Jahon | 20:24 / 04.11.2025
4147
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migrantlar mamlakatga qayta kirish orqali qonuniylashish mumkin emasligi haqida ogohlantirildi

Bunday shaxslar migratsiya qoidalarini buzuvchilar hisoblanadi va nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritiladi.

Foto: UralInformByuro

Ko‘pincha chet el fuqarolari chiqib ketish va keyin mamlakatga qaytish orqali migratsiya maqomini yangilash va Rossiyada qolish muddatini uzaytirish mumkinligiga ishonadi. Bunday ishonch noto‘g‘ri, deb yozdi TASS Rossiya IIV migratsiya boshqarmasiga tayanib.

Vazirlik qolish muddatini uzaytirish uchun asosga ega bo‘lmagan vizasiz mamlakatlar fuqarolari uchun Rossiyada bo‘lishning maksimal muddati kalendar yilida 90 kunni tashkil etishini eslatdi.

Qonunning ushbu normasini buzgan shaxslar Rossiya Ichki ishlar vazirligining nazorat ostidagi shaxslar reyestriga (RKL) kiritilishi kerak, deb ta’kidladi boshqarma.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, migrant Rossiya Ichki ishlar vazirligining nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritilgani to‘g‘risida ushbu ma’lumot vazirlikning rasmiy veb-saytida joylashtirilgan paytdan boshlab xabardor qilingan hisoblanadi.

«Chet el fuqarosi Rossiya Ichki ishlar vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan kundan boshlab u haqidagi ma’lumotlar reyestrga kiritilgani haqida xabardor qilingan hisoblanadi», deyiladi boshqarma xabarida.

Nazorat ostidagi shaxslar reyestri Rossiyada 2025 yil 5 fevralda joriy etilgan. Unga mamlakat hududida bo‘lish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan barcha chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar kiritiladi.

Reyestrga kiritilgan migrantlar bir qator cheklovlarga duch keladi, jumladan, bank kartalaridan foydalanish va transport vositalarini boshqarish, nikoh yoki ajralishni ro‘yxatdan o‘tkazish, bolalarni ta’lim muassasalari va bolalar bog‘chalariga joylashtira olmaslik va boshqalar.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid