Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Nyu-Yorkka moliyalashtirishni qisqartirish bilan tahdid qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp nyu-yorkliklarni shahar meri lavozimiga demokrat Zoxran Mamdaniyni saylashdan qaytardi va mustaqil nomzod Endryu Kuomoga ovoz berishga chaqirdi, aks holda megapolisga ajratiladigan mablag‘larni qisqartirishini aytdi.
Foto: Reuters
AQSh prezidenti Donald Tramp, agar bo‘lib o‘tgan mer saylovida demokrat Zoxran Mamdaniy g‘olib chiqsa, Nyu-Yorkka federal moliyalashtirishni qisqartirish bilan tahdid qildi va bir vaqtning o‘zida o‘z tarafdorlarini mustaqil nomzod Endryu Kuomoga ovoz berishga chaqirdi. «Sizga Endryu Kuomo yoqadimi-yo‘qmi — aslida tanlov yo‘q. Unga ovoz berishingiz kerak», — deb yozgandi Tramp 3 noyabr kuni Truth Social’dagi sahifasida.
Uning ta’kidlashicha, agar u bir necha bor «kommunist» deb atagan Mamdaniy g‘olib chiqsa, Oq uy shaharga qonunda ko‘zda tutilgan minimumdan ortiq federal mablag‘ ajratishi qiyin.
Ovoz berish 4 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Zoxran Mamdaniy ishonchli g‘alaba qozonib, ikki raqibini — respublikachi Kyortis Sliva va mustaqil nomzod sifatida qatnashgan Nyu-York shtatining sobiq gubernatori Endryu Kuomoni ortda qoldirdi.
Mamdaniy Trampning raqibini qo‘llab-quvvatlashini tanqid qildi. «Endryu Kuomoga MAGA (“Amerikani yana buyuk qilamiz”) harakatining qo‘llab-quvvatlovi — Donald Tramp uchun u eng ma’qul mer ekanini anglaganini ko‘rsatadi, — dedi Mamdaniy. — Ular (Tramp va Kuomo) bir xil donorlarga, bir xil tor qarashga va bir xil jazosizlik hissiga ega».
Nyu-Yorkdagi saylovlar butun mamlakat bo‘ylab qiziqish uyg‘otdi, chunki natija Demokratik partiya imijiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. O‘zini ochiqchasiga demokratik sotsialist deb ataydigan 34 yoshli Mamdaniy progressiv elektoratni jalb etdi, biroq mo‘’tadil demokratlarni xavotirga soldi. Uning saylovoldi dasturi shaharning eng badavlat aholisi uchun soliqlarni oshirish va davlat uy-joy qurilishini kengaytirishni o‘z ichiga oladi.
Mamdaniy kutilmaganida Demokratik partiya praymerizida Kuomoni mag‘lub etdi. Endi uzoq yillar Dempartiyada bo‘lgan Kuomo saylovda mustaqil nomzod sifatida ishtirok etmoqda. U 2021 yili Nyu-York shtati gubernatori lavozimidan iste’fo bergan — bunda bosh prokurorlik hisobotida unga o‘n bir ayolga nisbatan jinsiy qaltis munosabat ayblovlari qo‘yilgani muhim omil bo‘lgan.
Nyu-York Hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, megapolis oladigan federal mablag‘lar qariyb 7,4 milliard dollarni tashkil qiladi - bu shahar budjetining 6,4 foizi demakdir. Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddati davomida bir necha bor turli dasturlarni federal moliyalashtirishni to‘xtatish bilan tahdid qilgan edi.
Mavzuga oid
14:35
AQSh «Lukoyl»ga joriy etilgan ayrim sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40