O‘zbekiston | 14:04 / 04.11.2025
2576
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qatar strategik sheriklikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi

Dohada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda prezident Shavkat Mirziyoyev va Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy strategik sheriklikni mustahkamlash, savdo-investitsiya loyihalarini kengaytirish hamda yangi kooperatsiya yo‘nalishlarini ilgari surish borasida kelishib oldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuv avvalida davlat rahbari Qatar amirini Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammiti tadbirlarining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi. Tomonlar turli darajalardagi muloqot va almashinuvlar izchil davom etayotganini qayd etdi. Ma’lum qilinganidek, yil boshidan buyon ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 45 foizga oshgan. Qatarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, parlamentlararo va madaniy-gumanitar hamkorlik rivojlanmoqda.

Muzokaralarda quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi:

  • “yashil” energetika va qayta tiklanuvchi manbalarda qo‘shma loyihalar;
  • transport va logistika, infratuzilmani yangilash va kengaytirish;
  • geologiya va xomashyoni o‘zlashtirish sohasida hamkorlik;
  • to‘qimachilik sanoatida qo‘shma quvvatlar va eksport kooperatsiyasi;
  • turizmda mahsulotlar va yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilish.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Uchrashuv natijalari ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Mavzuga oid