Jahon | 11:03 / 06.11.2025
1370
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaga Yevroittifoq mudofaa jamg‘armasiga kirish huquqi beriladi

Yevroparlament va YeI Kengashi Ukrainaga YeI mudofaa jamg‘armasiga kirish imkonini berish masalasida dastlabki kelishuvga erishdi. Bundan tashqari, tashkilotlar fuqarolik maqsadlariga mo‘ljallangan jamg‘armalar mablag‘larini mudofaa loyihalariga yo‘naltirishni ham rejalashtirmoqda.

Foto: Antonin Utz/SIPA

Daniya raisligidagi Yevropa Ittifoqi Kengashi va Yevroparlament vakillari 5 noyabr kuni Ukrainaga Yevropa mudofaa jamg‘armasiga kirish huquqini berish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishgani haqida dpa agentligi xabar qildi.

Jamg‘arma YeIning mudofaa sektorida raqobatbardoshlik va samaradorligini oshirishga qaratilgan. Ushbu maqsadlarga 2021–2027 yillar davri uchun taxminan 9,5 mlrd yevro ajratilgan. Ukrainaga jamg‘armaga kirish huquqi berilishi mahalliy kompaniyalarga YeI tomonidan moliyalashtiriladigan mudofaa sohasidagi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik loyihalarida ishtirok etish imkonini beradi.

Shuningdek, tomonlar ReArm Europe harbiy salohiyatni mustahkamlash rejasi doirasida YeI budjeti hisobidan mudofaa tadqiqotlari va ishlanmalarini, sanoat va infratuzilmaga investitsiyalarni kengroq qo‘llashga kelishib olgani Daniya vakillariga tayangan dpa xabarida qayd etilgan. Ushbu tashabbuslar, avvalo, “Rossiyadan kelayotgan tahdidlar” bilan bog‘lanmoqda. Yevropa maxsus xizmatlari Rossiya, ehtimol, 2030 yildan kechikmay yangi urush boshlash qobiliyatiga ega bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda, deya ma’lum qildi agentlik.

YeI Kengashi matbuot xizmatining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar qilinishicha, Yevroparlament va YeI Kengashi o‘rtasidagi “dastlabki kelishuv” “odatda fuqarolik maqsadlarida qo‘llanadigan mavjud YeI jamg‘armalarini mudofaa ehtiyojlari uchun ham ochib beradi”. Xususan, tomonlar Horizon Europe tadqiqot va innovatsiyalar dasturini ikkiyoqlama maqsadli (dual-use) va mudofaa sektori kompaniyalariga ham kengaytirishga rozi bo‘ldi.

Shu bilan birga, bu kelishuv rasman kuchga kirishi uchun uni Yevroparlament ham, YeI Kengashi ham tasdiqlashi kerak.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid