdi, aslida butun stadion shunday jim bo‘lib qolgandi. Juda g‘alati vaziyat. Shu payt, go‘yo dunyo to‘xtab qoldi.

Esimda qolgani – Dibuning qarshisidagi ko‘k forma kiygan o‘yinchi. To‘p uning oyog‘i ostida, hech kim to‘sib turmagan edi. Hayotimda o‘zimni hech qachon bunchalik ojiz his qilmaganman. Hammasi, tamom. Endi buni tuzatishning iloji yo‘q, ortga qaytolmaymiz, biz chemionlikni boy berib bo‘ldik, deb o‘ylardim. Lekin... Argentinada darvozabonlar haqida nima ham deymiz, bilasizmi? «Darvozabon bo‘lish uchun yo jinni bo‘lish kerak, yo ahmoq». Yaxshiyamki, bizda El Dibu bor – hammasidan ham jinniroq.

Men doim aytaman: u futbolni go‘yo bolalik paytidagidek o‘ynaydi. U faqat shu lahzalarda yashaydi, hozirni his qiladi va shunga yarasha ish qiladi. U faqat bolalarning xayoliga keladigan harakatlarni amalga oshiradi. Men o‘sha seyvni faqat bitta yo‘l bilan tasvirlab bera olaman: go‘yo bolaligingda katta krovatda sakrab, o‘zingni Buffon, Kasiliyas yoki El Pato Abbondansiyeri deb tasavvur qilganingdek.

Nima demoqchiman? Faqat biz, aka-ukalar, shunday qilganmiz deb o‘ylaysanmi? Axir argentinalik har bir bolakay mana shunday ulg‘aygan, ishonaver.

Onamiz do‘konga chiqib ketganida, biz zo‘r mo‘ljalni bilardik – uning xonasidagi eng katta krovat. U biz uchun bir soatlik stadion bo‘lardi. Birimiz to‘p tashlardik, boshqamiz matras ustida sakrab, o‘zini El Pato deb tasavvur qilib, fantastik seyvlar qilardi. Qo‘l-oyoqlarni yulduzcha shaklda ochib, havoga sakrash. Imkonsiz narsani uddalash...

El Pato!!! Voy, Xudo-yo!!! Qanday to‘xtatdi buni?

El Dibu o‘sha chap oyog‘ini go‘yo katta krovatda sakrayotgan bola kabi, uzatib yubordi va mana shu harakat bilan qirq besh million insonning duolariga javob berdi. Esimda, men zaxiradagi yigitlarga qaradim va hammasi shokda ekanini tamosha qildim. Hech kim gapirmasdi. Hatto kiprik ham qoqmasdi. Menimcha, o‘sha paytda reaksiya bildirgan yagona inson o‘zim edim.

Bu to‘pni qaytaribdiku!!!

Hammasi men tomon qaradi. Yuzlarida hali ham shokdan qolgan izlar ketmagandi. Shundan keyin hamma narsa xuddi tushdek o‘tib ketdi. Penaltilar seriyasi paytida men umuman boshqa dunyoda edim.

Gonsalo hal qiluvchi zarbani aniq yo‘llab, biz chempion bo‘lgan vaqtimizda qanday nishonlashni ham bilmasdim. Hamma Dibu va Leo tomon yugurdi, bag‘riga bosdi, bir-biriga baqirib, quvonardi. Men esa… o‘sha yerda yolg‘iz turibman. Qotib qolganman. Qayerga qarashni, qayerga yurishni bilmayman.

Ortimga burildim – oila a’zolarim o‘sha yerda, zaxiramiz ortidagi sektorda o‘tirishgandi. Men ularga shunchaki qo‘limni silkitib salom yo‘lladim. Go‘yo birinchi o‘yinini o‘tkazgan kichik boladek.

Salom, oyi. Salom, dada. Yaxshi o‘ynadimmi?

Ular ko‘zlarida yosh bilan menga qaytarib qo‘l silkishdi. Shundan keyin maydonga qaytmoqchi bo‘ldim va beixtiyor hakamlardan biriga urilib ketdim. Nima deyishni bilmadim. Shuning uchun, oddiy o‘yin tugagandek, muloyim salom berdim:

– Salom. Zo‘r o‘yin bo‘ldi, a? Yaxshi hakamlik. Rahmat, janob.

O‘sha paytda faqat bitta fikr xayolimda aylanardi: «Yo‘q, bu imkonsiz. Ikki yil oldin men hech kim edim. Bu bo‘lishi mumkin emas… Mumkin emas…»

Yodimda, ota-onam nihoyat maydonga tushib, men bilan bayram qilgandi. Aytgancha, aynan o‘sha vaqtda ilk bor otam yig‘layotganini ko‘rgandim.

Keyingi eng yodda qolarlisi esa vatanga qaytganda bo‘ldi. Boshimizda titul bor. O‘z yurtimizga, Buenos-Ayresga qo‘nishimiz bilan 5 million odam yig‘ilgan. Menimcha, bu – hayotimdagi eng katta xotira. Hech qaysini shunchalik kuchli his qilmaganman. O‘sha paytgacha biz nimaga erishganimizni o‘zimiz ham to‘liq anglamagandik, to‘g‘risi. Minglab odamlar avtobusimiz ortidan yugurardi. Ko‘zlarida yosh bilan:

«Rahmat. Rahmat. Rahmat. 36 yil kutdik, o‘g‘lim», derdi qariyalar.

Bu faqat futbol haqida emas edi. Men siyosatga aralashishni yoqtirmayman, lekin bilib turgandim – iqtisodiy ahvol og‘ir bo‘lgan, odamlar kun kechirish uchun juda qiynalardi. «O‘sha bir oy mobaynida butun mamlakat to‘xtagandi. Biz har zarba bilan birga azob chekib, har gol bilan birga orzu qildik», – deganlarini ko‘p eshitdim.

Balki shuning uchun ham men boshqa hech qachon hayajonlanmadim. Faqat bitta narsani aniq bilaman – o‘sha avtobus ortidan, quyosh ostida yugurayotgan odamlar manzarasi mening xotiramdan osonlikcha o‘chmaydi. Men qarib qolgan vaqtimda, nabiralarimga shunday deyayotganimni tasavvur qilaman:

– Sizlarga o‘sha kun, butun mamlakat bayram qilgan kunimiz haqida?

– Ha, bobo, gapirgansiz...

Oradan faqat bir necha kun o‘tdi va men yana Braytondaman. Yanvarning o‘rtasi. Angliya. Sovuq, yana shivir-shivir yomg‘ir ham yog‘ib turardi. Hammasi juda, juda g‘alati tuyulardi. Real hayotdagidek emas.

Mashg‘ulotlardan so‘ng Adam Lallana oldimga kelib shunday dedi:

«Avvalgi o‘yinlarda Messi senga to‘pni shunchaki uzatayotgandek edi. Lekin yarimfinal va finalga kelib, u go‘yo seni qidiryapti, faqat senga qarayapti. Oralaringda qandaydir bog‘liqlik bordek tuyuldi».

Bu gapning qanchalik rostligini bilmayman. Lekin nomimni Messi bilan bir qatorda tilga olishganini eshitishning o‘zi katta sharaf.

Shu vaqtlari hali hayotim o‘zgarish arafasida ekanini bilmasdim. O‘sha mavsum oxirida Yurgen Klopp men bilan uchrashish uchun keldi. Shokka tushdim. Men jahon chempionligini yutganman, lekin hali-hanuz qandaydir superyulduz emasdim. U meni qahva ichishga taklif qildi va shunday dedi:

– Men seni Liverpulga olib ketishni juda-juda xohlayapman. Chunki senda men Ilkay Gundo‘g‘anda ko‘rgan narsalarni ko‘ryapman. Men u bilan Dortmundda ishlaganman, uni dunyoning eng yaxshi ‘boks-tu-boks’ yarimhimoyachisiga aylantirgandim.

Qizig‘i shundaki, bolaligimda ham otam doim stadiondan baqirib turgan:

– Ale, to‘g‘ri maydonga! Oldinga! Oldinga bor!

Har safar jamoamizning hujumi boshlansa, shu.

Endi o‘ylab ko‘rsam, otam menda Yurgen Klopp ko‘rgan narsani avvalroq ko‘rgan bo‘lsa kerak.

O‘sha kun, men Yurgen Klopp bilan gaplashgan kun hammasini hal qildi. U aytgan gaplar emas, balki uning samimiyati meni ishontirdi. Aynan o‘sha suhbatdan boshlab o‘rtamizda ajoyib munosabat boshlandi. Albatta, har narsa vaqt talab qiladi. Men jamoaga kelganimda klub yarimhimoya chizig‘i butunlay yangilangandi. Oldingi yarimhimoyachilar – tarixga kirgan, hamma sovrinlarni yutib bo‘lgan bir avlod edi. Men, Dom, Rayan va Endo kelganimizda, o‘z uslubimizda o‘ynash uchun vaqt kerak bo‘ldi. Chunki avvalgi yarimhimoya o‘ta dinamik, ventikal futbol o‘ynardi. Biz esa boshqachamiz, biroz bosiqroq, o‘ynashni yoqtiradigan, ko‘proq kombinatsiya qiladigan futbolchilarmiz. Lekin oldingi chiziqda Mo, Lucho va Kodi bor – ular to‘pni ertaroq olishni xohlaydi, shuning uchun bizga o‘sha tempga moslashish uchun vaqt kerak bo‘ldi.

Hech qachon «Luton»ga qarshi o‘yinni unutmayman. 1:1 hisobida durang. Kiyim almashtirish xonasidamiz, yomon o‘ynaganimizni hammamiz sezib turardik. Shunda Yurgen kirib keldi. Aynan o‘sha vaqtda eshitishimiz kerak bo‘lgan gapni aytdi:

– Mening avvalgi yarimhimoyamda shu o‘yinni yutib ketadigan jasorat bor edi.

Menimcha, aynan o‘sha kun biz uchun burilish nuqtasi bo‘ldi, biz endi yanada shiddatli, yanada yovvoyiroq o‘ynay boshladik. Xullas, jasorat bilan o‘ynadik va jamoa sifatida ham o‘zaro juda yaqinlashib ketdik.

Yurgen ketishini e’lon qilgani esa bizni rostan ham ancha hayratda qoldirdi. Avvaliga muhim yig‘ilish bor deb aytishdi. Kiyim almashtirish xonasida Salohning yoniga o‘tirdim va nima bo‘lganini so‘radim, u murabbiy ketayotgani haqida aytdi.

– Qo‘ysangchi, hazillashma.

Men rostan ham buni hazil deb o‘ylagandim. Yurgen futbol bilan nafas oladigan odamlardan biri edi. Uni og‘ir kasal bo‘lgan deb xavotirlandim ham. Keyin u shunchaki qattiq charchagani uchun dam olmoqchiligini aytdi.

Men hozir uni to‘liq tushunib turibman. Bu darajadaga bosim rostan ham o‘ta kuchli. Men Gvardiola APL haqida aytgan gaplariga qo‘shilaman, men uchun bu – eng qiyin chempionat, hatto jahon chempionatidan ham kuchliroq. APL to‘qqiz oy davom etadi. Ruhan, jismonan, emotsional... Bu rostan ham jinoyat! Masalan, Salohga qarang, siz hech qachon u top o‘rinlarda turishi uchun qancha qiyinchiliklarni ko‘rganini tasavvur ham qilolmaysiz.

Mo juda samimiy inson. Men boshida undan oldin mashq qilish zaliga borishga harakat qildim, lekin bu imkonsiz ish edi, u har doim o‘sha yerda bo‘ladi, terlagan holatda. U zalda bir soatdan oldin shug‘ullangandan keyin ham ovqatga chaqirsangiz, hali mashg‘ulotlarni endi boshlayotganini aytadi. Ilk kelganimda u bilan o‘zimcha raqobat qilmoqchi bo‘lganman. To‘g‘ri-da, u 31 yoshda, men atigi 24 yoshdaman, u qilganini men qila olmaymanmi? Taslim bo‘lishim uchun uch marta birga shug‘ullanish yetarli bo‘ldi – oyog‘imni zo‘rg‘a sudrab yotoqqa yetib olar, ertalabgacha uxlardim. Mo men ko‘rgan eng zo‘r professional o‘yinchi – haqiqiy monstr.

Arne jamoaga kelganida katta o‘zgarish bo‘ldi. Uning uslubi biroz boshqacha «rok-n-roll» emas, ko‘proq to‘p nazoratiga asoslangan. Lekin bu juda yaxshi ish berdi. Shunday bo‘lsa-da, maydondan tashqaridagi yordami men uchun ancha muhim hisoblanadi.

Jamoada o‘zimizning kichik Janubiy Amerika guruhimiz bor edi – Lucho, Alison, Darvin. Taffarel ham bor – afsona. U oltmishga yaqinlashgan, ammo undan zavqliroq odam yo‘q. Alison esa har qanday tortishuvlarda sokin, hech qachon xato qilmaydi, ideal oila, ideal soch, hammasi mukammal.

«Bilasanmi, Braytondaligimda nega senga havas qilishadi, tushunmasdim» – deb hazillashaman ba’zida, «seni bu darajada deb o‘ylamasdim. Eng zo‘risan. Yo‘q, sen, Dibu va Kurtua».

Lucho og‘ir-bosiq, hamisha kulib yuradigan bola. Darvin esa to‘laqonli jinni. Darvoqe, guruhimizga Saboslaini ham qo‘shib olganmiz. U umuman ispancha gapira olmaydi, lekin doim oramizga kelib mate ichib o‘tiradi. Tutingan vengr ukamiz.

Afsuski Diogu bizni juda erta tark etdi. Haligacha buni qabul qila olmayapman. U bilan munosabatlarimiz doim yaxshi bo‘lgan, so‘nggi yil ichida yanada yaqinlashgandik. U doim oddiy, oilasiga bag‘rikeng inson edi. Biz hazillashishni yaxshi ko‘rardik, doim biror bahona topilardi. Masalan, Messi va Ronaldu ustida munozara – axir men argentinalik, u esa portugal. Men uni doim tabassum bilan eslashni xohlayman. Ishonamanki, u ham xuddi shunday tabassum bilan bizga yuqoridan qarab turibdi.

Yana ko‘z yosh to‘kiladi, axir endi Lucho ham, Darvin ham, Taffa ham klubda yo‘q. Men ularni sog‘inaman, omad tilayman, axir ular iste’dodli insonlar, qayerda bo‘lishsa ham muvaffaqiyat qozonishlari aniq. Xotiralar esa doim men bilan, ayniqsa so‘nggi mavsum...

«Tottenhem»ga qarshi o‘yinda oxirgi hushtak eshitilganda, men tiz cho‘kkanimda ko‘z yoshlarim toshib chiqdi. Qilichdek bir narsa ko‘kragimga urib ketgandek bo‘ldi. Bu bizda haqiqiy birodarlik bor edi, futbolda juda nodir boylik. Shu yozdagi fojiadan keyin va ota bo‘lishimni bilganimdagi tuyg‘ular — bu barchasi men uchun yanada chuqur ma’noga ega hislar bo‘ldi.

«Oh, bu faqat futbol», deyishimiz mumkinmi endi?

Yo‘q, bu faqat futbol emas. Bu faqat klub ham emas. Bu – bizning oilamiz. Aslida, futbol hayotning o‘zi kabi – juda noaniq. Ba’zida yomon o‘ynaysan va nima uchunligini tushunmaysan. Ba’zida tanqid qilishadi, lekin sababini bilmaysan.

2020 yilda mening ismim hech narsani anglatmasdi. «Brayton»da ham maydonga tushmayotgandim. Onam bilan video orqali yig‘lab, uyga qaytishimni iltimos qilib yurgan vaqtlarim, xolos. Ikki yil o‘tib, jahon chempioni bo‘ldim. Keyin Kopa Amerika g‘olibi. Endi esa APLda zafar quchdim. Hatto «Oltin to‘p»ga nomzodlar orasida ismim yozildi. Shu futbol emasmi? Juda hayratlanarli. Mening hikoyamni tushuntirishning yagona yo‘li – hech qachon taslim bo‘lmaganim.

Buni kelajakda qizimga o‘rgatmoqchiman.

«Ha, dadang ko‘p narsalarga qarshi kurashdi, lekin barchasini yengib o‘tishni bildi. Sen faqat kurashishni davom ettirasan».

Bu buyuk dars.

Bu – haqiqiy argentinalik yo‘li, to‘g‘rimi? Balki, biz oson yo‘lni tanlamasmiz.

Ha, biz g‘olib bo‘lishni istaymiz, lekin oldin mag‘lub bo‘lish, butun alamlarni totib ko‘rish evaziga.

Shu narsa uni go‘zal qiladi.

Aleksis Makallister

ThePlayersTribune uchun

Mavzuga oid