Jahon | 12:11 / 05.11.2025
1055
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina YeIdan yana 1,8 mlrd yevro oladi

YeI kengashining ma’lum qilishicha, Ukraina Ukraine Facility mexanizmi doirasida beshinchi transhni olish uchun zarur shartlarni bajardi. Mablag‘lar mamlakatning makromoliyaviy barqarorligini mustahkamlash va davlat boshqaruvi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Foto: Laurie DIEFFEMBACQ

Yevropa Ittifoqining Ukraine Facility yordam mexanizmi doirasida Ukraina beshinchi transh sifatida 1,8 milliard yevrodan ortiq mablag‘ oladi, deb xabar berdi YeI kengashi 4 noyabr kuni. «Bu summa Ukraina tomonidan beshinchi transhni olish uchun zarur bo‘lgan to‘qqiz qadam muvaffaqiyatli bajarilgani, shuningdek to‘rtinchi transhdan qolgan bitta qadam ham tamomlanganini aks ettiradi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, moliyalashtirish, asosan, «Ukrainaning makromoliyaviy barqarorligini mustahkamlash va uning davlat boshqaruvi ishini qo‘llab-quvvatlash»ga qaratilgan.

Ukraine Facility qo‘llab-quvvatlash mexanizmi 2024–2027 yillarni qamrab oladi va shu davr mobaynida YeI Ukrainaga 50 milliard yevrogacha «barqaror va oldindan taxmin qilinadigan moliyaviy yordam» taqdim etishi mumkin, deya ma’lum qiladi YeK (Yevropa komissiyasi) sayti.

Bundan oldin YeI Ukrainaga 6 mlrd yevro oraliq moliyalash, 1,89 mlrd yevro avans tarzidagi moliyalash, shuningdek 4,2 mlrd, 4,1 mlrd, 3,5 mlrd va 3,2 mlrd yevro miqdorida to‘rt transh ajratgan, deyiladi YeI kengashi bayonotida.

Yevropa komissiyasi ta’kidlashicha, Ukraine Facility bo‘yicha to‘lovlar Ukraina tomonidan aniq qayta tiklash va islohotlar rejasini amalga oshirish, shuningdek demokratiya mexanizmlari, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash bilan chambarchas bog‘langan. Ukrainaga to‘lovlar YeK tomonidan shartlar bajarilishi tekshirilgandan so‘ng har chorakda amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid